
Vazir sportni ommalashtirishga befarq bo‘lgan 5 nafar rahbar xodimni ishdan oldi
Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev aholining barcha qatlamlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish, mavjud sport inshootlarining moddiy-texnik ahvolini o‘rganish maqsadida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O‘rganish davomida Guliston tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida davlat mablag‘lari evaziga xarid qilingan ko‘plab sport jihozlari va inventarlari foydalanmasdan omborxonada saqlanayotgani, 2008 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati bazasida usti yopiq basseyn 2 yildan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgani, Yangier tumani bolalar va o‘smirlar sporti maktabidagi usti yopiq basseynning isitish tizimidagi nosozlik sababli yil bo‘yi foydalanish imkoniyati yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Vazir Dilmurod Nabiev yosh avlod salomatligi yo‘lida yirik miqdordagi davlat mablag‘lari hisobiga qurilgan ushbu inshootlar foydalanilmayotgani achinarli holat ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi ko‘rinishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olingan daromad hisobidan basseynlar ish faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligi ta’kidlandi.

Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda sport ta’limi muassasalari rahbarlariga yoshlarni sportga jalb etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish, har bir bolaga kunning istalgan payti ushbu muassasalarga tashrif buyurib futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, badminton kabi sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyat yaratish vazifasi topshirildi.

Vazir mazkur inshootlar qatorida bo‘lgan Boyovut va Xovos tumanlaridagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarining qurilishi yakunlanmay qolgan bazalarida bo‘lib, u erda mahalliy hokimlik mutasaddilari va qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot yakunida mazkur masala ijobiy hal qilinib, zarur mablag‘lar qisqa muddatda o‘tkazilishi belgilandi. Quruvchilardan sport ob’ektlarini qurishda, avvalo, sifatga e’tibor qaratish so‘raldi.

Tashrif davomida mutasaddilarga aholining keng qatlamini sportga jalb qilish, ayniqsa, sport bilan shug‘ullanmaydiganlar ro‘yxatini shakllantirib, ularga mos sport turlarini tavsiya etish orqali sportga jalb qilish, barcha yoshdagi aholining sport bilan shug‘ullanishi, korxona-tashkilotlar xodimlarida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya ko‘nikmasini shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, o‘zaro musobaqalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi yo‘lida davlat tomonidan yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanmasdan, o‘z holiga tashlab qo‘ygan 5 nafar rahbar xodimni egallab turgan lavozimidan ozod etdi.
Manbaa: UzA.uz
Fikrlar