
“Xotin qizlar haftaligi”da yoshi ulug‘ onaxonlar ham badantarbiya mashg‘ulotlarini bajarmoqda
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yilning 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda “Ta’lim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi”, “Mahalla haftaligi”, “Nuroniylar haftaligi”, “Yoshlar haftaligi” kabi shiorlar ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazish vazifasi berilgan edi.
Ushbu topshiriqga muvofiq joriy yilning 8-13 oktyabr kunlari jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishda "Xotin-qizlar sport haftaligi" deb e’lon qilindi. Haftalik doirasidagi tadbirlar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda.
Haftalik mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot birlashmalari hamda mahallalarda tashkil etilib, unda badantarbiya, sportning shaxmat-shashka, badiiy gimnastika, voleybol, stol tennisi, badminton turlari bo‘yicha o‘yinlar o‘tkazilmoqda. Haftalikning dastlabki kunlarida 200 ming nafarga yaqin xotin-qizlar ishtirok etib, ular orasida 5 yoshli qizaloqlardan tortib 70 yoshli onaxonlar ham bor.
“Sog‘lom ayol – sog‘lom jamiyat” shiori ostida o‘tkazilayotgan haftalikda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari barcha xotin-qizlarni sport tadbirlarida faol qatnashishga chaqirmoqda. Vazirlik tomonidan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan bukletlar chop etilib, aholiga tarqatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-7 oktyabr kunlari respublikamizning barcha hududlarida “Yoshlar haftaligi” o‘tkazilib, unda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev aholi bilan birga badantarbiya mashqlarini bajargan edi.
Fikrlar