Umid Ahmadjonov Yaponiyada Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi

  • 6 iyun, 2018, 10:23
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan bevosita tanishish, musobaqa tashkiliy qo‘mitasi rahbarlari bilan uchrashish maqsadida Yaponiyaga jo‘nab ketgani haqida xabar bergandik.

Bugun MOQ rahbari kunchiqar yurtda 2020 yilgi Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitasi va mamlakat sport assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Yaponiya vakillar Palatasi a’zosi Toshiaki Endo bilan ko‘rishdi. Uchrashuv davomida tomonlar Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, tashkiliy va boshqa masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.

«Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston katta sport delegatsiyasi bilan ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Zimmamizda ayni paytda qanday mas’uliyat turganini juda yaxshi his qilib turibmiz. Maqsadimiz Riodagi Olimpiya o‘yinlaridan ham yaxshiroq natija qayd etishdir. Biz navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborganmiz. O‘yinlar boshlanishiga yaqin mamlakat iqlimiga, mahalliy shart-sharoitga moslashish maqsadida sportchilarimiz uchun aynan Yaponiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil qilib berish foydadan holi bo‘lmaydi. Bu masalada bizga yordam berasiz degan umiddaman», – dedi MOQ Prezidenti uchrashuv chog‘ida.

Tokioga safari davomida Umid Ahmadjonov shuningdek, Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tsunekadzu Takeda bilan ham uchrashadi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yaqinlashib kelayotgan Olimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik yuzasidan o‘zaro fikr almashadilar.

Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov Toshiaki Endoga Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan esdalik sovg‘asini ham topshirdi.

Ma’lumot uchun, Umid Ahmadjonov Yaponiyadan to‘g‘ri Rossiya poytaxti Moskva shahriga yo‘l oladi. U erda FIFA Kongressida ishtirok etib, futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilish uchrashuvi – Rossiya-Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni “Lujniki” stadionining martabali mehmonlar lojasidan tomosha qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!