
Xavotirga ne hojat?! "Zebralarni” quvlab yuborishga tayyor "Qirollik klubi” haqida
Madridning EChLda ketma-ket ikkinchi marta g‘olib bo‘lish ehtimoli qancha?
"Real"ni EChL chempioni sifatida ko‘ra olamizmi?
Albatta, buning uchun g‘alabaning o‘ziga xos retseptini qo‘llash kerak: jamoa ichidagi yakdillik, futbolchilarning eng yaxshi jihatlarini uyg‘unlashtirish, butun diqqatni o‘yinga qaratish, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari va albatta, bir chimdim omad.
Yilning eng muhim futbol oqshomi - EChL finaliga atigi bir kun qoldi. "Yuventus" va "Real Madrid" muxlislari intiqlik bilan 3 iyun oqshomini kutishmoqda.
Keling, bu to‘qnashuvning o‘ziga xos xususiyatlarini bir boshdan sarhisob qilamiz.
Turli taxminlar - "ehtimollar nazariyasi".
Final bosqichida har ikki jamoa g‘alabaga birdek da’vogarlik qiladi. Ikkala jamoaning ham chempionlikni qo‘lga kiritish imkoniyatlari deyarli baravar. G‘olib bo‘lish uchun qandaydir mo‘’jiza ro‘y berishini kutish esa g‘irt ahmoqlik. Final ostonasiga etib kelgunicha har ikkala jamoa ham etarlicha mehnat qildi, nimaga qodir ekanligini ko‘rsatdi. "Bavariya", "Atletiko", va “Barselona" kabi Evropaning etakchi jamoalarini "chetga surib chiqarishdi". Finalda qit’aning eng kuchli jamoalari kuch sinashishadi. Xo‘sh, imkoniyatlar darajasi teng bo‘lsa, muhokamaga ne hojat?
Tarkib.
Dastlabki tarkibdan kimlar joy oladi? Albatta, hech kim jarohatlardan kafolatlanmagan. Zamonaviy futbolda top klub murabbiyi jamoaning ikki xil tarkibidan birini tanlab olishi kerak bo‘ladi. Bu qoidadan "Real" ham mustasno emasligini inobatga oladigan bo‘lsak, Madrid etakchilari ikki xil uslubdan birini qo‘llash ehtimoli bor.
a) 4-3-1-2
Bu uslubning afzalligi nimada? "Atletiko" qarshi o‘yinda mudofaani yorib o‘tishga bu uslub juda asqatgan edi. "Atletiko" va "Yuventus" ning himoya va qarshi hujum borasida umumiy jihatlari ko‘p ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu uslub finalda ham qo‘l kelishi ehtimoli bor. Bu tarkibda Iskoning o‘rni beqiyos. Ammo o‘tgan bahsda Isko anchagina toliqqandek ko‘rindi, hal qiluvchi vaziyatlarda "qovun tushirib qo‘yganini" aytmasa ham bo‘ladi. Umid qilamizki, bu gal u ma’suliyatni his qilgan holda es-hushini yig‘ib oladi.
b) 4-3-3
Finalgacha Karvaxal va Beylning tuzalib ketishiga umid qilinmoqda. Bunday vaziyatda Danining tarkibga qaytishiga hech qanday shubha yo‘q. Beylning tarkibga kirish-kirmasligi borasida esa savollar tug‘iladi. Avvalo shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, finalda o‘z davrining qahramonlari to‘p suradi. Yaqindagina og‘ir jarohatni boshdan kechirgan va mavsumning aksariyat o‘yinlarida ishtirok etmagan Garet finalda talabga javob bera oladimi? U ishtirok etgan o‘yinlarida o‘zini kutilganidek namoyon eta olmadi, maydonga tushiboq qizil kartochka "sohibi" bo‘ldi. Ammo tanganing ikkinchi tomonini olib qaraydigan bo‘lsak, Garetning finalda nimalarga qodir ekanligi hech kimga sir emas. Uning tezkorligi va chidamliligi borasida hech qanday e’tirozga o‘rin yo‘q.
Hal qiluvchi vaziyatlarda eng asqatuvchi jihat bu- yuqori tezlik. Bunday vaziyatda esa Beyldan yaxshiroq nomzodni ko‘rsatish qiyin. Boshqa variantlar bo‘la turib, Zidan aynan BBC uchligiga katta umid bog‘layapti. Lekin bu har doim ham o‘zini oqlarmikan? Ushbu tarkibda ko‘p narsa Modrich va Kroosga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Asosiy tarkibning kuchli va ojiz tomonlari.
