Sport inshootlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2018/2019 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tizimdagi barcha sport muassasalariga aniq vazifalar belgilandi.
Mavsumga tayyorgarlik ishlari vazirlik hamda hududiy jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, hokimliklar, tegishli tashkilot va korxonalar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda sport inshootlarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, uning ijrosi doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Xususan, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarii hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sport muassasalari faoliyati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, 2018 yilda qurilib foydalanishga topshiriladigan sport ob’ektlarida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga qamrab olish, ular o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari bilan tanishdi. Joylarda aholi, mahalla faollari, ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning talab va takliflari inobatga olindi.
Vazirlik tizimidagi sport ta’lim muassasalarida issiqlik me’yorida bo‘lishini ta’minlash maqsadida Respublikamizning barcha hududlarida 807,5 metr kvadrat yaroqsiz holga kelib qolgan deraza oynalari almashtirildi, elektr tizimi bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi, 258 metr uzunlikdagi issiqlik tarmog‘i izolyatsiyalandi, 1 941 tonna ko‘mir, 700,7 tonna briket yoqilg‘isi bilan ta’minlandi.
Sport ta’limi muassasalarini 2018-2019 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash bo‘yicha barcha hududiy hokimliklar tomonidan 4,1 mlrd.so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3,2 mlrd. so‘m moliyalashtirilgan.
Respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida sport ta’lim muassasalarida mavjud 1 089 ta isitish qozonlaridan 57 tasining yaroqsizligi va 116 ta isitish qozonlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning kelib chiqish sabablari muhokama qilinib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda tuman (shahar) hokimlari va loyiha tashkilotchilariga qat’iy vazifalar belgilab berildi.





Fikrlar