
"Andijon" Tojikistonda "Xo‘jand" bilan o‘ynadi
Maksim Shatskix boshchilik qilayotgan "Andijon" FIFA kunlaridan foydalanib, Tojikistondagi yig‘inida “Xo‘jand”ga qarshi belgilangan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi.
Bu bo‘lajak rasmiy o‘yin oldidan murabbiylar shtabi barcha futbolchilarning funktsional holatini va taktik uslublarga moslashish jarayonida qo‘llanilayotgan sxemalarni o‘yin orqali ko‘rib olishlari ayni muddao edi. Buning ustiga mazkur yig‘inda yoshlar jamoasidan bir qator yoshlar ham jalb qilingan bo‘lib, ularni ham sinovdan o‘tkazish taqozo etilardi.
Shu sababli “Xo‘jand”ga qarshi bahsning dastlabki daqiqalaridan "Andijon" murabbiylar shtabi asosan yoshlarga imkoniyat taqdim etishdi. Uchrashuv esa 30 daqiqadan 4 taym davomida o‘tkazildi.
Dastlaki ikki taymdan so‘ng asosiy tarkib o‘yinchilari maydonga tushishdi. O‘yin davomida ikkita gol bo‘ldi. Avvaliga Abdurahmon Komilovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng belgilangan penaltini Damir Temirov golga aylantirgan bo‘lsa, uchrashuv oxirlarida raqib jamoa hisobni tenglashtirdi.
Albatta, bahs davomida "Andijon" futbolchilari “Xo‘jand” darvozasi oldida bir qator golli imkoniyatlarni hosil qildilar. Biroq yakunda hujumlarni gol bilan tugatishda omad etishmadi.
“Andijon” Superliganing 12-turini 13 iyun kuni Samarqandda “Buxoro”ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar