To‘lqin Qilichev: Boks bo‘yicha jahon chempionatida 10 ta medalni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz

  • 25 iyul, 2017, 11:20
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi va “Uzbek Tigers” jamoasi bosh murabbiyi, Osiyoning eng yaxshi bokschilaridan Isroil Madrimov, Murodjon Axmadaliev, Bahodir Jalolov singari iqtidorli bokschilarimiz ustozi To‘lqin Qilichev SPORTS.uz internet portali mehmoni bo‘ldi.

Tecno

Suhbat asosan murabbiylik faoliyati, muxlislarning qiziqishini inobatga olib bokschilarning muvaffaqiyatga erishishlarida qanday usullardan foydalanishlari, shogirdlari hamda bo‘lajak rejalar haqida bo‘ldi.

– Assalomu alaykum, To‘lqin aka. Murabbiylikka kirib kelishingiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Vaalaykum assalom. Murabbiylik faoliyatimni 2009 yilda Chirchiq Olimpiya zahiralari kollejida boshlaganman. Bir yil oldin esa meni Respublika Olimpiya zahiralari kollejiga katta murabbiy sifatida taklif qilishdi. Yaqinda u erda ham kollejga yosh iste’dodlarni saralab oldim. Ayni vaqtda O‘zbekiston terma jamoa murabbiyiman, “Uzbek Tigers”ning katta murabbiyiman. Murodjon Axmadaliev, Isroil Madrimov, Elnur Abduraimov, Bahodir Jalolov, Sanjar Tursunov  kabi  shogirdlarim o‘zimning maktabimda tarbiyalangan. Terma jamoada mendan tashqari Rahmatjon Ro‘zioxunov, Ravshan Xodjaev va eng katta murabbiy Marat Qurbonovlar ham bokschilarimizga o‘z bu sport turining sir-asrorlarini o‘rgatib kelishadi.

Tulkin qilichev

– Shogirdlaringizni qanday talablar asosida tanlaysiz?

– Birinchi o‘rinda  bo‘lajak bokschining intizomiga qarayman. Intizom hamma erda kerak. Murabbiy o‘rgatgan usullarni tez va to‘g‘ri bajara olgan bokschi 80% muvaffaqiyatga erishadi va tez o‘sadi. Aytganingizni qilishga qiynalgan bokschini ustida ko‘p mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Hozir boksimizda +91 kg vaznga talab kuchaymoqda. Shuning uchun e’tiborimni og‘ir vaznga o‘ta oladigan yosh bokschilarni tanlashga qaratyapman. Mana shunday yoshlarni tanlasak, ikki yil ichida kuchli bokschi etishib chiqishiga ishonaman.

– Qisqa vaqt ichida ajoyib janglari bilan muxlislarni qalbidan joy olgan shogirdingiz Isroil Madrimov Rio Olimpiadasini o‘tkazib yubordi. Bunga sabab nima edi?

– 2014 yil Isroil Madrimov finalga chiqqan. 2015 yil Olimpiadaga yo‘llanma beradigan Osiyo chempionatida esa o‘z vaznida imkoniyatni boy berdi. Olimpiadan keyin esa Isroil 69 kg vazndan 75 kg vaznga chiqib oldi. Hozirda 75 kg vaznda erishgan yutuqlarini ko‘rib turibsiz. Mutaxassislarning, murabbiylarning fikricha, Isroil Madrimov ringda eng kerakli usulni qo‘llay oladigan, raqibga xatti-harakatlari tez o‘rganib, unga qarshi to‘g‘ri usul qabul qiladigan, murabbiyning o‘rgatganlarini tez o‘zlashtirib, kerakli vaziyatda kerakli zarbalar yo‘llaydigan iqtidorli bokschi hisoblanadi. Shuning uchun uning laqabi “professor”, ya’ni professional.

Isroil madrimov

– G‘alabaning ta’minlanishida murabbiyning va sportchining o‘rni qanday?

– Sportchi misoli bir daraxt. Yoshligidan qanday tarbiyalab, parvarishlasangiz shunday o‘sadi. Shuning uchun ringda har soniya murabbiyning o‘rni bilinadi. G‘alabaning ta’minlanishida to‘g‘ri ko‘rsatmalar beruvchi murabbiyning ham, bokschining ham ulushi kata, chunki murabbiy bokschining o‘rniga ringga tushib harakat qila olmaydi.

– Sizni qattiqqo‘l murabbiy deyishadi. Haqiqatan ham shundaymi?

– Men judayam qattiqqo‘l murabbiyman. Mashg‘ulotlar paytida g‘alabaga olib keladigan barcha usullarni qilib ko‘raman. Bu mehnatlarimning samarasini shogirdlarimda ko‘raman. Bokschilar qancha ko‘p mashq qilishsa, organizm chiniqadi. Bundan tashqari agar ertalab yaxshi tayyorgarlik qilishmasa, issiqda mashg‘ulotlarni ko‘paytiraman. Hammasi vaqtida bo‘lishi kerak. Shunday qilmasa, jazo tariqasida ularga qo‘shimcha mashg‘ulotlar yuklanadi. Keyin esa uch mahal mashg‘ulot qilmaslik uchun ham yaxshi harakat qilishadi. Bularning barchasi bokschilarni chiniqtirish va intizom uchun.

Uzbek Boxing

– Shogirdlaringiz orasida sizga kutilmagan g‘alabani taqdim qilgani bo‘lganmi?

– Murodjon Axmadalievda bunday holatlar ko‘p bo‘lgan. Ikkilangan paytim Murodjon: “Hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb ringga ishonch bilan ko‘tariladi. Keyin: “Ana ko‘rdingizmi, raqibimni maqtagan edingiz”, deya meni xursand qiladi. Bahodir Jalolovda ham ko‘p ikkilanaman, ammo u ham raqibini ringga qulatib, g‘alaba qozonadi.

– Endi “Uzbek Tigers” jamoasi haqida. Dastlabki janglarda biz g‘alaba qozongan edik, biroq Kubadagi kutilmagan natijalarga sabab nima edi? Musobaqaning O‘zbekistonda emas, Kuba bo‘lganimi?

– Osiyo chempionatidan keyin darhol Kuba bilan janglar boshlandi. Biz esa asosiy kuchimizni qit’a chempionatiga qaratgan edik. Bu kuch o‘z natijasini ko‘rsatdi ham. Bokschilarimiz dam olishga ham ulgurmay, Kubadagi jangga yo‘l olishdi. O‘zbekistonda kubaliklar Bilan bo‘lgan jangda bokschilarimiz yaxshi natija ko‘rsatdi, ammo Kubadagi biz kutgan natija yuz bermadi. Bunga bir tomondan Kubaning muxlislari bokschilarimizga biroz bosim o‘tkazgani ham sabab bo‘lgan. To‘g‘rida hamma ham o‘z uyida yaxshi o‘ynaydi. Aytishadiku, “o‘z uyingda devorlar ham yordam berishadi”, deb.

tulkin qilichev

– Havaskorlar va professional boksning farqi nimada deb o‘ylaysiz?

– Hozirgi havaskorlar boksi professionallikdan qolishayotgani yo‘q. Biroq shuni alohida ta’kidlash kerakki, ba’zi bokschilar havaskorlikda yaxshi natijalar ko‘rsata olmaydi. Ammo professional boksda ancha yaxshi natijalarga erishadi, chunki havaskorlik bilan professionallik asosan qoidalari bilan farqlanadi. Bu kimgadir mos kelmasligi mumkin. Bizning esa har ikki yo‘nalishda havas qilsa arzigulik yutuqlarimiz ko‘plab topiladi. Misol uchun hozirda professional boksda Shohjahon Ergashev, Qudratillo Abduqahharov, Azizbek Abdug‘ofurov va boshqa bokschilarimiz muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Men havaskorlik va professionallik o‘rtasida farq bor bed o‘ylamayman. Sababi har ikkisida ham bokschilar O‘zbekiston bayrog‘ini ostida ringga chiqishadi. Shuning uchun har bir bokschiga omad tilayman va qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman. Bunga har doim tayyorman.

