
Ro‘ziqul Berdiev: Odil Hamrobekovning sotilishini istamagandim
Qarshining “Nasaf” klubi oxirgi paytlarda muammolar girdobiga o‘ralashib qolganini hamma yaxshi biladi. Afsuski, klub to‘la-to‘kis bu qiyinchiliklardan chiqib keta olmayapti. Yangi mavsum boshlanishiga ham oz fursat qolmoqda. Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi jamoa esa o‘z imkoniyati darajasidan kelib chiqqan holda tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Selektsiya borasida ham jamoada katta o‘zgarishlar yo‘q. Klub akademiyasidagi tarbiyalanuvchilariga yanada katta e’tibor qaratilmoqda va yangi mavsumda tarkibning o‘zagini asosan yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda. Lekin hozirgi paytda bosh murabbiyga juda qiyin bo‘lmoqda. Kuni kecha o‘zi bilan klubdagi holat, selektsiya, yangi mavsumga tayyorgarlik, Odil Hamrobekovning sotilishi, o‘zining kelajagi kabi bir qator masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.
- “Nasaf” ham yangi mavsumga tayyorgarligini davom ettirmoqda. Lekin hozircha tarkibda u qadar keskin o‘zgarishlar bo‘lmayapti. Bir so‘z bilan aytganda, jamoangiz kamtarin tarzda tayyorgarlik ko‘rayotgandek...
- Tarkibimizda o‘zgarish bo‘lyapti. Boshqa jamoalar safimizdagi o‘yinchilarni taklif qilishyapti. Bunga esa o‘rganib ham ketdik (kuladi). Jamoamizdan ketgan futbolchilarning o‘rnini o‘rinbosarlar tarkibidagi yoshlar bilan to‘ldirishga harakat qilyapmiz. Masalan, “Mash’al” jamoasidan ikki nafar futbolchini taklif qildik. “Nasaf”ni yangi va yosh o‘yinchilar bilan yana shakllantirishga harakat qilyapmiz. Albatta, yana ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchimiz. Agar bu transferlar o‘xshab qolsa yaxshi bo‘lardi. Albatta, yangi oladigan o‘yinchilarimiz ham mahalliy yigitlar bo‘lishadi.
- Qishki tayyorgarlik rejasi murabbiy sifatida sizni qoniqtiryaptimi yoki ayrim jihatlarda ko‘nglingiz to‘lmayaptimi?
- Oldindan tuzib qo‘ygan rejamizda o‘zgarishlar bo‘ldi. Fevral oyida Turkiyada yig‘in o‘tkazishni mo‘ljallab qo‘ygandik. Lekin bu safarning amalga oshmay qolganiga bir nechta sabab bo‘ldi. Birinchidan olimpiya terma jamoamizning yig‘inini aytishim mumkin. Bir qator futbolchilarimiz u erga yo‘l olishdi. Ba’zi-bir o‘yinchilarni esa jamoamizga kech taklif qildik. Bundan tashqari, yashirib nima qilaman, moliyaviy imkoniyatimiz ham bunga yo‘l qo‘ymadi. Shu bois Qarshida va Toshkentda yig‘inlarimizni davom ettirib kelyapmiz. Ushbu tayyorgarlik bosqichlaridan o‘zimiz uchun kerakli jihatlarni oldik. Masalan, jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratdik. Oxirgi yig‘inimizda esa futbolchilarning o‘yin amaliyotini oshirishga harakat qildik. Toshkentda 10 kun davomida uchta o‘yin o‘tkazdik. Bu orada jismoniy tayyorgalik bo‘yicha normativlarni topshirdik. 25 fevralda Qarshida to‘plandik. Chempionat boshlanishigacha yana bitta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz.
- Hozirgi sharoit va tarkibdan kelib chiqqan holda “Nasaf”ning oldiga aniq maqsad qo‘yildimi?
- Bungacha har doim sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelardik. Oldimizga bunday maqsad qo‘yilmasa ham o‘zimiz shunga harakat qilib kelardik. Albatta, hozirgi kunga kelib endi oldingidek katta imkoniyatlarga ega emasmiz. Tarkibimizda mahoratli o‘yinchilarimiz yo‘q. Legionerlarimiz ham qolmagan. Endi tarkibimizdagi yoshlarning tajribasini oshirib, raqobatbardosh jamoani tashkil qilmoqchimiz. Agar yosh futbolchilarimizning tajribasi oshib borsa, biz yanada kuchayamiz. Bu narsani o‘tgan yilning ikkinchi yarmida ham ko‘rsatdik. O‘ylaymanki, safimizdagi iqtidorli yoshlarimizning mahoratlari o‘sib bormoqda. Umid qilamanki, jamoamiz o‘z yuzini yo‘qotmaydi. Shu bois chempionatda munosib ravishda ishtirok eta olamiz.
- Shuningdek, chempionat tugaganidan keyin siz haqingizdagi xabarlar ham ko‘payib ketgandi. Boshqa klublardan takliflar bo‘layotgani va tez orada “Nasaf”dan ketishingiz haqida eshitgandik. Chindan ham klubdan ketmoqchi edingizmi? Voqealar rivoji qanday tus oldi?
- Albatta, menga aniq takliflar bo‘ldi. Ammo men birortasini ko‘rib chiqqanim ham yo‘q. Shunchaki, o‘zim “Nasaf” bilan ko‘proq ishlashni istadim. Lekin hali ham “Nasaf” bilan shartnomani uzaytirganimiz yo‘q.
- Nima uchun?
- Bu masala bo‘yicha gaplashganmiz. Ammo haligacha rasman shartnomani uzaytirmadik. Bu masala nimaga cho‘zilayotganiga o‘zim ham hayronman. Lekin menga jiddiy takliflar bo‘ldi. Ularga esa shunday javob berdim: qachonki, “Nasaf”dan rasman ketadigan bo‘lsam, shundagina takliflarni ko‘rib chiqaman deb aytgandim. Agar qarshiliklar menga yana ishonch bildirib, ishlash istagini bildirishsa, hech qaerga ketmasdim va shunday ham bo‘ldi.
- Ammo “Nasaf”ning siz bilan yangi shartnoma imzolamayotgani havotirga solmayaptimi?
- (Kuladi) Bu narsa meni havotirga solmaydi. Jamoa bilan ikki oy davomida tayyorgarlik ishlarini olib bordik. Shu vaqt davomida rahbarlar bilan birgalishib rejalarni tuzib chiqdik. O‘ylaymanki, shartnoma masalasi katta muammo emas.
- Sizga AGMK, “So‘g‘diyona” kabi klublardan jiddiy takliflar bo‘lgani haqida eshitgandik. Bu rostmidi?
- Jamoalarning nomlarini aytmoqchi emasman-u, ammo 3-4 ta klublardan yaxshigina chaqiruvlar bor edi.
- Yana bir e’tiborga molik holatlardan biri Odil Hamrobekovning “Paxtakor” 2,5 milliard so‘mga tarnsfer qilingani bo‘ldi. Siz uning klubdan ketishiga qanday munosabatda bo‘ldingiz?
- Avvalo shuni aytishim kerakki, men Odil Hamrobekovning jamoamizdan ketishiga qarshi edim. Negaki, murabbiy sifatida menga ham yaxshi saviyadagi futbolchilar kerak. Shu bois bu o‘yinchining ketishi men uchun yo‘qotish bo‘ldi. Lekin bu klubning siyosati va futbolning bir qismi. Odilning “Nasaf” bilan yana bir yillik shartnomasi bor edi. Ammo u o‘rtadagi bitimni uzaytirishni istamadi. Natijada klub Hamrobekovdan foyda ko‘rish maqsadida uni sotishga qaror qildi. Shunday ekan, “Nasaf” bu transferdan foyda ko‘rdi. Albatta, Odilni ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. U Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynashni xohladi. Shu bois futbolchining ham qarorini hurmat qilishimiz lozim. Shu bois uning qaroriga qarshi chiqmadik. Asosiysi, Odil biz bilan katta o‘sishga erishdi va terma jamoa darajasigacha ko‘tarildi. Umid qilamanki, “Paxtakor”da ham o‘sishdan to‘xtab qolmaydi va yana yangi darajaga ko‘tariladi.
- “Nasaf” rahbariyati Hamrobekovni sotishdan oldin sizning fikrlaringiz bilan qiziqib, maslahatlashdimi?
- Ha, bu masala bo‘yicha maslahatlashdik. Men rahbarlarimizga Odil Hamrobekov bizga kerak ekanligini aytgandim. Ammo bir narsani ham inobatga olish kerakki, uning sotilishi “Nasaf”ning moliyaviy tomondan imkoniyatlarini biroz bo‘lsa-da yaxshilab olishiga imkon berardi. Shu bois hammamiz vaziyatni tushundik va transferni amalga oshirishdi. O‘ylaymanki, bu klub uchun yomon narsa bo‘lmadi. Agarda Odilning shartnomasi tugasa u “Nasaf”dan erkin agent sifatida ketardi. Natijada klub yakunda uning ortidan pul ishlay olmasdi. Agarda bunday darajadagi jiddiy taklif bo‘ladigan bo‘lsa, har qanday klub ham buni o‘ylab ko‘radi. Bu kabi transferlar futbolning bir qismi.
- Odil Hamrobekov orqali ishlab olingan 2,5 milliard ancha salmoqli. Shundan so‘ng “Nasaf” uning o‘rnini bosuvchi bir-ikkita yaxshi transferlarni amalga oshirishini kutgandim. Sir bo‘lmasa, klubning hisob-raqamiga kelib tushgan mablag‘ nimalarga sarflanmoqda?
- Bu bilan mavzudan chiqib ketdik. Nimaga sarflashi bu klubning ichki ishi hisoblanadi. Murabbiy sifatida men bunday ishlarga aralashmayman. Klubning siyosatida Hamrobekovga o‘xshagan iqtidorli yoshlarni yanada o‘stirib, yaxshi pullarga sotish ham foydadan holi bo‘lmaydi. Hamrobekov orqali ishlab topilgan pullarga ikkita legionerni olib kelsak, baribir katta vazifalarni bajara olmaymiz. Agar jiddiy maqsad uchun kurashadigan bo‘lsak, bizga tajribali bo‘lgan ko‘plab o‘yinchilar kerak bo‘ladi. Ikkinchi tomondan esa bu orqali yosh futbolchilarimizga imkoniyat kamroq bo‘lib qoladi.
- Baribir yana yoshlar bilan ishlash orqali o‘zingiz uchun qiyin yo‘lni tanlab olgandek tuyulyapti. Bu vaziyatga qanday qaraysiz?
- Albatta, o‘zim ham qiyinchilik bo‘lishini sezib turibman. O‘zi oxirgi paytlarda faqat mana shunday qiyinchiliklar bilan ishlab kelyapmiz.
- O‘zingiz har tomonlama tayyormisiz?
- Ha, o‘zimni tayyorman deb ayta olaman. Bu ham bir sinov ekanligini bilib turibman. Murabbiy sifatida o‘zimga yarasha printsiplarim bor. Masalan, tayyor o‘yinchilarni olib, ular bilan natijaga erishish ham go‘yoki oson ishdek ko‘rinadi. Lekin murabbiyning haqiqiy kuchi ko‘proq yoshlar bilan ishlab, ularni chinakam futbolchi qilib etishtirib bersagina bilinadi. Men esa har doim aynan shu yo‘ldan yuraman. Qolaversa, klubning siyosati ham yoshlarga e’tibor qaratishga qaratilgan. Biz chempionatda o‘zimizning tarbiyalanuvchilarimiz bilan ishtirok etib, munosib o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. To‘g‘ri, biz uchun juda qiyin bo‘ladi. Lekin biz hammasiga oldindan tayyor bo‘lib borishimiz kerak.
- Baribir klubda hali ham moliyaviy tomondan qiyinchiliklar borligi ko‘rinib turibdi. Demak, hali ham vaziyat o‘zgarmagan, shundaymi?
- Yashirishning hojati yo‘q, hali ham qarzdorliklar bor. Lekin buning uchun rahbarlar vaziyatni o‘zgartirishga har taraflama harakat qilishyapti.
- Superligada talablar o‘zgardi, yangicha qiyofaga kirib bormoqda. Murabbiy sifatida yangi mavsumdan nimani kutyapsiz?
- O‘ylaymanki, bu yil har yilgidan ko‘ra qiziqarliroq kechadi. Umid qilamanki, muxlislarimiz kutgan mavsum bo‘ladi.
- Darvoqe, Aziz G‘anievning holati qanday?
- Engil mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib turibdi. Uni yana Yaponiyaga muolajaga jo‘natyapmiz. U erdan qaytib kelganidan keyin umumiy guruh bilan shug‘ullanishni boshlaydi.
- Qarshilik muxlislarga nima deysiz?
- Ishqibozlarimiz har doim jamoamizga sodiq bo‘lib kelishgan. O‘tgan yili qiyin kechgan mavsumda ham bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ular hech qachon bizni tashlab qo‘yishmaydi. Umid qilamanki, biz o‘z muxlislarimiz bilan birgalikda mavsumni munosib darajada o‘tkazamiz. Balki biz chempion bo‘lmasmiz, ammo muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatamiz. “Nasaf”ning muxlislari faqat Qashqadaryoda emas, balki O‘zbekistonda juda ko‘p.
Fikrlar