
"Andijon" posboni: "Bundan fojea yasash kerak emas"
Pro liga favoritlaridan biri – “Andijon” chempionatning dastlabki turida safarda “Zomin”ga qarshi bahsda durang o‘ynab qaytganidan xabardorsiz. O‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan Eldor Adhamov o‘sha o‘yin borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchi o‘yinda natija qoniqarsiz bo‘ldi. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Rahbariyatdan ham, muxlislardan ham uzr so‘raymiz. O‘yinimiz o‘xshamaganiga kelsak, futbolda mayda-chuydalar bo‘lmaydi. U erda maydonning o‘ti balandroq edi, birinchi taymda shamol ham qiynadi. Mana shunday qilib maydonga moslashgunimizcha birinchi bo‘lim o‘tib ketib qoldi. Ikkinchi taymda imkoniyatlar yaratdik, faqat omadimiz kelmadi. Hech qanday fojea yasash kerak emas. Birinchi uchrashuv bo‘lgani sababli hayajon bo‘ldi. Xatolardan xulosa chiqarib, hammani xursand qilamiz.
- Darvozabon sifatida vazifangizni bajarib, gol o‘tkazib yubormadingiz. Lekin jamoangiz yuta olmadi. Bunday vaziyatda qanchalik qoniqish hosil qildingiz?
- Bilasizmi, hech kim o‘z darajasida o‘yin ko‘rsata olmadi, deb o‘ylayman. Balki raqibni yaxshi bilmagandirmiz. Chunki “Zomin” haqida hech qanday ma’lumotga ega emasdik. Superligadan tushgan jamoa sifatida pro ligadagi saviyani yaxshi bilmasdik, bu erda jamoalar ko‘proq nostandart o‘ynashadi. Eng muhimi, meni darvozamdan gol o‘tkazib yubormaganimiz emas, balki jamoamning g‘alabasidir.
- Muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?
- Andijondan kelib bizni qo‘llab-quvvatlaganlarga katta rahmat. Biz ham kurashdik, vaziyatlar yaratdik, lekin omadimiz chopmadi. Raqibni yomon o‘ynadi, deya olmayman. Birinchi bo‘limda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Boya aytdim, bundan fojea yasash kerak emas. Hali mavsum uzoq, barchasi oldinda. Keyingi o‘yinlardan g‘alabalar qozonishni boshlaymiz va albatta Superligaga qaytamiz.
"Andijon" matbuot xizmati.
Fikrlar