
Usmon Toshev: Nafaqat Tojikiston olimpiya terma jamoasi, balki milliy termasini ham boshqaraman
O‘zbekistonlik taniqli murabbiylardan biri Usmon Toshevning o‘tgan haftada Tojikiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganligi haqidagi xabarlar hech kimni befarq qoldirmadi. E’tiborlisi, kelasi yilning mart oyida Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralash bosqichida Tojikiston O‘zbekiston bilan birga guruhdan joy olgan. Shundan kelib chiqqan holda u bilan suhbatlishish uchun qiziqarli savollar etarli edi. Buni qarangki, o‘zaro suhbat davomida Toshev Tojikiston milliy terma jamoasiga ham bosh murabbiy bo‘lganini aytib o‘tdi.
- Usmon Qudratovich, sizni Tojikiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganingiz bilan tabriklayman...
- Uzr, gapingizni bo‘ldim, o‘z o‘rnida sizga shuni ham aytib o‘tishim kerakki, men nafaqat Tojikiston olimpiya terma jamoasiga, balki milliy terma jamoasiga ham bosh murabbiy bo‘ldim. Xabaringiz bor, tojiklarning U-16 jamoasi jahon chempionatiga chiqdi. U-19 esa Osiyo chempionatida yomon ishtirok etmadi, ularga ham jahon chempionatiga chiqish uchun ozgina qolgandi. Biz Tojikiston futbol federatsiyasi bilan gaplashganimizda milliy terma jamoani yoshartirish fikri ikki tomonni ham qoniqtirdi. Agar shunday bo‘lsa rahbarlar olimpiya terma jamoasini ham o‘zim boshqarishimni aytishdi. Men esa olimpiya jamoasining tayyorgarligi, rejalari boshqacha bo‘ladi dedim, ammo rahbarlar milliy terma jamoaning negizi olimpiyachilarimiz tashkil etadigan bo‘lsa, hozirdan ularni o‘zingizni shug‘ullantirib, tayyorlab borasiz deyishdi. Men esa rozi bo‘ldim. Lekin men milliy terma jamoa bilan shartnoma tuzganman.
- U holda milliy terma jamoa bilan asosiy maqsad qanday?
- Yaxshi jamoa tuzish. Tojikistonning ikkita yoshdagi terma jamoasi xalqaro musobaqalarda o‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsatishdi. Biz milliy terma jamoani yangitdan shakllantirishda ushbu yoshdagi jamoalardan ham futbolchilarni albatta jalb qilamiz. Ular milliy va olimpiya termasiga boshqa-boshqa murabbiylarni chaqirmasdan, yaxshisi ikkalasini o‘zingiz ko‘rib, boshqaring, hammasi nazoratingiz ostida bo‘ladi deyishdi.
- Ikkala jamoada ishlash sizga og‘irlik qilmaydimi?
- Yo‘q. Chunki biz hozirgi tayyorgarligimizni mart oyida bo‘ladigan Osiyo chempionati saralashiga qarab belgilaganmiz. Lekin yana o‘sha tarkib bilan ishni milliy terma jamoa ko‘rinishida davom ettiramiz.
- Umuman olganda, ularning bu taklifidan siz hayron qolmadingizmi?
- Xabaringiz bo‘lsa, men Tojikistonda ko‘p bo‘laman. Chunki ishim yuzasidan boshqa mamlakatlarda murabbiylarga dars o‘taman. Rahbarlar esa mening ishimni ko‘rib, tahlil qilishdi hamda bir qator nomzodlar orasidan meni tanlab olishdi va taklif bilan chiqishdi. Menga ishonib, ish taklif qilishganidan xursand bo‘lib, buni qabul qildim. Bilasiz-ku, menga qaerda ishlashning farqi yo‘q. Boz ustiga mamlakat terma jamoasini boshqarish – bu oddiy narsa emas. Men yaqinda 23 kun davomida Dushanbeda “S” sertifikati bo‘yicha tojikistonlik murabbiylarga dars o‘tgandim. Taklif aynan o‘sha mahalda yuz berdi. Xullas, Toshkentga qaytib kelganimdan so‘ng yana Tojikistondan menga qo‘ng‘iroq bo‘lib, tezda qaytib borishimni aytishdi va biletlarni jo‘natishdi. Ertasiga yana Dushanbega uchib borib, hamma ishni rasmiylashtirdik. Keyin Andijonga keldim va so‘ng Namanganga yo‘l oldim. Ushbu shaharlarda OFKning yangi dasturi bo‘yicha modul ko‘rinishda dars o‘tdim. Endi murabbiylarga besh kun dars o‘tib, ularga uyga vazifa sifatida bir oyga javob beramiz va yana so‘ng ularni yig‘ib imtihon olamiz. Orada Afg‘onistonga ham borib keldim va ikki oy bo‘ldim. U erda “Tufon” jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishladim va klubimiz OFK Kubogiga yo‘l oldi. Bu yil jamoamiz Afg‘oniston chempioni bo‘ldi. Bu yil mamlakat chempionati qisqartirilgan tarzda o‘tkazildi. Xullas, hamma ishga ulgurdim.
- Tojikiston olimpiya terma jamoasi oldida turgan asosiy vazifa qanday?
- Vazifa hamma jamoalarda bir xil. Avval guruhdan chiqish, keyin final bosqichiga yo‘l olish. Agar Osiyo chempionatiga yo‘l olsak, unda albatta Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yiladi. Rahbarlar tomonidan borib o‘ynab kelinglar, degan gap yo‘q. Biz maksimal holda ishlashga harakat qilamiz. Tojikistonda intilish katta. Xuddi bizni O‘zbekistondagi kabi u erda ham futbolga e’tibor yuqori darajada.
- Keyingi yilning mart oyida Toshkentda Osiyo chempionatiga saralash bosqichi bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, O‘zbekistonning guruhida Hindiston va Pokiston bilan birga Tojikiston ham bor.
- Hamma jamoa o‘z maqsadi sari kurashadi. Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, Pokiston ham yomon jamoa emas. Hindlarni ham maqtashyapti. O‘zim esa O‘zbekistonni bilaman, Ravshan Haydarov boshchiligida ajoyib jamoa shakllangan. Bunday musobaqalarda sust jamoalar bo‘lmaydi.
- Aytmoqchimanki, siz ham O‘zbekiston fuqarosisiz. Guruhda esa O‘zbekistonning ham borligi tojiklarning taklifini qabul qilishingizga ta’sir ko‘rsatmadimi?
- Yo‘q, nima uchun? Hozirgi kunda O‘zbekiston bilan Tojikiston mamlakatlari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan. O‘zaro bordi-keldilar, juda iliq munosabatlar davom etyapti. Masalan, meni ham u erda juda yaxshi kutib olishgan. Tojikistonda ishlashimdan xursandman. U erda o‘zimni sira begona mamlakatda yurgandek his qilmayman. Xuddi o‘z uyimda yurgandek bo‘laman.
- Bungacha sizning oxirgi ish joyingiz O‘zbekiston U-16 terma jamoasi edi va siz MOFA turnirida qatnashib jamoangiz bilan g‘olib chiqqandingiz. Shundan keyin sizga taklif bilan chiqishmadimi?
- U erdagi faoliyatim tugatilgan. Menga boshqa taklif bo‘lmadi.
- Bir necha yillar muqaddam o‘zbekistonlik murabbiy Islom Ahmedov Hindiston terma jamoalarini boshqargandi. Ammo keyinchalik o‘zbekistonliklar orasida ilk Pro litsenziyasini qo‘lga kiritgan murabbiy bo‘ldingiz. Endi esa o‘sha Proga ega bo‘lgan murabbiylar ichida ham birinchi bor boshqa mamlakat terma jamoasini boshqaradigan mutaxassisga aylandingiz.
- Bizda ko‘pchilikda Pro litsenziyasi bor. Bu avvalo biz murabbiylarga ishlash uchun ruxsat beriladi. Ammo o‘zimiz o‘sha joylarda ishlay olamizmi-yo‘qmi, buni hayot ko‘rsatadi. Chunki nazariy va amaliy ish o‘rtasida katta farq bor. Masalan, men murabbiylarga dars o‘taman, ammo maydonga o‘zingiz chiqib futbolchilarga nimalardir o‘rgatadigan bo‘lsangiz buning farqi katta. Har holda ikir-chikirlari ko‘p. Chunki bu narsalar kitobda yo‘q. Shu bois nazariy va amaliy ishda ham mahorat kerak. Proga ega bo‘lganga yarasha murabbiy natija ko‘rsatishi va futbolchilarni tarbiyalay olishi kerak. Hammasi bir-biri bilan bog‘liq. Siz nazariy tomondan qancha kuchli bo‘lsangiz, amaliy tarzda ishlashingizga shuncha oson bo‘ladi. Ammo amaliy ishda albatta hayotdan kelib chiqqan holda tajriba kerak.
- 2006 yili O‘zbekiston milliy terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lgan Valeriy Nepomnyashiyga yordamchi bo‘lib ham ishlagandingiz. Ungacha qator klublarda faoliyat ko‘rsatdingiz. Lekin o‘zingiz ilk bor mustaqil ravishda terma jamoani boshqarishga kirishyapsiz. Baribir klub bilan terma jamoada ishlashning farqi bor. Tojiklarning taklifini qabul qilayotganda shu jihatlarni ham hisobga oldingizmi?
- Albatta, farqi bor. Klubda ishlasangiz har doim futbolchilar qo‘l ostingizda bo‘ladi va ularni ko‘rib turasiz. Terma jamoada bo‘lsa, doim ham birga bo‘lavermaysiz. O‘yindan 3-4 kun oldin futbolchilarni ko‘rasiz. Ya’ni, FIFA kunlarida uchrashamiz. Reglament bo‘yicha shunaqa. Ammo ko‘pincha o‘yinchilar o‘z klublarida qanday tayyorlanishgan, qanday o‘ynashgan, shu narsalar ta’sir ko‘rsatadi. Siz hech qachon terma jamoada qisqa vaqt davomida qo‘l ostingizdagi futbolchilarga kuch yoki tezlikni bera olmaysiz. Faqat qanaqadir yo‘nalish yoki taktikani qisman berishingiz mumkin xolos. Ammo men yangi futbolchilar bilan tezroq va yaqindan tanishib olishga harakat qilaman. Tojikistonda ko‘plab murabbiylarni yaxshi bilaman, munosabatlarimiz ajoyib.
- Xo‘sh, endi olimpiya terma jamoasidagi rejalaringiz qanday? Qachondan ishga kirishasiz?
- Dekabr oyidan ishni boshlaymiz va Qatarga ketamiz. Yig‘inni o‘sha erda davom ettirgan holda to‘rtta nazorat uchrashuvida qatnashamiz. Yangi yil bayramidan keyin Turkiyada yig‘in o‘tkazamiz. So‘ng yana bir xalqaro musobaqada qatnashishni mo‘ljallab turibmiz. Bizga bunday yig‘in va o‘yinlar nima uchun kerak? Chunki men qo‘l ostimdagi futbolchilarni iloji boricha yaxshiroq bilib olishim darkor.
- Oxirgi yillarda Tojikiston futboli chindan oldinga qadam bosyapti. Buni o‘smirlar terma jamoasining jahon chempionatiga chiqqani bilan izohlash mumkin. Umuman olganda, ularda yaxshi yosh avlod etishib chiqyapti. Siz Tojikistonga ko‘p borasiz. Ayting-chi, tojiklar nimaning evaziga o‘sishga erishishyapti?
- Aslida Tojikiston jamoalari bilan ishlamaganman, ammo u erdagi murabbiylariini yaxshi bilaman. Men ham ularga siz aytgan savollarni beryapman. Tojikistonda ishlashga rozi bo‘lganimdan keyin ular bilan chuqurroq savol-javoblar qildik. Bilishimcha, tojikistonlik futbolchilarda vatanparvarlik juda kuchli. O‘zini o‘yinga bag‘ishlashi, vatani uchun jon-jaxdi bilan oxirigacha kurashishi, kabi fazilatlar evaziga ular yutuqlarga erishishyapti. Futbolning o‘z qonun-qoidalari va reglamenti bor. Tojiklar o‘sha qonun-qoidalardan chetga chiqmagan holda to‘g‘ri yo‘nalishda ishlashyapti.
