
Umid Ahmadjonov Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi prezidenti bilan uchrashdi
Xabar berib o‘tganimizdek, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, mamlakat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ayni paytda Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida bo‘lib turibdi.
Safar doirasida bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Ana shunday uchrashuvlardan biri bundan bir necha daqiqa avval Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi prezidenti Mong Gyu Chong bilan bo‘lib o‘tdi.
Sir emaski, futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida anchadan buyon ishonchli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin yillar ichida esa ushbu do‘stlik rishtalari yanada rivojlandi. Ikki mamlakat futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu ikki yurt milliy terma jamoalari ko‘plab o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishgan. Koreyaliklar nafaqat Osiyoda, balki jahon miqyosida ham o‘z o‘rinlariga egalar.
Bugungi uchrashuv davomida tomonlar bolalar va yoshlar futboli bo‘yicha tajriba almashish, turli yoshdagi terma jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish masalasida fikr almashdilar. Shuningdek, murabbiy va hakamlar malakasini oshirish masalasida ham tomonlar yaqindan hamkorlik qiladilar.
Eslatib o‘tamiz, Umid Ahmadjonov kunning birinchi yarmida Osiyo taekvondo ittifoqi prezidenti Li Kyu Syok bilan ham uchrashuv o‘tkazgandi.
Manbaa: MOQ rasmiy sayti.
Fikrlar