Agar Fayzullaev TsSKAdan ketsa...
Abbosbek Fayzullaevning Evropaga yo‘l olishi hujumkor futbolchimizning 2023 yil avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tganidan beri eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylangan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqqanidan keyin va bu muvaffaqiyatda Abbosning ham hissasi kattaligini inobatga olib, Fayzullaevning kelajagi haqidagi muhokamalar yana avjiga chiqdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, yaqinda o‘z safiga Eldor Shomurodovni qo‘shib olgan “Istanbul Bashakshehir” Abbosbek Fayzullaevni transfer qilish harakatida ekan.
Abbosning birinchi murabbiyi Dmitriy An shogirdining TsSKAdan ketishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirdi.
- Men Abbos bilan uning kelajagi haqida gaplashishni istayman. Klub rahariyati va muxlislar uchun uning jamoada qolib, oxirigacha o‘ynab berishi yaxshi.
TsSKAning ashaddiy muxlislari Abbos klub bilan yangi shartnoma imzolamayotganidan xafa bo‘layotgani haqida xabarlar tarqalyapti. Agar Abbos ketsa ham, jamoani munosib tarzda tark etadi. Hozir Fayzullaev kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti. Uning asosiy tarkibdan mustahkam joy olishini istaymiz. Lekin men yangi murabbiy bilan vaziyat qanday ekanini bilmayman.
TsSKA rahbariyati bu vaziyatga professionallarga xos yondashadi. Ular Abbos masalasida to‘g‘ri qaror qabul qiladi, - dedi Dmitriy An.
Abbos Fayzullaev uchun 2025 yil muvaffaqiyatli o‘tmoqda. 21 yoshli hujumkor futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqishiga o‘z hissasini qo‘sha oldi.
Klublar miqyosida ham legioner sifatida ilk yutuqlarini qo‘lga kiritdi. Rossiya Premer-ligasining bronza medalini qo‘lga kiritgan Fayzullaev Rossiya kubogiga ham ega chiqdi. Yozda yana bir rasmiy uchrashuv – Rossiya Superkubogida “armiyachilar” mamlakatning amaldagi chempioni “Krasnodar”ni engib, bosh sovrin sohibi bo‘ldi.
Abbosbek Fayzullaev bir yilda ham Rossiya kubogi, ham Superkubogiga sazovor bo‘lgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ydi.
2023 yilning avgustidan beri o‘zbekistonlik legioner “armiyachilar” jamoasida jami 72 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatgan.
Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan sakkiz million evroga baholanayotgan Abbosbek Fayzullaevning TsSKA bilan tuzgan shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Husanovga xushxabar!



Fikrlar