"Andijon"dan ketishga namuncha shoshilmasang, "Jessi?!"

  • 12 iyul, 2021, 21:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Shu yil endi 19 yoshni qarshilagan Jasur Jaloliddinov o‘tgan vaqt davomida ancha-muncha ko‘zga tashlandi-a! Ham o‘yin tomonlama va uning atrofida ro‘y bergan voqealar bilan ham. Tan olish kerak, unda yaxshigina iqtidor bor. Faqat uning bu iqtidorini “o‘g‘rilashmoqchi” bo‘lishdi. Lekin futbolchi bu safar o‘zi uchun to‘g‘ri bo‘lgan qarorni qabul qildi. Endi biz ortda qolib ketgan “Lokomotiv” yoki “Tambov” tarixini yodga olmoqchi emasmiz.

Tecno

Jasur shu qadar e’tiborga tushib qolganidan endilikda uning faoliyatida qanday o‘zgarish bo‘lsa, darhol muhim voqelik sifatida qabul qilinyapti. Yodingizda bo‘lsa, mavsum boshida uning qaysi klubda to‘p surishini kutayotgan bir paytda Jasur “Andijon”ni tanladi. Ochig‘ini tan olaylik, uning bu boradagi tanlovini hech kim kutmagandi. Natijada Jaloliddinovning “Andijon”ga ko‘chib o‘tishi etarlicha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Shu tariqa, uning “Burgutlar” safidagi faoliyati boshlandi.

jasur3_3

Uning minglab muxlislar qarshisida maza qilib futbol o‘ynagisi kelayotgandi. Bunday muhitni esa, u kutilganidek, Andijondan topdi. Mahalliy muxlislar Jasurni juda iliq qarshi oldilar va qisqa fursatlar ichida ularning yoqimtoy o‘yinchisiga aylandi. “Bobur arena”dagi muhit, ishqibozlarning faolligi Jaloliddinovga juda yoqayotgandi. Buning ustiga “Andijon”da unga katta imkoniyat berildi, o‘yinni o‘z qo‘liga olishga ham ruxsat etildi. Statistikaga qarasak, bu fikrlarimiz o‘z isbotini topadi. U ortda qolgan 12 ta uchrashuvning barchasida maydonga tushdi. Shundan 11 tasida asosiy tarkibda va bittasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. “Mash’al”ga qarshi 1:1 hisobida yakunlangan bahsda u penaltidan gol urdi. Shuningdek, “Qo‘qon-1912” bilan kechgan uchrashuvda ham Jasur penalti tepdi. Ammo bu safar gol ura olmadi. O‘shanda gol bo‘lganida o‘yin 2:2 bilan yakun topishi mumkin edi. Xullas, Jasur “Andijon”da etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Muxlislar futbolchini yoqtirishganidan unga “Jessi” deb nom berishdi. Natijada Jaloliddinov Andijonda "Jessi"ga aylandi.

O‘sha “Jessi”ning “Andijon”dagi faoliyati uzoq davom etishiga ishonish qiyin edi. Chunki unga xaridorlar ko‘p edi, ayniqsa, xorijdan. Shu bois katta ehtimol, uzog‘i bilan birinchi davradan keyin klubni tark etishi kutilayotgandi. “Navbahor”ga qarshi bahs oldidan esa uning “Andijon”dagi oxirgi o‘yini ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shunga yarasha Jaloliddinov maydonda borini berib o‘ynadi, gap bo‘lishi mumkin emas. Biroq bizni hayron qoldirgan tomoni shunda bo‘ldiki, u nega “Andijon”dan ketishga shu qadar shoshildi?! Chunki o‘sha Namangandagi o‘yin tugashi bilanoq, jamoa bilan Andijonga qaytmasdan to‘g‘ri Toshkentga yo‘l oldi. Ajablanarlisi, ertasigayoq, 4 iyul kuni Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv” klubiga o‘tgani e’lon qilindi. Shundan bilish mumkinki, futbolchi ancha avval “Loko” bilan ishni pishitib qo‘ygan ko‘rinadi. Yo‘qsa, “Andijon”dagi oxirgi o‘yinini o‘tkazib, ertasiga boshqa klubga o‘tgani rasman e’lon qilinarmidi? Buning ustiga hali transfer oynasi ham ochilmagandi. Ma’lumki, chempionatimizda 5 iyuldan transfer oynasi ochildi. Jasur esa 4 iyul kuni “Loko”ga o‘tgani keng ommaga klub matbuot xizmati tomonidan oshkor etildi.

