«Andijon» «So‘g‘diyona»ga nega yutqazdi?
SPORTS.uz sayti jurnalisti – Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev Superliganing 9 turidan o‘rin egallagan “Andijon” – “So‘g‘diyona” bahsidan so‘ng, o‘z telegram kanalida bahsga oid izoh qoldirdi. Uning aytishicha, bahs kutilganidek boshlanganiga qaramay, mezbonlar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani sababli alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olgan.
“O‘yindan avvalgi “O‘zbekcha futbol”da “Sug‘diyona” jamoasini vodiydan 3 ochko bilan qaytishi borasida fikr bildirgan edim. Videoda bu taxmin nimaga asoslangani haqida batafsil tushuntirib berganman (albatta tomosha qiling).
“Burgutlar” (shaxmat tilida aytilganidek) debyutni juda yaxshi boshladi. Erta pressing, intensiv himoyalanish va agressiv qarshi hujumlar ko‘rdik, ammo bu o‘yin birinchi goldan keyin sekin asta yo‘qolib bordi. “Andijon”ning aktiv starti sababli “Sug‘diyona” ilk 30 daqiqalikda hatto himoyadan chiqishga qiynala boshladi.
Ikkinchi taym startidanoq “Andijon” dadil tuzilgan o‘yin strategiyasini klassik “Xomyakov taym”ga almashdi. Natijada, Boshkovich shogirdlari osonlik bilan to‘p nazoratini o‘z qo‘liga oldi. Avvalgidek himoyadan chiqishdagi braklar yo‘qolib, total nazorat jizzaxliklar tomoniga o‘tdi. Keyin, maydon egalari haqli qizil kartochkani qabul qilib oldi. Bu kartochka “Andijon”ning maydondagi nazoratni qo‘ldan chiqargani ortidan kelib chiqdi.
Bahs qahramoni so‘zsiz Sanjar Shoahmedov! Baribir “katta” futbolchilarning tarkibda bor ekanligi mana shunday og‘ir o‘yinlarda qo‘l keladi. “Andijon”ga ajoyib debyut uchun respekt, ammo 90 daqiqa futbol o‘ynashga uringan “So‘g‘diyona” haqli g‘alabaga erishdi.
Bahsli penalti borasida ertaga alohida post qoldiraman.”
Eslatib o‘tamiz, bu mag‘lubiyatdan so‘ng, “Andijon” 9 ochko bilan turnir jadvalida o‘z o‘rnida qoldi. “So‘g‘diyona” esa, quyi ligalarga ravona qiluvchi o‘rinlardan ancha uzoqlashib olishga muvaffaq bo‘ldi. Jizzaxliklar hisobida 8 o‘yindan so‘ng 8 ochko mavjud.


Fikrlar