
"Andijon" "Paxtakor" va OKMKda to‘p surgan futbolchilar bilan shartnoma tuzdi
Andijonlik ishqibozlar mehrini qozongan va o‘z vaqtida “Andijon” klubida to‘p surgan ajoyib yarim himoyachi Doniyor Abdumannopov yana o‘z jamoasiga qaytdi.
24 yoshli o‘yinchi “Andijon” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2019, 2020 va 2021 yilgi mavsumda “Burgutlar” uchun to‘p surgan. 2021 yilning yozida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasiga yo‘l oldi. Shundan keyin Doniyor “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”, “Navbahor” va “Paxtakor”da faoliyat olib bordi.
Abdumannopov 2024 yilgi mavsumda “Paxtakor” tarkibida Superliga, O‘zbekiston Kubogi va Osiyo Chempionlar ligasida hammasi bo‘lib, 24 ta o‘yinda maydonga tushdi. Uchrashuvlarda u 4 ta gol urdi va 4 ta assist vazifasini bajardi.
Endi Doniyor 2025 yilgi mavsumni yana “Andijon” lisobida o‘tkazadi.
Ьundan tashqari, qishki selektsiyada yana bir kelishuvni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
“Andijon”ning yangi transferi – darvozabon Valijon Rahimov!
Ma’lumot uchun, Valijon Rahimov 1995 yilning 16 fevral sanasida Urganch shahrida tavallud topgan. 2020 yildan beri u OKMK jamoasi sharafini himoya qilib kelgan.
Katta futbolga “Xorazm” jamoasida qadam qo‘ygan. Keyinchalik “Paxtakor” U18, “Lokomotiv” BFKda faoliyat olib borgan va shundan so‘ng Turkiya chempionatia yo‘l olgan. U erda Rahimov “Sultanorxanspor”, “1920 Mara Spor” hamda “Sayirova Spor” klublarida o‘ynagan.
Bu yilgi mavsumda Valijon OKMK tarkibida 9 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
"Andijon" matbuot xizmati.
Fikrlar