
"Agent menga qo‘ng‘iroq qilmagunicha "Lokomotiv"ning pro ligaga tushib ketganini bilmagandim". "Navbahor"ning sobiq legioneri "Loko" bilan shartnoma tuzgach, yana nimalarni aytdi?
Yaqinda “Lokomotiv” klubi Boyan Naydenovning transferini e’lon qildi. Makedoniyalik himoyachi 2021 yilning ikkinchi yarmida “Navbahor” sharafini himoya qilgan. Bir yarim yildan so‘ng himoyachi yana yurtimizga qaytdi.
Bu yil 32 yoshni qarshilaydigan legioner pro ligada to‘p suradi. Shartnoma imzolandi va u rasman “temiryo‘lchilar” a’zosi. Boyan Sports.uz uchun fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Boyan, O‘zbekistonga qaytganingiz bilan tabriklayman. “Lokomotiv” varianti qanday paydo bo‘ldi?
- Taklif kutilmaganda keldi. Menda “Lokomotiv”dan oldin allaqachon tanlov imkoniyati bor edi. Boshqa davlatda faoliyatimni davom ettirmoqchi bo‘lib turgandim. Makedoniyada o‘ynashga yaqin edim. Yana biri O‘zbekistondan uzoqroq edi. Ammo men ortga qaytishga qaror qildim. Chunki o‘zbek futboli bilan tanishroq edim.
- “Navbahor”dan keyingi faoliyatingiz qanday kechdi? Yurtimizni sog‘indingizmi?
- “Navbahor”dan keyin faoliyatim o‘zim xohlagandek davom etmadi. Namangandan ketgach, bir qancha takliflar oldim. Menimcha, eng yomonini tanladim. Men Chernogoriyaga ketdim va u erda chempionat boshlanishiga atigi bir necha tur qolgandi. 6 ta o‘yinda maydonga tushdim va jarohat oldim. Ikki oy mobaynida gimnastika zalida mashg‘ulot o‘tkazishga majbur bo‘ldim. Undan so‘ng Makedoniyaga qaytdim. U erda yana doimiy ravishda maydonga tushishni boshladim. Baxtga qarshi birinchi marta koronavirusni yuqtirib oldim. Bir oy mobaynida maydondan tashqarida bo‘lishga majbur bo‘ldim. Shunday ekan, ha, sizning davlatingizni sog‘indim, deya olaman.
- “Lokomotiv” klubiga o‘tishingizga asosiy sabab nima bo‘ldi? Vaholanki, klub Superligada yaxshi natija ko‘rsata olmadi va pro ligaga ravona bo‘ldi...
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, agent menga qo‘ng‘iroq qilmagunicha “Lokomotiv”ning pro ligaga tushib ketganini bilmagandim. Lekin hali ham mening fikrimcha, “Lokomotiv” juda yaxshi klub va Superligaga qaytishga munosib.
- Faoliyatingizni pro ligada davom ettirish siz uchun ortga tashlangan qadam emasmi?
- Hozircha men bunday deb o‘ylamayman. Umid qilamanki, biz “Lokomotiv”ni o‘zi loyiq bo‘lgan joyga qaytara olamiz. Tepamizda Xudo bor. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Oldindan hech nimani bilib bo‘lmaydi. Maqsadim O‘zbekistonda bir necha yil qolish. Chunki sizning mamlakatingizni juda yaxshi ko‘raman. Ajoyib insonlar va ayniqsa Toshkent menga juda ham yoqadi.
- “Lokomotiv”da siz uchun tanish futbolchilar bormi?
- Bilamanki, Ivan Solovyov men bilan birga o‘ynaydi.
- Sobiq klubingiz – “Navbahor”ni kuzatib bordingizmi? Qanday fikr bildira olasiz?
- Ha, men “Navbahor”ni deyarli butun mavsum davomida kuzatdim. Qachonki, vaqtim bo‘lishi bilan jamoa o‘yinini tomosha qildim. To‘g‘risni aytaman, ularning hech bo‘lmaganda bitta titul yutishini juda xohladim. Shunga muxlislik qildim. Mening fikrimcha, Babayan kelganidan keyin o‘tgan bir yarim yil mobaynida jamoa ko‘rsatgan o‘yin hech bo‘lmaganda bitta sovrin yutishga arzirli holatda edi.
- “Lokomotiv”ga qachon qo‘shilasiz va maqsadingiz nima?
- Yangi yil ta’tilidan so‘ng jamoaga qo‘shilaman. Rosti, buni sabrsizlik bilan kutyapman. Mening maqsadim, yuqorida aytganimdek, “Lokomotiv”ni o‘zi loyiq bo‘lgan joyga qaytarish.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar