AGMK lageridan daraklar
20 kunlik qishki ta’tildan qaytgan AGMK jamoasi Qibraydagi qarorgohda to‘plandi va yil oxiriga qadar davom etadigan dastlabki yig‘inni boshladi. Hordiq chiqarib qaytgan jamoa klub qarorgohida to‘plandi va yangi mavsumga tayyorgarlik doirasidagi ilk yig‘inga kirishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki kungi mashg‘ulot engil, asosan yugurish va chigalyozdi mashqlari bilan o‘tkazildi. Dastlabki yig‘in doirasidagi mashg‘ulotlarda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi murabbiylar shtabi futbolchilarning jismoniy holatini tiklash jarayoniga ko‘proq e’tibor qaratishdi. Yil so‘nggiga qadar davom etadigan 6 kunlik mashg‘ulotlarda futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga e’tibor qaratiladi.
AGMK jamoasining transfer siyosati, selektsiya va tarkibdagi o‘zgarishlar borasida yangi yil, ya’ni yanvar oyidan e’tiboran boshlanadigan ikkinchi yig‘in oldidan ma’lumotlar beriladi. Hozircha tarkib borasida o‘zgarishlar yo‘q.
Mazkur yig‘in 29 dekabrga qadar davom etadi va shundan so‘ng yangi yil bayrami munosabati bilan futbolchilarga qisqa muddatli ta’til beriladi.

Fikrlar