Yosh shayba ustalarining mahorati oshmoqda
Poytaxtimizda qad rostlagan “Next” savdo majmuasining muz saroyida yangi yilga bag‘ishlab xokkey bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi musobaqa bo‘lib o‘tdi. O‘ziga xos ushbu kichik turnirda “Binokor” xokkey klubining yosh tarbiyalanuvchilari turli yosh toifalariga bo‘linib (U-6, U-12, 13+), o‘zaro bahs olib bordilar. Reglament bolakaylarning yosh toifasidan kelib chiqqan holda 5 daqiqalik 3 davrdan iborat bo‘ldi.
“Biz bu o‘yinda jamoaga kelgan barcha yosh xokkeychilarni o‘ynatib ko‘rdik. Sababi yosh o‘yinchiga o‘zini jamoaning bir bo‘lagi ekanligini hozirdan uning qalbiga singdirish. Bu turnirni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini, xususan, xokkeyni targ‘ib qilishdir. Bolalarning barchasi chiroyli va tomoshabop o‘yin namoyish etishdi. Murabbiy sifatida ularning o‘yinidan to‘laqonli qoniqdim”, – deydi o‘z shogirdlarining ko‘zidagi ishtiyoqni ko‘rib turgan klub bosh murabbiyi Alisher Azimov.
Bunday musobaqalar yosh xokkeychilarga nima beradi? Keling bu savolga javobni yosh klyushka ustalarining o‘zidan bilib olsak. “Biz bunday turnirlarda o‘ynab, o‘z mahoratimizni yanada oshiramiz. Mashg‘ulotlar o‘z yo‘liga, lekin bizning haqiqiy kuchimiz shunday musobaqalarda ko‘rinadi. Asosiysi sheriklarimiz bilan yagona oila bo‘lib, bir-birimizni tushinib harakat qilishdek qobiliyatimiz shunday musobaqada oshadi”, – deydi yosh xokkeychi Azamat Babaev.
Turnir yakunida mag‘lub bo‘lmadi. Yosh sportchilarning ko‘nglini ko‘tarib, ularni yanada ruhlantirish uchun barcha jamoalar g‘olib topildi. Bunday o‘yinlardan nafaqat xokkeychilar, balki yig‘ilgan tomoshabin sifatida yig‘ilgan ota-onalar ham zavqlanishdi. Musobaqa yakunida barcha ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Aziza Islamova











Fikrlar