G‘alabaga erishishnin yagona yo‘li bu - kuchli jiqatlarga ko‘proq urg‘u qaratib, ojiz tomonlarini iloji boricha yashirish. Shundagina jamoa o‘zi uchun "Chempion" nomini kafolatlagan bo‘ladi.
Navas. Keylor mavsum oxiriga kelibgina "uyg‘ondi". Zarbalarga munosib javob qaytara boshladi. Uzining aynan shu jihatini finalda ham namoyon eta olsa, jamoa ishonchini oqlagan bo‘lardi. Raqib jamoaning pressinglari paytida unda ishonchsizlik seziladi. Mavsum avvalida yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarini keyingi o‘yinlarda "unutib qoldirgagi" uning o‘z ustida ishlayotganligidan darak beradi. Yaxshiyamki, salbiydan ijobiyga tomon o‘zgarmoqda, teskarisi bo‘lganda ish chatoq bo‘lardi. O‘zgarishlar chakki emas.
Marselo. U mavsumni har tomonlama yaxshi o‘tkazdi. Golli uzatmalari bilan barchani quvontirdi, o‘zi ham bir necha gollarni kiritishga ulgurdi. "Real"ning hujum qismida o‘z o‘rniga egaligini isbotladi. Faqatgina mudofaa va hujum orasida muvozanatni saqlay olmasligi gohida ko‘zga tashlanib qoladi. Toliqqani pand berib qo‘yadi. Karvaxal (maydonda 2 014 daqiqa) ning o‘rnini muayyan sabablarga ko‘ra Danilo (1 488 daqiqa) egallab turdi. Marselo esa (2 277 daqiqa) butun mavsum davomida almashuvlarsiz o‘ynadi. 3 iyungacha yaxshigina dam olsa, finalda betakror o‘yin ko‘rsatishi tayin.
Ramos va Varan. Markaziy himoyachi sifatida mavsumni qoniqarli boshlab olishdi. Keyinroq esa omad ulardan sal "arazladi" shekilli, ishlar boshqacha tus ola boshladi. Frantsuz jiddiy jarohat oldi, o‘z o‘rniga qaytganiga ham hali ko‘p bo‘lmadi. Varanning o‘zini yo‘qotib qo‘ygan holatlari kuzatildi. Ramos esa qaysi tomonga to‘pni uzatish kerakligini "chalkashtirib" yubordiyov. Shuni ham unutmaslik kerakki, markaziy himoyaning kuchlilik darajasi faqatgina Varan va Ramosga bog‘liq emas. Marselo o‘z vaqtida o‘rnini egallay olmasa, Kazemiro raqib zarbalarini qaytara olmay qolsa, muammo yuzaga kelishi aniq. O‘yinning eng xavfli nuqtasi ham aynan himoya, chunki raqib jamoaning birgina a’zosi hamma himoyachilarni yoppasiga dovdiratib qo‘yishi mumkin.
Tan olish kerak, Ramos va Varan nimalarga qodir ekanligini namoyish eta olishdi. Yuqori tezlik, vaziyatni to‘g‘ri baholay olish, havoda ham to‘pni muvaffaqiyatli qaytara olish - bularning barchasi Ramos va Varanga taalluqli. Butun jamoa diqqatini bir joyga qarata olsa, natija chiqishi aniq.
Karvaxal masalasida hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. U butun borlig‘i bilan o‘ynaydi. U har doim madridizmning amaldagi ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Karvaxal uchun o‘yinning ahamiyatlilik darajasi, miqyosi emas, natija muhim. Uning nozik tomoni bu - jarohatlar. Hal qiluvchi vaziyatlarda jarohat olib, "quyonning rasmini chizishi" bilan jamoani xunob qiladi. Final o‘yini bunday vaziyatlardan istisno bo‘ladi degan umiddamiz.
Kazemironing vaziyati ham Marselonikidan farq qilmaydi. U butun mavsum mobaynida almashuvsiz o‘ynadi. U har doim maydonning qoq markazida alohida ko‘zga tashlanib turadi. Tayanch yarim himoyachida bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha xususiyatlar unda mujassam. Ammo toliqish unga qanchalik ta’sir qildi? Bunday vaziyatda u ko‘proq Xabi Alonsoni eslatib yuboradi. Har holda ikkala braziliyalik ham o‘zlaridagi dam olish uchun bo‘lgan fursatdan unumli foydalanishadi deb o‘ylaymiz. Barchasi kuchni to‘g‘ri taqsimlay olishga borib taqaladi.
Kroos butun mavsum mobaynida bir xil maromni saqlab kelmoqda. U hech qachon o‘zining kuchli o‘yin tarziga “xiyonat qilmaydi”. Finalda ham hayratlanarli o‘yin ko‘rsata olishiga muxlislarning ishonchi komil. U har doim final bosqichlarida "oddiyroq" o‘yinlarga qaraganda yaxshi natija ko‘rsatadi. Kim biladi deysiz, balki unga bahsning "salobat"i ta’sir qilar?!
Modrich masalasiga keladigan bo‘lsak, ishlar maqtagulik darajada emas. Negadir bu mavsumda uning shashti anchagina past. Modrichning nimadandir bezovtaligi yaqqol ko‘zga tashlanib turdi. Aynan shu o‘rinda Zidanning "jamoaning har bir a’zosi qoniqarli vaziyatda", mazmunidagi gaplariga shubha paydo bo‘ladi. Lukito finalning ahamiyatini his etgan holda yaxshi o‘yin ko‘rsatadi degan ilinjimiz yo‘q emas.
Ronaldu Zidanning ishonchini to‘la oqladi, desak xato bo‘lmaydi. Aprel avvalidan liganing top-5 taligi doirasida eng ko‘p gol kiritgan ham Ronaldu bo‘ldi. "Bavariya" va "Atletiko" jamoalarini uchtadan gol bilan "siyladi". To‘g‘ri, ba’zida uzatmalarda xatolar bo‘lib turadi. Lekin KriRo har qanday vaziyatda o‘z vazifasini qoyilmaqom qilib bajara oladi.
Benzema esa butun mavsumni "shirin uyqu og‘ushida" o‘tkazdi. Faqatgina ikki marta: dekabrda hamda "Atletiko"ga qarshi yarim final bahsida uyg‘ondi, xolos. Benzemaning ishtiyoqi sust negadir. Avvalgi jiddiy to‘qnashuvlarda o‘zini yaxshi ko‘rsata olganigina uning finalda jamoa ishonchini oqlay olishiga umid paydo qiladi. Lekin bunday “bemalolxo‘ja”ni maydonda ko‘rish aksariyat “Real” muxlislariga yoqmasligi aniq.
Tarkibning eng ahamiyatli a’zolari: Isko va Beylga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular o‘yinning asosiy yukini elkalarida ushlab turishibdi. "Real" muxlislari Iskoni o‘yin avvalidayoq ko‘rishni istashadi. Axir, u buning uchun ozmuncha ter to‘kdimi?! Aynan u Zidanni jamoaning maydonda egallab turgan pozitsiyasini o‘zgartirishga undadi va buning uddasidan chiqdi ham. "Atletiko", "Selta", "Malaga" bilan bilgan to‘qnashuvlarda Isko o‘zini har tomonlama ko‘rsata oldi.
Beylning finaldagi ishtiroki borasidagi har qanday e’tirozlar ortiqcha. U o‘z qadrdon stadionida, qadrdon muxlislar qarshisida to‘p suradi. Uning maydonga qachon chiqishi masalasida esa, eng yaxshi payt bu - "Yuventus" himoyachilari holdan toya boshlaganida. Aynan o‘shanda uning tezkorligi jamoa manfaati uchun xizmat qiladi. Umid qilamizki, Beyl maydonda o‘zini "odobli" tutadi va qizil kartochkalar bilan safdoshlarini "quvontirmaydi".
Xulosa o‘rnida. "Yuventus" ustidan g‘alaba qilish uchun "Real"ga nima kerak. Yana o‘sha muvaffaqiyatning an’anaviy retsepti: jamoa ichida yakdillik, har bir futbolchining shaxsiy ustunliklari, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari va bir chimdim omad.
Jamoaning har bir a’zosi o‘ziga xos va betakror o‘yin ko‘rsata olishga qodir.
3 iyun oqshomi "Real Madrid" va uning ishqibozlari uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘lishini kutib qolamiz. Olg‘a, "Real"!
Saodat Abdurahmonova tayyorladi
Fikrlar