
A Seriya. 29-tur uchrashuvlaridan so‘ng turnir jadvalida nima gaplar? (Foto)
Italiya A Seriyasining 29-tur o‘yinlari ham yakuniga etdi. Muxlislar mazkur turda bir-biridan qiziq va shiddatli uchrashuvlar guvohi bo‘ldi. Quyida muhim to‘qnashuvlarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Jumladan, Eldor Shomurodov boshchiligidagi "Kalyari" safarda "Montsa"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Daniel Maldinining jarima zarbasidan urgan super goli maydon egalariga 3 ochko taqdim etdi. Hamyurtimiz bellashuvni asosiy tarkibda boshladi hamda 84-daqiqada zaxiraga olindi.
Mazkur mag‘lubiyatdan so‘ng sardiniyaliklar 26 ochko bilan 16-pog‘onada ekanini ko‘rishimiz mumkin. Klubni xavflu hududdan atigi 2 ochko ajratib turibdi.
Yana bir muhim match Turinda o‘tkazildi. Unda mezbon "Yuventus" Genuyadan tashrif buyurgan "Jenoa" futbolchilariga qarshi saf tortdi. Maydon egalarining g‘alabasi taxmin qilingan bahs yakunda nursiz durang natija bilan yakun topdi. "Keksa senora" muxlislarini ranjitgan yana bir ma’lumot shundaki, to‘qnashuv oxirrog‘ida Dushan Vlaxovich ikkinchi sariq kartochkaga loyiq ko‘rildi hamda maydondan chetlatildi.
Ayni vaqtga kelib, Massimiliano Allegri shogirdlari 59 ochko bilan 3-o‘rinda ketmoqda. Qizig‘i, "zebralar" A Seriya doirasidagi so‘nggi 5 o‘yinning atigi bittasini o‘z foydasiga hal qila oldi, xolos.
Veronada kechgan "Verona" - "Milan" matchi mehmonlarning kutilgan g‘alabasi bilan tugadi. "Rossonerilar" mazkur g‘alaba evaziga ikkinchi o‘rinni qisman o‘ziniki qilib oldi. Ortda kelayotgan "Yuve" bilan farq 3 ochkoni tashkil etayotganini inobatga olsak, "qizil-qoralar" ham Evropa ligasida, ham A Seriyada beqaror harakat qilishning uddasidan chiqa olyapti.
29-turning eng muhim voqeligi Bergamodagi "Atalanta" - "Fiorentina" to‘qnashuvi atrofida sodir bo‘ldi. Mazkur match noma’lum muddatga ko‘chirildi. Uchrashuvni boshqa sanaga ko‘chirish taklifi mehmonlardan chiqqan.
Ma’lum bo‘lishicha, florentsiyaliklar bosh direktori Jo Barone yurak hastaligi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Uning o‘lim bilan olishayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Shu sabab bahs boshqa muddatda o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Hozircha aniq sana oshkor etilmadi.
Yurtdoshimiz Eldor Shomurodovning transfer huquqiga egalik qiluvchi "Roma" esa o‘z maydonida "Sassuolo"ni taslim etdi. Sardor Lorentso Pellegrini yagona golga mualliflik qildi.
Daniele de Rossi boshchiligidagi "bo‘rilar" to‘dasi mazkur g‘alaba evaziga chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashga qaytdi. 4-pog‘onadagi "Bolonya" bilan farq atigi 3 ochkoni tashkil etadi. Agar rimliklarning bu ketishi bo‘lsa, bu farq tezda yo‘qqa chiqarilish ehtimoli yuqori.
Turning markaziy uchrashuvi esa "Inter" va "Napoli" jamoalari o‘rtasida kechdi. Evropa chempionlar ligasida navbatma-navbat chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yilgan klublar endi bor e’tiborini A Seriyaga qaratishi taxmin qilingandi. Shuningdek, ushbu "jang"ga qadar Milan grandi ichki birinchilik doirasida naq 10 o‘yinlik g‘alabali seriya namoyish etib kelayotgandi. Biroq to‘qnashuv yakunida Kaldzone jamoasi qiyin raqibdan safarda ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Shunga qaramay, "neradzurrilar"ning chempionatdagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 24 o‘yinga etgani ham muhim ma’lumotlardan biri bo‘la oladi.
Marhamat, quyida 29-turda qayd etilgan barcha natijalar va turnir jadvali bilan tanishish imkoniga egasiz! Ma’lumot uchun, "yulduzcha"da ajratib qo‘yilgan "Atalanta" va "Fiorentina" yuqoridagi voqea sabab bitta kam o‘yin o‘tkazganini anglatadi.
Fikrlar