
Usmon Toshev: “Istasak ham, istamasak ham Kuperga vaqt zarur”
Milliy terma jamoamiz Ektor Kuper boshchiligidagi ikkinchi o‘yinini Eronga qarshi o‘tkazganidan xabaringiz bor. Suriyaga qarshi dastlabki uchrashuvda 1:1 hisobini qayd etgan vakillarimiz bu safar eronliklarga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa mazkur uchrashuv Kuperning birinchi mag‘lubiyatiga aylandi. Asta-sekin yangi murabbiyning ishi va jamoa o‘yini borasida bildiriladigan fikrlar paydo bo‘lyapti. Eronga qarshi bellashuvdan so‘ng tajribali mutaxassislarimizdan biri Usmon Toshev o‘z munosabatlarini bildirdi.
- Terma jamoamizning o‘tkazgan ikkala o‘yini ham har xil bo‘ldi. Baribir birinchi uchrashuvda yigitlarimizda hayajon ko‘proq edi. Vakillarimizning Eronga qarshi uchrashuvini stadionda kuzatdim. Garchi bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, terma jamoamizning ko‘rsatgan o‘yini menga yoqdi. Birinchi uchrashuvga nisbatan himoyada ancha tartibli o‘yin namoyish etishdi. To‘pni yo‘qotib qo‘ygan paytimizda ham futbolchilarimiz joy-joyida bo‘lishdi, esankirab qolishmadi. Umumiysi, jamoamiz o‘yinida tartib ko‘zga tashlanyapti. Bir narsani unutmaslik kerakki, uy qurganda avvalo uning poydevori yaratiladi va shunga qarab uy barpo etilaveradi. Milliy terma jamoamizni ham shunga o‘xshatishimiz mumkin. Menimcha, jamoamiz shakllanishni boshladi. Bunda esa albatta murabbiyning mahoratini alohida aytib o‘tishni istagan bo‘lardim. Kelganiga esa hali ko‘p bo‘lmadi. Shuningdek, terma jamoamizdagi aksariyat futbolchilarimiz yaxshi jamoalarda to‘p surishadi. Terma jamoamiz Kuper boshchiligida to‘g‘ri yo‘lda. Har xolda futbolchilarimiz joy-joyida o‘ynashyapti. Shundan kelib chiqqan holda asta-sekin imkoniyatlar, xavfli vaziyatlar, darvozalar tomon zarbalar va shundan keyin gollar ham bo‘ladi. Lekin bungacha sabr qilishimiz kerak.
- Eronga qarshi uchrashuvda asosiy muammoimiz nimada bo‘ldi?
- Muammoimiz yo‘q. Aslida muammo nimada bilasizmi? G‘alaba qozonishda. Aslida esa qanaqa muammolarimiz bor, ularning ikir-chikirigacha murabbiylarimiz bilishadi. Menimcha, u qadar katta muammo yo‘q. Harqalay futbolchilarimiz bir-birlarini yaxshi tushunishadi. Ular hammasi birgalashib, murabbiyning yangi taktikalarini qo‘llashga harakat qilishmoqda. Ammo bu qancha vaqt oladi? Bir oymi, ikki oymi yoki ikkita o‘yinmi, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Muhimi, bizda mahoratli murabbiy bor. Bilasizmi, o‘zi futbolda oddiy bir jamoani yutishning o‘zi muammo sanaladi. Aslida g‘alabani siz ham, men ham xohlaymiz. Mana shuning o‘ziyoq muammo tug‘diradi. O‘yin boshlangach esa ikkala jamoa ham bir-biriga muammolar tug‘dirishga harakat qilishadi. Futbol shunisi bilan ham qiziqda. Ammo hozirning o‘zidanoq Ektor Kuperdan natija talab qilib bo‘lmaydi. Unga istasak ham, istamasak ham vaqt zarur.
- Terma jamoamizning Suriya va Eronga qarshi o‘yinlarini o‘zaro solishtirganda qanday farqlarini ko‘ryapsiz?
