
"Al-Tavun" murabbiyi: "Ishqibozlar shuni bilishlari kerakki, menda ham "Navbahor"da ishlash xohishi yo‘q emasdi"
Serbiyalik tajribali mutaxassis Nikola Lazarevich o‘zbek futboli haqida o‘ziga yarasha tasavvurga ega. Boisi, u ko‘p yillar davomida Tojikistonda terma jamoalarni, “Istiqlol” va “Xo‘jand” kabi klublarni boshqargan. Shuning uchun o‘zbek jamoalarini ham bilardi.
Yaqinda “Navbahor” klubidan ushbu mutaxassisga qiziqish bo‘lgani haqida eshitib qoldik. Shu sababli, sports.uz muxbiri Lazarevich bilan aloqaga chiqdi. Suhbat davomida uning Saudiya Arabistonida “Al-Tavun” jamoasi bosh murabbiyiga yordam berayotganini bildik.
- Janob, Lazarevich, sizga “Navbahor” klubidan taklif bo‘lgani haqida eshitgandim. Klub bilan muzokara olib borganingiz rostmi?
- Barcha o‘quvchilaringizga alangali salomimni etkazing. Ha, siz to‘g‘ri eshitibsiz, ammo “Navbahor”dan aniq taklif bo‘lmadi, faqat gap-so‘zlar yurdi xolos. Ular mening hamkasbim bilan gaplashgan. Menda ham xohish yo‘q emasdi, ishqibozlar shuni bilib qo‘yishlari kerak. Ular meni jamoa bosh murabbiy rolida ko‘rishni istagandilar. Biroq klub o‘zining oldingi murabbiyi qo‘l ostida qoldi.
- Lekin “Navbahor” birinchi turda yutqazganidan keyin bosh murabbiyni almashtirdi va ikkinchi turda g‘alaba qozondi. Bu haqda fikringiz qanday?
- Men ko‘rganim yo‘q, ammo shuni his qilib turardim. Bosh murabbiy bilan munosabat nima sababdan o‘zgarganini bilmayman. Ehtimol, buning uchun qandaydir sabablar bo‘lgandir, biroq har qanday murabbiyga boshlagan ishini nihoyasiga etkazish uchun vaqt berish kerak. Shunda, u o‘z ishini bajaradi va oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida astoydil ter to‘kib ishlaydi. Birgina o‘yin hech narsani hal qilmaydi. Lekin u erda nima voqea yuz berganidan mening xabarim yo‘q. Biroq shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, “Navbahor” bu mavsumda o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarish uchun oxirigacha kurasha oladi.
- Umuman aytganda, “Navbahor” haqida nimalarni bilasiz?
- Avvalo, shuni alohida ta’kidlashim kerakki, jamoa muxlislari menda benihoya katta taassurot qoldirdilar. Ularning sevimli jamoasini bu qadar qo‘llab-quvvatlashlaridan shuni tushunib etdimki, Namangan futbol shahri ekan. Keyin shuni bildimki, klubda tojikistonlik zo‘r futbolchi – Panshanbe bor. Aytishim kerakki, bu klubda katta salohiyat bor va undan yuqori natijalarni kutish mumkin.
- Chempionatimizda sizga yana qaysi klublardan qiziqishlar bo‘ldi?
- Yanvarda “Dinamo” klubidan menga yaxshi taklif kelib tushgandi. Ammo bu paytda men Liviyaning “Al-Nassr” jamoasi bilan muzokara olib borganim uchun bu taklifni qabul qilmagandim.
- Hozirga murabbiylik ishingizni qaerda davom ettiryapsiz?
- Hozirda men Saudiya Arabistonining “Al-Tavoon” klubidaman. Arab Superligasiga meni do‘stim Nestora chaqirdi. Shu bois, o‘ylab o‘tirmay, o‘sha erga yo‘l oldim. Saudiya Arabistoni futboli haqida ilgari ham ko‘p narsalarni eshitganman. Bu erga kelgach, hammasi aytilgan darajada ekanligiga guvoh bo‘lyapman. Arab birinchiligida ishtirokchi jamoalarning saviyasi juda yuqori. Shuningdek, klublar tarkibida yuqori mahoratli legionerlar bor. E’tiborlisi, Saudiyada infratuzilma, mashg‘ulot markazi xuddi G‘arbiy Evropa futbolinikini eslatib yuboradi.
- Chempionatimizda serbiyalik legionerlar ko‘p. Ulardan kimlarni yaqindan bilasiz?
- Albatta, joriy yilda O‘zbekiston chempionatida serbiyalik bir qator futbolchilar to‘p surmoqda. Ularning ko‘pchiligi qobiliyatli o‘yinchilardir. Men Toshkentda hamyurtlarim bo‘lgan ko‘plab futbolchilar bilan uchrashdim. Ularni o‘zbek chempionatida to‘p surishayotganidan xursand ekanliklarini shundoq bilib olish mumkin edi. Shak-shubhasiz, Dragan Cheran eng zo‘r futbolchidir. Shuningdek, Ivan Yosovich bilan Vladimir Bubanya kabi ijrochilar ham barchada yaxshi taasurot qoldirib kelmoqda. Misol tariqasida, ikkisining o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarini esga olish mumkin. Shuningdek, joriy yilda “Navbahor”ga serbiyalik yangi futbolchilar kelishdi. Bu esa bizning o‘yinchilarda o‘zbek birinchiligida o‘ynash istagi chakki emasligidan dalolat beradigan holatdir.
- Serbiyada o‘zbek futboli haqida nimalarni gapirishadi?
- Serb futbol ishqibozlari o‘zbek chempionati haqida ko‘p narsalarni bilishmaydi. Qolaversa, Serbiya televideniesiga o‘zbek Superligasi o‘yinlari namoyish etilmaydi. Agar namoyish etilganidami, ishqibozlarimiz Superligangizda serbiyalik ko‘plab futbolchilar o‘ynayotganiga amin bo‘lardilar. Shu boisdan ham ular chempionatingizdagi serb legionerlari o‘yinlarini kuzata olmaydilar. Ammo ilgari ham aytgan gapimni takrorlayman: o‘zbek futbolining saviyasi ancha yuqori. Shu sababdan ham, keyinchalik yurtingizga Serbiyadan yana futbolchilar kelishi mumkinligiga shubha qilmayman. Ular O‘zbekistonga kelganlaridan so‘ng, ortga qaytgilari ham kelmasdan qoladi. Yana shuni ishonch bilan aytishim kerakki, o‘zbek futbolchilari ham serb chempionatida to‘p surish uchun yo‘l oladilar.
Fikrlar