
Ana xolos! 36 yoshli Jeparov terma jamoadagi faoliyatini yakunlamoqchi emas
O‘zbek futboli afsonalaridan biri – Server Jeparovning hali ham muxlislari ko‘p. Xabaringiz bo‘lsa, tajribali yarim himoyachi hozirgi paytda faoliyatini Qozog‘istonning “Jetisu” klubida davom ettiryapti. O‘tgan yili Eron chempionatida to‘p surib yaxshi taassurot qoldirgan o‘yinchi endilikda qo‘shni qozog‘istonlik muxlislarning ham mehrini qozonishni maqsad qilgan ko‘rinadi. Ammo u 36 yoshda ekanligini ham unutmaslik kerak. Yana bir e’tiborga molik tomoni shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Ektor Kuper uni dastlabki yig‘inga taklif qilmadi.
Futbolchi bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Milliy terma jamoamizni tajribali murabbiy qabul qilib olganidan juda xursandman. Uning terma jamoaga meni chaqirmaganiga kelsak, hammasini to‘g‘ri qabul qilish kerak. Axir bosh murabbiy jamoaga kimlarni chaqirishni o‘zi hal qiladi. Chunki har bir mutaxassisning o‘yinni tashkil etish borasida o‘z g‘oyalari bo‘ladi. Bevosita o‘zimga kelsak, terma jamoadagi faoliyatimni tugatish niyatim yo‘q. Bu o‘z navbatida klub miqyosidagi faoliyatimga ham taalluqlidir. Sababi, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Shuning evaziga to‘p suradigan klubim oldiga qo‘yiladigan vazifalarni bajarishda foydam tegishi mumkinligiga ishonaman. Men buni “Istiqlol”da to‘p surib yurgan chog‘imda ham isbotladim. Ushbu jamoa bilan Osiyo Chempionlar ligasi chorak finaliga chiqdim.
Tajribali futbolchi bilan suhbatning to‘liq matnini tez orada saytimizda o‘qishingiz mumkin. Bizdan uzoqlashmang!
Fikrlar