- Hozir aytganimdek, murabbiyga vaqt berilgan. U avvalo o‘zbek futbolchilarini yaxshiroq o‘rganib chiqyapti. Agar o‘zimizni murabbiy bo‘lganida unga osonroq bo‘lardi. Yoki rossiyalik mutaxassis kelganida ham tilimiz bir edi va har xolda bizdan uzoqda bo‘lmasdi. Ya’ni, bizning futbolga moslashishi ko‘p vaqtni talab qilmasdi. Ammo Ektor Kuper bizning futboldan uzoqda edi. U tilimizni, urf-odatlarimizni bilmaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, hammasi uning uchun yaxshi ketyapti. Suriyaga qarshi bellashuvda asosiy tarkib umuman boshqacha edi. Etakchi o‘yinchilarimiz maydonga tushishmagandi. Eron bilan uchrashuvda esa etakchilarimiz maydonga tushirildi va o‘yin boshqacha tus oldi. Bir-ikkita g‘alaba murabbiyning ham ishini ancha osonlashtiradi. Men Kuperga ishonaman. Toshkentda bo‘lib turgan paytimda uning mashg‘ulotini borib ko‘rdim. Uning ishi menga yoqdi. U jahon saviyasidagi top-mutaxassis, shu bois unga men nimadir deb baho bera olmayman. Uni butun dunyo taniydi va unga etarlicha baho berib bo‘lingan. Shunchaki, biroz sabr qilishimiz kerak.
- Yangi murabbiyni kuzatayotgan bo‘lsangiz, unda aynan qanday yangi jihatlarni ko‘ryapsiz?
- Birinchi navbatda Ektor Kuper o‘z ishini biladi. Men, siz yoki boshqasi o‘z fikrimizni bildirishimiz mumkin. Ammo u hech nimaga e’tibor qilmasdan o‘z ishini bajaraveradi. Kuper murabbiylik faoliyati davomida juda katta yo‘lni bosib o‘tgan. U o‘z murabbiylik imzosiga ega bo‘lgan mutaxassis. Tartib-intizomni ham qat’iy talab qiladigan inson. To‘g‘ri, bu yangilik emas, ammo hamma ham bunga qat’iy tarzda oxirigacha amal qilavermaydi. Mashg‘ulotlari kulgu va xushchaqchaq tarzda o‘tyapti. Lekin Kuper kerak paytda jiddiy shaxsga aylanadi. Kerak paytda futbolchilar bilan kulishadi, kerak paytda esa o‘z istaklarini ulardan talab qila oladi.
- Sizda Kuper bilan uchrashib, muloqot qilish imkoniyat bo‘ldimi?
- Yo‘q, hozircha ko‘rishmadim. Mashg‘ulotlarini ham asosan tribunadan kuzatdim. Hozir buning mavridi emas. Nasib bo‘lsa, u bilan albatta tanishamiz. Chunki, bu o‘zimga ham qiziq. Ammo ayni paytda uning ishi juda ko‘p. Shuning uchun bu murabbiyga xalaqit qilmasligimiz kerak. Ishini bajarishi uchun o‘z holiga qo‘yib berishimiz lozim.
- Kuper bilan terma jamoamizni qanday kelajak kutyapti deb o‘ylaysiz?
- Bunday murabbiyga ishlash uchun ko‘proq imkoniyat berilishini xohlayman. Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Uning yoshi ham bizga juda to‘g‘ri keladi. Xotirjam va o‘ziga ishongan murabbiy. Uni ancha-muncha narsa bilan xayajonlantira olmaysiz. Kuper biz uchun kerakli murabbiy.
- O‘zbekiston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida MOFA turnirida g‘oliblikka erishgandingiz. Ayni paytda termadagi ishingiz nima bo‘lyapti?
- Hozircha musobaqa yo‘q. Terma jamoa bilan ishimiz tugadi. Chunki 2002 yillardagi futbolchilar uchun musobaqalar yo‘q. Hozirda asosiy jamoalar sifatida U-21 va Azamat Abduraimov ishlayotgan U-14 termalarini aytishim mumkin. Yaqin orada murabbiylar uchun o‘quv-kurslari boshlanadi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar