Saul Alvares yana bir marta Meyvezerni revansh jangga chaqirdi
O‘rta vazn toifasining WBC va WBA (Super) kamarlarining yangi sohibi meksikalik Saul “Kanelo” Alvares (50−1−2, 34 KO) yana bir marta besh vazn toifasining sobiq jahon chempioini amerikalik Floyd Meyvezerni 50−0, 27 KO) revansh jangga chaqirdi.
Bu bokschilar ilk marta 2013 yil sentyabr oyida Las-Vegasda uchrashgan va o‘sha jang Meyvezerning ochkolar bo‘yicha g‘alabasi bilan yakunlangan. Alvares o‘shanda 23 yosh bo‘lib va professional faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilgan.
– Bizning birinchi jangimiz juda zerikarli bo‘lgan. Ikkinchi to‘qnashuv uchun bizdan juda ko‘p ishlash talab etiladi. Revansh jangi etarlicha qiyin bo‘ladi, – deydi Alvares USA TODAY Sports bilan bo‘lgan suhbatda.
“Kanelo” so‘nggi marta 15 sentyabr kuni “T-Mobile” arenasida (Las-Vegas, AQSh) qozog‘istonlik Gennadiy Golovkinga (38−1−1, 34 KO) qarshi ringga chiqqan. Bokschilar bundan bir yil muqaddam o‘sha joyda to‘qnash kelib, durang qayd etgan edi.
12 raund davom etgan ikkinchi to‘qnashuvda Alvares ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozongan va Golovkin faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilish bilan birga o‘rta vaznda WBC, WBA (Super) va IBO chempionlik kamarlaridan mahrum bo‘ldi.
“Kanelo” ringga qaytishi 15 dekabr kuniga rejalashtirilgan. Jang “Madison Square Garden” arenasida (Nyu-York, AQSh) bo‘ladi. Uning raqibi super o‘rta vazn toifasining WBA kamari sohibi britaniyalik Rokki Filding (27−1, 15 KO). Agar Alvares g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, uch vazn toifasida jahon chempioni bo‘ladi.
Fikrlar