Usmon Toshev O‘FFning yangi islohotlari haqida nimalar dedi?

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabaringiz bor O‘zbekiston futbol federatsiya rahbariyatida bo‘lgan o‘zgarishlar ro‘y berganidan so‘ng bevosita futbolimizda keskin islohotlar yuz bera boshladi. Bu borada “Andijon” klubi bosh murabbiyi, OFK instruktori Usmon Toshev ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Men ham barcha qatori bu xabarni sayt orqali o‘qib bildim, - deydi Usmon Toshev. - Ochig‘i, nima sababdan bunday qaror qabul qilinganini tushunmadim. Xo‘sh, nima uchun 16 yoki 18 ta emas, balki 12 ta? Shunchaki, buning sababini bilmayapman. Shu bois mazkur masala yuzasidan bir nima aytishim qiyin. Agarda nima sababdan 12 ta jamoa qilishganini bilganimda bu haqida albatta aytgan bo‘lardim. Nima uchun? Maqsad oliy ligani kuchaytirishmi? Yoki klublarning pullari etmayotgani sababli to‘rtta jamoani tushirib yuborishyaptimi? Ko‘ryapsizmi, men ham tushunmay qolyapman.

Ko‘rinib turibdiki, Usmon Toshevda ham savollar ko‘p, ammo javoblar yo‘q. Biroq mutaxassis o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda oliy ligada jamoalar sonini ko‘paytirish tarafdori ekanligini yashirmadi.

- Men ham futbolda uzoq yillardan beri yuribman. Shu nuqtai nazardan qaraganda, buning sababini bilmagan holda o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, oliy ligada jamoalar sonini 12 taga qisqartirish – bu minus. Men faqat shuni aytishim mumkin. Mening nazarimda jamoalarni sonini ko‘paytirish kerak edi. Futbolchilar, murabbiylar, hakamlar hammasi etarli edi. Shuning uchun klublarni ko‘paytirsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Jamoalarni qisqartirmasdan shunchaki, oliy ligani tartibga solsa kifoya edi.

Xo‘sh, endi bu qanchalik samarasini berishi mumkin? Umuman, ushbu o‘zgarishlardan keyin ijobiy o‘zgarishlar bo‘larmikin? Usmon Qudratovich, shunga ham alohida urg‘u qaratdi.

- Bu qanday samara beradi? Aynan qanday samarani ko‘zlab bu ishni qilishganini bilmayapman. Endi bundan keyin ham oliy ligada 12 ta jamoa davomli tarzda qatnashaveradimi yoki vaqti kelib yana klublar soni oshiriladimi? Oliy ligadan tushib ketgan to‘rtta klubning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Yoki bu bilan birinchi liganing saviyasi ko‘tarilib qoladimi? O‘ylaymanki, bu bilan birinchi liganing mavqei oliy liganiki bilan tenglashib qolmaydi. O‘z nomi bilan bu oliy liga. Bu erda hammasi oydek ravshan: oliy ligada nomiga yarasha oliy murabbiylar, hakamlar va futbolchilar faoliyat ko‘rsatishadi. Birinchi ligada esa shunga loyiq bo‘lganlar ishlashadi. Shuni unutmaslik kerakki, har doim oliy liga oliy ligaligicha, birinchi liga esa birinchi ligaligicha qolaveradi. Xohlasak ham, xohlamasak ham baribir birinchi liga bir pog‘ona pastda bo‘laveradi.

Yana bir e’tiborga molik o‘zgarishlardan shu bo‘lyaptiki, birinchi liga borasida jiddiy islohotlar amalga oshirilishi rejalashtirilyapti. Jumladan, kelasi mavsumdan birinchi liga jamoalarida 24 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarning to‘p surishi alohida belgilab qo‘yilmoqda. Bu albatta yana bir muhokamaga sabab bo‘ladigan mavzudir. Toshev bu borada nima deydi?

