"Andijon" "Bunyodkor"ga qarshi maydonga tushadi. U21 jamoasi esa Qirg‘iziston klubi bilan o‘ynaydi
FIFA kunlari boshlanganligi sababli milliy chempionatimizda biroz tanaffus yuzaga kelganligidan yaxshi xabardorsiz. “Andijon” jamoasi esa 3 sentyabrdan o‘z qarorgohida tayyorgarligini davom ettirib kelmoqda. Taqvim bo‘yicha klubning keyingi uchrashuvi 15 sentyabrga belgilangan bo‘lib, shu kuni “Bobur arena”da Toshkentning “Lokomotiv”ini qabul qiladi. Ungacha yana bir haftadan ortiq vaqt borligi sababidan orada o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Shu maqsadda “Andijon” ertaga Toshkentda “Bunyodor” klubiga qarshi nazorat bellashuvida maydonga tushadi.
Bundan tashqari, “Andijon” U21 jamoasi ham rejaga binoan bir necha kundan buyon mashg‘ulotlarini davom ettirib kelyapti. Tabiiyki, yoshlar uchun ham o‘rtoqlik o‘yini zarur edi. Shu maqsadda “Andijon” U21 ertaga xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Qirg‘iziston Premer-ligasi qatnashchisi – “OshMU Aldier” U21 jamoasiga raqib bo‘ladi.
Ma’lumkot uchun, “OshMU Aldier” jamoasi Qirg‘iziston chempionatida 18-turdan keyin ayni paytda musobaqa jadvalida 12 ochko bilan 9-o‘rinni egallab turibdi. Jamoani mahalliy tajribali mutaxassislardan biri Aleksandr Beldinov boshqarib bormoqda. “OshMU Aldier” safida andijonlik muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan, jamoaning sobiq futbolchisi – Saidumar Sodiqov to‘p surib kelmoqda. Undan tashqari, mazkur klub safida yana boshqa hamyurtlarimiz – Andrey Sidorov, Akmal Rahimov, Otabek Mo‘minov, Sarvar Mirzaev, Maradona Safarov va Ismoil Oxunjonov ham faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda.
Ertaga “Bunyodkor” – “Andijon” uchrashuvi soat 18:00 da, “Andijon” U21 – “OshMU Aldier” ishtirokidagi bahs esa 16:00 da boshlanadi.
"Andijon" matbuot xizmati.

Fikrlar