jasur1_4

Mayli, futbolchiga omad tilaymiz. Lekin bizni bu mavzuda biroz o‘yga toldiradigan jihatlar ham yo‘q emas. Savol tug‘iladi: “Jessi” nega “Lokomotiv”ga o‘tdi? To‘g‘ri, bu uning tanlovi, gap bo‘lishi mumkin emas. Biroq bungacha futbolchi bilan uyushtirgan suhbatlarimizda shu narsa ayon ediki, u faoliyatini baribir xorijda davom ettirish niyatida edi. Yanada e’tiborlisi shundaki, Jasur “Andijon”ga ko‘chib o‘tgan paytida bergan ilk intervyusida shunday degan: “Bu unchalik ham kutilmagan bo‘lmadi. Qaysidir ma’noda kutilgandi ham. Boshqa qiziqarli chempionatlarda transfer oynasi yopiq va boshqa takliflar o‘rtamiyona darajada. Taklif bo‘ldi, deganda sen u erga borib, o‘ynab ketasan, degani emas. Shuning uchun shoshilmaslikka qaror qildim. Ko‘p narsa sport formaga ham bog‘liq. “Andijon”da o‘ynab, o‘yin amaliyotimni oshiraman. Rahbarlar va muxlislarning ishonchini oqlamoqchiman. Har taraflama o‘zimga kelib, keyinchalik boshqa rejalar haqida o‘ylashim mumkin. Hozir u yoqdan bu yoqqa ko‘chib yuradigan payt emas. Birinchi navbatda fikrimni bir joyga yig‘ib, o‘yinim haqida o‘ylashim kerak. Chet klublari bilan kelishuv qiyin bo‘ladi, ular baribir o‘zining shartlarini qo‘yadi. “Andijon”da esa vaziyat boshqacharoq. Muhimi, ular meni eshitishyapti. Istaklarimni hurmat qilishyapti. Aniq ayta olamanki, “Andijon”dan turib Superliganing boshqa jamoasiga o‘tmayman. “Andijon” menga shuni va’da berganki, agar menga xorijdan yaxshi taklif tushsa, besh kun ichida qo‘yib yuboradi”.

jasur4_2

E’tibor berdingizmi, “Andijon”dan turib Superliganing boshqa klubiga o‘tmayman, deb aytgan. Ko‘rinib turibdiki, o‘tgan vaqt davomida futbolchining fikri o‘zgarib qolgan. Yoki “Lokomotiv” Jasurning qarorini o‘zgartira olgan holda nimadir va’da qilgan. Shuningdek, futbolchi bilan yana bir uyushtirgan suhbatimizda xorij klublaridan takliflar davom etayotgani haqida so‘zlagandi. O‘shanda birinchi davradan keyin Evropaga ketish imkoniyatini 50x50 baholagani ham yodimizda. Balki xorijliklar bilan muzokaralar futbolchi istagandek bo‘lmagandir, bunisi bizga qorong‘u. Qolaversa, yaqinda “Andijon” sport direktori Jasur Evropadan tushgan takliflarni bekor qilgani haqida aytgandi. Nima uchunligini bilmaymiz.

Faqat bitta masala bor: “Andijon” “Jessi”ni “Lokomotiv”ga transfer qildimi? Agar “Andijon” rasmiylarining gapiga ishonadigan bo‘lsak, Jasurning klub bilan tuzgan shartnomasi bir yillik bo‘lgan. U holda “Andijon” klubining bu borada pozitsiyasi qanday? Ular futbolchini “Loko”ga sotdimi yoki kelishuv boshqacha bo‘ldimi? Ochig‘i, mana shu joyiga kelganda biroz tushunarsiz vaziyat yuz berayotgandek. “Andijon” bosh murabbiyi aytganidek, jamoani tark etganlar orasida Jaloliddinovning ketishi jamoa uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Qizig‘i, “Andijon” klubi Jaloliddinovning klubdan ketganini hali rasman e’lon qilgani yo‘q.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rostgoy
12/07/2021 22:00
Кискаси бизда эркак футболчи кам.яна Бир гап Локо муррабийига савол беришганда Жалол локога утгани тугрисида билмиман хабарим йук деганди. Мана муррабий сурамаган клуб олиб келган. Гап йук яшасин бизнинг футбол.