Abramovni top-murabbiy, deb atagan rossiyalik mutaxassis hali ham shu fikrdami? O‘FAning ishiga nega tushunmadi? Tishenko bilan suhbat

  • 17 iyun, 2021, 21:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Yodingizda bo‘lsa, milliy terma jamoamizning avvalgi yig‘inida murabbiylar shtabiga rossiyalik Viktor Grigorevich Tishenko qo‘shilgandi. O‘shanda, u Vadim Abramovga yordamchi murabbiy sifatida ishga kirishganligi aytilgan.

O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va ayrim o‘rtoqlik uchrashuvlarida terma jamoamizda ishladi. Lekin Saudiya Arabistonidagi rasmiy bahslarda ko‘rdikki, Tishenko Abramovning murabbiylar shtabida yo‘q edi. Natijada Viktor Grigorevich bilan bog‘landik.

Gapning ochig‘i, Tishenko bilan O‘zbekistonning Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinidan keyin suhbatlashishga kelishib olgandik. Natijada kelishuvga ko‘ra, yarim tun bo‘lishiga qaramay, rossiyalik mutaxassis sports.uz muxbiriga biroz vaqt ajratdi.

- Viktor Grigorevich, O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shuning evaziga termamiz saralashning yakuniy – uchinchi bosqichiga chiqa olmadi. Biroz bo‘lsa ham terma jamoamizda ishladingiz. Bizning jamoani kuchsiz, deb hisoblaysizmi?

- Yo‘q. Bunday deb hisoblamayman. O‘yinni shunday ko‘rish kerakki, unga rostmona baho berish lozim bo‘ladi. Saudiya Arabistonining kuchini tasavvur qila olmayman. Faqat shuni bilamanki, ularda pul juda ham ko‘p. Qolaversa, arablar barcha uchrashuvlar o‘tkazilgan o‘yinlarni o‘z maydonida qabul qildi. Ustiga-ustak bir hafta ichida birin-ketin uchta uchrashuvni o‘tkazish juda murakkab.

tishenko1_1

- Bosh murabbiyimiz Vadim Abramov taktik xatoga yo‘l qo‘ydi. Shaxsan siz unga ishonarmidingiz?

- Sizning jamoangizda har bir chiziqda etakchi futbolchilar bor. Uchrashuvni terma jamoangiz qaysi tarkibda o‘tkazganidan bexabarman. Shuningdek, oldingi o‘yin borasida ham huddi hozirgi fikrimni bildirishim mumkin. Shu sabab o‘zim ko‘rmagan o‘yinlarga baho berish, uni muhokama qilish juda qiyin ish. Bundan tashqari, o‘yinlar chog‘ida hakamlik saviyasi qanday bo‘lganini tasavvur qila olmayapman. Ammo o‘yinlarni uch kunlik oraliqda o‘tkazish har qanday terma jamoa uchun qiyinchilik tug‘dirmasdan qolmaydi. Omadsizlikning asosiy sababi ham mana shunda bo‘lsa kerak. Abramovni qo‘l ostidagi jamoada qanday muhit hukm surayotganidan ham bexabarman. Albatta, murabbiy o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda o‘yin uchun tarkibni tanlagan. Hammasi murabbiyning qarashlariga bog‘liq. Bundan boshqa bir narsa deyishim qiyin. Abramovning xatolarini muhokama qilishim qiyin. Qolaversa, o‘yinni tomosha qilmadim ham.

- Nima sababdan ham bizning terma jamoada unchalik ko‘p qolmadingiz?

- Men shaxsiy masala, oilaviy shart-sharoit tufayli terma jamoangizda qolib, ishlay olmadim.

tishenko3

- Agar yodingizda bo‘lsa, Vadim Abramovni top-murabbiy deb atagandingiz. Hozir ham shu fikringizda turibsizmi?

- Ha, bu borada fikrimni o‘zgartirganim yo‘q. Uni top-mutaxassis, deb o‘ylayman. Umuman aytganda, o‘yinni yutadigan ham, yutqazadiganlar ham barchasi murabbiylardir. Agar murabbiy o‘yinni boy berar ekan, oldingi uchrashuvlarda g‘alabalarga erishganligini hech kim eslamaydi va shu zahoti uni yomon mutaxassis, deb aytishga tushishadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, futbolda jamoa yutadi, murabbiy yutqazadi, degan maqol o‘ylab topilgan.  

- Sizning nazaringizda terma jamoamizga munosib o‘yinchilar jalb qilinganmi?