– Osiyo chempionatidan so‘ng bokschilarimiz kayfiyati qanday va ayni damda ular nimalar bilan band?

– Ko‘rib turganingizdek, Osiyo chempionatida yaxshi natijalarni ko‘rsatdik. Yoshlarimiz esa Taylandda umumjamoa hisobida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza bilan kattalarga singari 1-o‘rinni egalladi. Hozirda katta boks olamida kutilayotgan eng asosiy  musobaqa bu joriy yilning 25 avgustida Gamburgda start oladigan jahon chempionatidir. Mana shu nufuzli chempionatga tayyorgarliklarni uch oy oldin, ya’ni Osiyo chempionatidan keyin darhol boshlab yubordik. Osiyo chempionatida 1- o‘rinni olib bokschilarimiz nimaga qodirligini isbotladi. Shuning uchun endi hamma jahon chempionatida bizga ko‘z tikib turibdi. Hozir terma jamoamizda 100 taga yaqin bokschilar yig‘ildi. Bular tajriba to‘plash bilan birga boshqa bokschilarimizga yordam berishadi. Jahon chempionatiga chiqadigan bokschilarimiz esa aniq. Maqsadimiz yuqori natijalar ko‘rsatib, xalqimizni xursand qilish. Bayrog‘imizni yuqorilarga ko‘tarish.

– Jahon chempionatidan qanday natijalar kutilmoqda? Bokschilarimiz Osiyo chempionatidagi natijalarini takrorlay oladimi?

– Jahon chempionati Germaniyada bo‘ladi. Biz bor kuchimizni ko‘rsatib, 10 ta medal olishga harakat qilamiz. Unga itshtirok etadigan bokschilarimiz sabrsizlik bilan musobaqani kutishmoqda. Ular bunga to‘liq tayyor deb ayta olaman. Bu borada ularning tajribalari juda yuqori. Umid qilamanki, bu safar ham ishonchni oqlashadi.

uzbek boxing

– Qaysi davlat bokschilarini munosib raqib deb ayta olasiz?

– Kuba, Qozog‘iston, Rossiya, Angliya bokschilari kuchli deyish mumkin. Ular buni ko‘plab musobaqalarda isbotlashgan. Bular qatoriga Irlandiya termasini ham kiritsa bo‘ladi. Bundan tashqari so‘nggi vaqtlarda Ozarbayjondan ham kuchlilar bokschilari etishib chiqmoqda.

Bokschilarimiz mashg‘ulotlarni asosan qaerda o‘tkazishadi? Xorij yig‘inlari ham tashkil qilinadimi?

– Asosiy mashg‘ulotlarni o‘zimizning jannatmakon yurtimizda o‘tkazamiz. Ya’ni Yangiobodda, Chirchiqda. Mashg‘ulotga professional bokschilar ham kelib turishadi. Misol uchun Qudratillo Abduqahharov, Shohjahon Ergashev... Ular ham mening shogirdlarimdan biri. Mehnatkash bokschilar.

– 91 kg vaznda Sanjar Tursunov kuchlimi yo Rorisha Profsor? Terma jamoaning asosiy tarkibiga qaysi bokschini olgan bo‘lardingiz?

– Bu ikkala bokschi ham o‘ziga yarasha tajribali. Shunday ekan, raqobat ham shunga yarasha. Mening fikrimcha, Sanjar ancha nisbatan tajribaliroq. Bu ikkalasi birga sparring olib borgan, lekin qaysi biri kuchli ekanligini esa vaqt ko‘rsatadi. Profsor endigina kattalar safiga qo‘shildi. Shu vaqtgacha u yoshlar jamoasida edi.

Suhbatingiz uchun tashakkur.

                                                          Shahzoda Abdullaeva yozib oldi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!