- Menda shunday fikr paydo bo‘lyapti: siz ham qaerda bo‘lishingizdan qat’iy nazar murabbiy sifatida o‘zingizni ko‘rsatishni istaysiz. Tojikistonlik futbol amaldorlari ham guruhda O‘zbekistonni o‘zlari uchun asosiy raqib ekanligini yaxshi bilishadi. Shuni hisobga olganda, ular O‘zbekiston futboli va terma jamoalarini yaxshi biladigan murabbiyni topish maqsadida aynan sizdan foydalanishmoqchi. Bunga sizning qarashlaringiz qanday?
- Yo‘q, bunday emas. Men o‘zbekman va o‘z terma jamoamizga qarshi chiqamiz yoki futbolimizni yaxshi biladi degan, bo‘lmag‘ur narsalar bo‘lmagan. Bu umuman noto‘g‘ri. Ular ham meni shunday jihatlar bilan taklif qilishmagan. Shunchaki, ularga murabbiy kerak edi. Tojikiston futboli rahbarlari bilan gaplashganimda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan iliq munosabatlar o‘rnatilgani va do‘st ekanligini aytishdi. O‘zimizda ko‘plab tanishlarim va do‘stlarim ham meni tabriklashyapti. Telefonim esa tinmayapti. Hozir siz bilan gaplashyapman, ammo ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini ko‘rib turibman. Hattoki, mening u erda ish boshlaganimni uyimdagilar ham bilishmasdi. Oilam bu xabarni interterdan o‘qib bilishgach, menga hayron bo‘lib, bu qanday yuz berdi deb so‘rashyapti.
- Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov edi. U iste’foga chiqqan-a?
- Ha, u ishdan ketgan. O‘zi bilan ko‘p gaplashaman, munosabatlarimiz yaxshi. Bilasizmi, meni Tojikiston futboli rahbarlariga tavsiya qilganlardan beri Fuzaylov.
- Olimpiya terma jamoasi bilan saralash guruhida qatnashgach, darhol milliy terma jamoada ishni boshlaysizmi?
- Ha, xuddi shunday.
- Hozirda Tojikiston milliy chempionatining saviyasi qay darajada?
- Chempionat tugadi. Kubok final o‘yinini ko‘rdim, yomon emas. Stadion muxlislar bilan to‘ldi. Faqat ularga ozgina tezlik etishmayapti.
- Kelasi yilning fevral oyida Tojikistonning “Istiqlol” jamoasi OKMK bilan Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida ishtirok etadi. Jamoalarning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Bilmadim, ikkala jamoada ham imkoniyat bo‘ladi. Yilning boshi, ilk rasmiy o‘yini hisoblanadi. O‘ylashimcha, qiziqarli bellashuv bo‘ladi. O‘zi bu o‘yin qaerda bo‘ladi?
- Olmaliqda.
- O‘sha kunga ikkala jamoa qanday etib kelisharkin, ochig‘i bilmayman. Menimcha, jangovor o‘yin bo‘ladi.
- Sizga o‘zimizdan takliflar bo‘lmadimi?
- Takliflar bor edi. Ammo men 2,5 oydan beri chetda yuribman. Telefonda va telegram ijtimoiy tarmog‘idan menga yozdilar. O‘zbekistonga qaytgach, bafurja gaplashish uchun vaqtim bo‘lishini aytgandim. Lekin tojikistonliklar ildamroq harakat qilishdi.
- Mabodo, Toshkentdagi saralash bosqichida muvaffaqiyatsiz qatnashsangiz, bu sizning u erdagi faoliyatingizga ta’sir o‘tkamaydimi?
- Bunaqa savolni bermang. Hali u erda ishni boshlamadim, ammo hozirdan muvaffaqiyatsizlik haqida gapiryapsiz. U erda dekabrda ishni boshlayman. Biz faqat yaxshi gaplar va yaxshi niyatlar haqida o‘ylashimiz kerak.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar