Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Saida Mahmudova O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining yangi prezidenti

CHERY AUTO

 

Tecno

Guvohi bo‘layotganingdek, so‘nggi paytda o‘zbek sportida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Sport federatsiyalar va assotsiatsiyalar rahbariyatidagi yangilanishlar ham ushbu islohotlardan chetda qolayotgani yo‘q.

Shu kungacha O‘zbekiston karate, taevkondo WTF, engil atletika, "Rowing & Canoe" federatsiyalarining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyalari tashkil qilinib, tashkilotlarga yangi rahbariyat saylandi va ular oldiga yangi vazifalar belgilab berildi.

Ana shunday konferentsiyalardan biri bugun O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi bilan o‘tkazildi. Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil qilingan ushbu yig‘ilishda MOQ hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi xodimlari ishtirok etdi.

Kun tartibidan o‘rin olgan asosiy masalalar tashkilotga yangi prezident, vitse-prezident va bosh kotib saylashdan iborat edi.

Sir emaski, stol tennisi bo‘yicha Osiyo mamlakatlari vakillari dunyo miqyosida etakchi hisoblanadilar. Ularga raqobat tug‘dirish borasida manaman degan davlat vakillari ham yaxshigina qiyinchilikka duch keladilar. Ammo, bugungi kunda sportning ushbu turi taraqqiy etgan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilish, o‘zbek sportchilarini ular bilan tengma-teng raqobatga tayyorlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Ana shularni hisobga olgan holda, sobiq sportchi, murabbiy, shu kungacha stol tennisi federatsiyasida bosh kotib lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi Saida Saidikromovna Mahmudova nomzodi tashkilot rahbarligiga taklif etildi. Delegatlar bir ovozdan S.Mahmudova nomzodini qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa, Saida Mahmudova O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi prezidenti etib saylandi.

Shundan so‘ng tashkilot vitse-prezidentligi uchun nomzodlar taklif etildi. Unga ko‘ra, Nazirjon Xudoyqulov va Grigoriy Xvan nomzodi ham yig‘ilganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bosh kotib lavozimiga esa Akmaljon Hamroev saylandi. O‘z navbatida Saida Mahmudova o‘ziga bildirilayotgan ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatini ishga solishini ma’lum qildi.

"Bu erda o‘tirganlarning deyarli barchasi bilan tanishmiz, birga ishlaganmiz. Umid qilamanki, hamjihatlikda o‘zbek stol tennisining mavqeini yanada yuqorilarga ko‘taramiz. O‘zimga bildirilayotgan ishonchni oqlashga harakat qilaman va buning uchun bor kuchimni berishga tayyorman", - dedi Saida Mahmudova.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!