Umid Ahmadjonovning bugungi matbuot anjumanida nimalar dedi?

  • 27 sentabr, 2017, 12:59
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasining anjumanlar zalida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Umid Ahmadjonov bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tecno

Matbuot anjumanida, shuningdek, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasi a’zosilari Rustam Qurbonov, Murod Aliev va O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti Shoakrom Isroilov ham ishtirok etishdi.

Quyida ushbu matbuot anjumanida O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonovning so‘zlagan nutqi bilan tanishishingiz mumkin:

Assalomualaykumhurmatli jurnalistlar!

Bugun federatsiyaning hisobot saylov konferentsiyasi o‘tganiga 15 kun to‘ldi. Shu vaqt ichida biz O‘zbekiston futbolining 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish dasturini oxirgi bobini yozib bitirdik. Unda keyingi 4 yil ichida qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim masalalar aks etadi. Bizning ishchi guruhimiz ushbu dasturning loyihasini sizga tanishib chiqish uchun taqdim etayapti.

Qisqacha qilib aytishim mumkinki, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi katta islohotlar ostonasida turibdi. Islohotlarni amalga oshirish guruhi ishni boshlash uchun qulay nuqta – ustuvor masalalarni aniqlab olgan bo‘lib, biz futbolni ko‘tarish uchun ana shu nuqtadan yangi manzil sari yo‘lga tushamiz.

Ustuvor masalalar haqida biz jamoatchilikka xabar berdik. Lekin, bugun men bu masalalarni yana bir bora alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Birinchisi, milliy terma jamoaga bosh murabbiy tayinlash masalasi bo‘lib, hozirda ushbu jarayon davom etayapti.

Ikkinchisi,kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. Buning uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida yangi jamoa ish boshlayapti, deb bugun men bemalol sizga ayta olishim mumkin.

Uchinchisi,futbolimizdagi tanish-bilishchilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlarga qarshi kurashishdir. Men to‘g‘ri tushunaman, agarda bu sportchilar oilasi bo‘lsa va ular haqiqatan ham o‘z joylariga munosib bo‘lishsa, marhamat. Lekin, shunday holatlar borki, bu futbolimizning ildiziga bolta uradi. Biz mana shunday g‘irromlik va qing‘irlikdan tozalash uchun alohida mutaxassislar guruhini jalb qildik.

To‘rtinchisi,federatsiya ishini shaffoflashtirishdir. Bu bilan biz ishqibozlarning federatsiyaga bo‘lgan ishonchi va hurmatini qozonishni niyat qilganmiz. Chunki, biz uchun xalqning federatsiya haqidagi fikri juda muhim. Hammaga yoqishning ilojisi yo‘q, lekin salbiy fikrlarni yo‘qotish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Beshinchisi, chiptalar savdosini isloh qilish qilish bo‘lib, bunda birinchi raqamli vazifa elektron chiptalar savdosini yo‘lga qo‘yishdir. Aynan shu yo‘l orqali chiptalarning olib-sotarlar qo‘liga o‘tib ketishiga qarshi kurashish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.

Bundan tashqari:

- bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish,
- murabbiylar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish,
- oliy liga va birinchi liga musobaqalarining saviyasini oshirish,
- milliy terma jamoani 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish,
- O‘zbekiston Futbol Federatsiyasini Osiyoning eng  yaxshi federatsiyalaridan biriga aylantirish,
- barcha jahon chempionatlarida ishtirok etishga erishish,
- ommaviy futbolni yangi bosqichga olib chiqish,
- butun O‘zbekiston bo‘ylab futbol o‘ynashni yanada ommalashtirish va osonlashtirish, ishqibozlarning stadionlarga kelib o‘yin tomosha qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish

kabi boshqa vazifalar ham borki, bularning bari O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining rivojlantirish dasturidan o‘rin olgan.

Bugun dunyo axborot bilan yashayapti. Zamonaviy fuqaro boshlanayotgan kunini ham, tugab borayotgan kunni ham axborot olish bilan o‘tkazadi. Axborot shu darajada muhim omilki, uning oqimi tugasa yoki to‘xtab qolsa, bo‘shliq yuzaga keladi. Shu sababli ham axborotni o‘z vaqtida va to‘g‘ri berish juda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bundan keyin ham axborot bo‘shlig‘iga qarshi kurashish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda ishlaydi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi mamlakatimiz futbolini yanada ko‘tarish uchun o‘z oldiga ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Federatsiyaning yangi jamoasi 12 sentyabr kuniyoq ana shu vazifalar ustida katta ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelyapti. Men hozir katta va’dalar berishga shoshilmayman, faqatgina rejalarimiz uzoq muddatga mo‘ljallanganini, qolaversa, maqsadlarimiz jiddiy ekanligini ishonch bilan ayta olaman. Biz ishqibozlar bilan, xalq bilan dialogga doim tayyormiz va qilinayotgan ishlarda ularning xohish va irodalarini ham inobatga olamiz.

Dunyo tajribasidan ma’lumki, rahbariyatning ishiga baho berish uchun ommaviy axborot vositalari 100 kun o‘tishini kutishadi. Umid qilamanki, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi ham ana shu 100 kunlik o‘ta murakkab davrni yaxshi bosib o‘tadi. Bu davr oralig‘ida Federatsiyasi ichida va tashqarisida ko‘p yangiliklar bo‘ladi. Bu yangiliklar esa Siz O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidan faxrlanishingiz uchun amalga oshiriladi.

E’tiboringiz uchun rahmat

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!