- Bu yil birinchi ligada har bir jamoada 1998 yilda tug‘ilgan futbolchilardan ikkitasi maydonga tushishga majbur etib qo‘yilgandi va bu narsani boshimizdan o‘tkazdik. Ochig‘i, bu yoshdagi futbolchilarning maydonga tushirilishi shart etib belgilangani o‘yinimizga ta’sir ko‘rsatdi. Men bu bilan ularni yomonlamoqchi emasman, shunchaki ular hali tayyor emasdi. Albatta, biz yoshlar bilan ishlashga harakat qildik va bir nimalarni mo‘ljallagandik. Ammo baribir bo‘lmadi. O‘yinimizga halaqit berdi. Endi birinchi ligada 24 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘ynashi kerakmi? Xo‘p, kimdir o‘sha yoshdagi yigitlar bilan oliy ligaga chiqdi? Ammo keyin-chi? Oliy ligada qanday qarshilik ko‘rsatishadi? Yosh tomondan bunday qaror chiqarish mumkin emasdi. O‘ylashimcha, bu bilan futbolchilarning huquqi buzilyapti. 26-27 yoshga kirib eng avjiga chiqqan yigitlar nima qilishadi? Oliy ligada klublar soni qisqargani uchun hamma futbolchi ham u erda o‘ynay olmaydi. Ammo birinchi ligada o‘ynay desa yoshi to‘g‘ri kelmaydi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Agar shunchalik 22 yoki 24 yoshli futbolchilarning muntazam o‘ynashini xohlasak, unda yana bitta qo‘shimcha ligani yaratishimiz kerak. Yoki o‘rinbosarlar jamoasidagi o‘yinchilarning yoshi 18 dan katta bo‘lmasligi lozim. Chunki o‘rinbosarlar ligasi asosan oliy liga jamoalariga futbolchi tayyorlab beradi va o‘z nomi bilan bu tayyorlov vazifasini bajarib beradi. Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerakki, sun’iy ravishda o‘yinchilarni ko‘tarib bo‘lmaydi. Agar iqtidorli, kelajagi porloq futbolchi bo‘lsa qaysi murabbiy uni zaxirada ushlab turadi? Hech kim o‘ziga dushman emas. Albatta, o‘sha o‘yinchidan foydalanadi. Har bir murabbiy yaxshi yigitlarni qidiradi. Ammo sun’iy ravishda futbolchilarni maydonga tushirib o‘ynatishda murabbiy qanday qilib o‘ylagan taktik uslublarni qo‘llay oladi? Boz ustiga murabbiydan faqat natija talab qilinadi. Axir bu yil ikkita yosh futbolchi o‘ynagani qanchalik ta’sir qilganini hamma ko‘rdi. Ular kerak bo‘lsa hayajondan qanday o‘ynashni ham unutib qo‘yishdi. Meva beradigan daraxt o‘z-o‘zidan meva beraveradi. Yangi Amerikani ochish shart emas. Umuman olganda, bu to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qaror deb ayta olmayman. Rahbariyat bir nimani o‘ylab shuni yo‘lni tanladimi, demak qandaydir sababi bor. Lekin bizda futbol uchun sharoitlar yaxshilanib boryapti. Yangi stadionlar, ajoyib bazalar, infratuzilmalar o‘zgarmoqda.

“Sho‘rtan” bilan “Neftchi” oliy ligani tark etishi aniq bo‘ldi. Ushbu jamoalarning safida 24 yoshdan katta bo‘lgan futbolchilar bor-ku, ular nima qilishadi? To‘g‘ri, birinchi ligada dastlabki yili raqobatbardosh klublar ko‘payishi mumkin. Lekin saviyani ushlab qola olmasa, juda qiyin bo‘ladi. Birinchi ligadan oliy ligaga nechta jamoa chiqadi? Ochig‘i, bilmadim. Menimcha, bunisi ham hali noma’lum.

Ma’lumki, Usmon Qudratovich yarmi mavsum davomida “Andijon” klubining bosh murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Afsuski, uning jamoasi oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Umuman olganda, murabbiy uchun u erdagi faoliyati qanday kechdi? Yana ishlashda davom etadimi? Bu borada uning o‘zi shunday dedi.

- “Andijon” haqida gapiradigan bo‘lsam, men tushunmaydigan vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Kelgusi rejalar haqida kim bilan gaplashishim kerak? Rahbariyatni topa olmayapman. Futbolchilar esa menga murojaat qilishyapti. Ammo ularga nima deb javob berishni bilmayapman. Hali u erda qiladigan ishlarimiz ko‘p. O‘zi biz u erda yana ishlaymizmi-yo‘qmi, buni ham bilmaymiz. Tezroq jamoani tashkil qilish, yig‘inlar haqida gaplashish lozim. Tezroq ishni boshlash kerak. Endi birinchi ligada ham talab juda kuchli bo‘ladi. Saytda o‘qigan bo‘lsangiz, 31 dekabrga qadar barcha jamoa qarzdorlik yo‘qligi haqida federatsiyasiga xat berishi kerak. O‘zbekiston futbol federatsiyasiga borsam, hamma mendan “Andijon” haqida va u erdagi ishlarim to‘g‘risida so‘rashyapti. Hozircha ularga hammasi joyida deb aytyapman. Lekin gapirsak gap ko‘p.

"Andijon" PFK matbuot kotibi Sh.Jo‘raev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!