Rustam Mirsodiqov: “Surxon”dan taklif bo‘lishini kutmagandim”

  • 15.09.2018 23:11
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol

Termizning “Surxon” jamoasi o‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘yganidan hammaning xabari bor. Pro-liganing “A” guruhida ushbu jamoa etakchilardan biri hisoblanadi. Lekin “Surxon”ning barqarorlikka erishishi qiyin kechayotganini ham aytib o‘tish joiz. Bunga yaqqol misol qilib, murabbiylar almashinuvini aytishimiz mumkin. O‘z oldiga Superligaga yo‘llanma olish vazifasini qo‘ygan jamoada shu kungacha uch marta bosh murabbiy o‘zgartirildi. Bu esa albatta natijalarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Xabaringiz bor, avvaliga Dilshod Nuraliev boshchiligida mavsumga kirishishgandi va keyinchalik esa u ma’lum sabablarga ko‘ra klubdan ketdi va o‘rniga Igor Shkvirin tayinlandi. O‘shanda ko‘pchilik mazkur mutaxassis boshchiligida “Surxon”ning natijalari yanada yaxshilanadi deb o‘ylashgandi. Biroq doim o‘ylagan narsalar amalga oshavermaydi. Igor Anatolevichning ham Termizdagi “hayoti” uzoqqa cho‘zilmadi. U faqat ettita o‘yindagina jamoani boshqardi. Ammo asosiy bahslarda yutqazdi. Masalan, o‘z maydonida “Andijon”ga yirik 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishgani muxlislarni qattiq ranjitdi. Qolaversa, “Sho‘rtan”ga ham mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu o‘yinlardan so‘ng Shkvirin boshchiligidagi termizliklar o‘zlariga kela olishmadi. Natijada Shkvirin ishdan ketdi, uning ketishining ma’nosi sifatida oilaviy sabablarga ko‘ra deb aytildi. Lekin aslida hammasi natijalarga bog‘liq bo‘lganini taxmin qilishimiz qiyin emas.

Igor Anatolevichdan keyin esa bosh murabbiylik lavozimiga Rufat Akramxo‘jaev tayinlandi. O‘tgan yili “NBU-Osiyo”ni boshqargan murabbiy bungacha ham “Surxon”da ishlagan. Ya’ni, Dilshod Nuralievning murabbiylar shtabidan joy olgandi. Endi esa o‘zi mustaqil ravishda ish boshladi. Lekin ungacha jamoaga yana bir tajribali mutaxassis, yurtimizda ko‘zga ko‘ringan, hurmati katta bo‘lgan Rustam Mirsodiqov “Surxon”da ish boshlaganini ham bilsangiz kerak. Uzoq yillar davomida “Metallurg”ni boshqarib kelgan Rustam To‘xtamurodovichning Termizda ish boshlashi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi desak ham bo‘laveradi. Ayni payda u “Surxon”da sport direktori sifatida faoliyat olib boryapti. Ammo jamoaning Superligaga chiqishida ushbu murabbiy ham o‘z bilim va malakasini ishga solishi aniq. Bu borada Akramxo‘jaev bilan samarali faoliyat olib borishi kutilmoqda. Lekin birdaniga natijalarni yaxshilash ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklarni tug‘dirayotganini qayd etish lozim. Shu bois ularga biroz vaqt kerakka o‘xshayapti. Fursatdan foydalangan holda Rustam Mirsodiqov bilan bog‘lanib, “Surxon”da ish boshlashining sabablari bilan qiziqdik.

- “Surxon” jamoasida ish boshlashimning sababi haqida gapiradigan bo‘lsam, menga klub rahbarlari taklif bilan chiqishdi, - deya gap boshladi, Mirsodiqov. - Tan olaman, menga termizliklardan chaqiruv bo‘lishini kutmagandim. Ammo hamkorlik qilish istagini bildirishgani uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Rahbariyat bilan o‘zaro gaplashganimizdan so‘ng “Surxon”da faoliyat olib borishga rozi bo‘ldim. Chunki bu jamoaning maqsadi va rejalari jiddiy ekanligi menga yoqdi.

- Barchaga yaxshi ma’lum bo‘lsa kerak, “Surxon”ning o‘z o‘rni va mavqei bo‘lib kelgan. Endilikda biz birgalashib klubning oldingi mavqeini qaytarishga harakat qilamiz. Buning ustiga klub rahbarlari katta hajmdagi ishlarni amalga oshirishayotganiga ham guvoh bo‘lyapman. Masalan, bu erda futbol maktabi barpo etildi, ajoyib stadion, umuman olganda, futbol uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Buning ustiga Surxondaryoda futbolni juda sevishadi. Bu erdan etishib chiqqan futbolchilarni ham muxlislar yaxshi bilishadi. Aka-uka Do‘rmonovlar, Bozorovlar va yana boshqa ko‘plab o‘yinchilarni aytishim mumkin. Demoqchimanki, bu erda iste’dodlar ko‘p. Biz yangi yosh iqtidorlarni ham kashf qilish ustida ishlaymiz va ularga e’tiborni ham oshiramiz. Muhimi, men yana futbol bilan birgaman.

- “Surxon”ning maqsadi jiddiy ekani haqida yuqorida aytib o‘tdim. Lekin men oldindan biror nima deyishni yoqtirmayman. Yaxshisi, jo‘jani kuzda sanaymiz. Bilasiz-ku, to‘ydan oldin nog‘ora chalishni yoqtirmayman. Ammo qo‘limdan kelganicha “Surxon” jamoasining manfaati uchun yordam berishga harakat qilaman. Shu bois bunday futbolsevar insonlar bilan ishlayotganimdan xursandman, - deya fikrini yakunladi, - Rustam To‘xtamurodovich.

Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!