- Bu haqida ham bir narsa deyishim qiyin. O‘yinchilaringiz xususida ko‘p narsa bilmasdim. Faqat Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov va Oston O‘runovni tanirdim xolos. Shundoq ham bu futbolchilarni hamma joyda bilishadi. Qolgan ijrochilar bilan tuzukroq tanishishga, birga ishlashga deyarli ulgurganim ham yo‘q. Ularni yaqindan bilish uchun qisqacha tashkil etiladigan yig‘in kamlik qiladi. Bundan tashqari, terma jamoaga o‘yinchilarni jalb etish chog‘ida selektsiya masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelinadi. Eng murakkabi terma tarkibiga turli mamlakatlarda faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar ham chaqirilgani bois ularning qanday sport formasida ekanligini bilish amrimahol. Yana shuni aytishim kerakki, futbol assotsiatsiyangiz rahbariyatining ishga bo‘lgan yondashuvi men uchun tushunarsiz. Chunki bosh murabbiy yordamchisi terma jamoaga futbolchilar birin-ketib etib kelayotgan paytdagina qaytadi. Vaholanki, u boshqa mamlakatlarda to‘p surayotgan va terma jamoaga nomzod bo‘lgan o‘yinchilarni doimo kuzatib borishi kerak. Terma jamoada bosh murabbiy assistentining vazifasi juda salmoqli bo‘ladi. Ammo termangizda men bunday holatni ko‘rmadim. Braziliyada, umuman olganda, butun Janubiy Amerikada terma jamoa ustozini selektsioner, deb ataydilar. Menga esa termada vaqti-vaqti bilan ishlashni taklif qilishdi. Shu sabab ishga bu tariqa yondashuv ham menga ma’qul kelmaganini aytmog‘im darkor. Terma jamoaning omadsizligida birgina bosh murabbiyni aybdor sifatida ko‘rsatish kerak emas. Bunda barchaning aybi bor.

tishenko

- Terma jamoamizdan vaqtida ketgansiz, deyish mumkin. Aks holda Abramov va uni shtabidagilar kabi hozir sizni ham asosiy aybdorlar sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lishardi...Shu fikrga qo‘shilasizmi?

- Yo‘q, bu fikrga qo‘shilmayman. 25 yoshimda bosh murabbiy bo‘lib ishlaganman. So‘ngra, “Lokomotiv “ Moskva, “Dinamo” Kiev kabi nomdor klublarda sport direktori lavozimida mehnat qilganman. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z ishimni yaxshi bilaman.

Assotsiatsiyangizning ishga bo‘lgan munosabatini sira tushunmadim. O‘yin tugar-tuganmas hammangiz asosiy aybdor sifatida bosh murabbiyni ko‘rsatishga tushgansiz. Yuqorida aytganimdek, omadsizlikda faqat bosh murabbiy emas, qolganlarning ham birdek aybi bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Super star
18/06/2021 00:00
HAMMA AYB LIGANER VA MURABIYLARDA ASLIDA BIZ LIGANERLARDAN VOS KECHISHIMIZ KERAK NEGA CHUNKI ULAR BIR BIRINI TUSHUNMAYABTI VA JONINI BERIB BOR KUCH BILN OʻYNAMAYABT VA BIZGA YAXSHI SAVIYADAGI TALABCHAN MURABBIY KERAK JCHGA CHQISH UCHUN XOXISH ISHTIYOQ FUTBOLCHI OʻZ KASBINI SEVISHI KERAK KAROCHI BIZNI LIGANERLARIMIZNI 100 % DANGASA VA QOʻRQOQ AGAR XOXISH BOʻLSA TOGʻNI TALQON QILSA BOʻLADI
&
Ашуров Бахтийор
18/06/2021 08:09
Мураббий масқарабоз бўлса футболчиларда нима айб?Бу тактик схемада хаттоки дунё юлдузлари ҳам мондраж бўлиб қолишар эди.Кечаги ўйинда футболчилар қаердалигини ҳам,унутиб қўйишди.Бу кимса ҳам,УФА ҳақида хақиқатни айтгани билан Абрамовни топ мураббийлар қаторида кўришдан русчасига айтганда-польдурак.


Super star
18/06/2021 23:08
Aka xoxish boʻlsa taktikani qizigʻi yoʻq xatyabi nichya uchun oʻynardi xoxish yoʻq trenir dalbayob bizga talab qiladigan jon kiydiradigan trener kerak liganerla ishtiyoq yoʻq Suriya Yaman ummon tojikiston qarang bizdan yaxwi oʻynayabti gap trenirovka mashgʻulotlari emas 50 50 bollarda ishtiyoq yoʻq qisqa qilib aytganda qoʻrqoq
PROSTO TELE
17/06/2021 23:05
Шу хам одамми. Абрамовни хамтовокларидан бирику. Бошка одам топилмадими сухбат килгани.