
"Andijon"ning Antaliyadagi ilk nazorat o‘yini qanday o‘tdi?
Oldindan rejalashtirilganidek, bugun “Andijon” Antaliyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasidagi dastlabki xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.
“Side Ataturk” maydoniga dastlab “Burgutlar” etib keldi, oradan biroz vaqt o‘tgach, polshaliklar ham ko‘rinish berdilar. O‘yin boshida havo biroz bulutli bo‘ldi va hatto orada mayin yomg‘ir ham yog‘ib o‘tdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu bellashuv “Andijon”ning 2025 yildagi ilk o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ldi. Raqib haqida siz muxlislar uchun ma’lumot taqdim etganmiz. Chindan ham “LKS Lodz” kurashuvchan futbolchilardan tashkil topganligi sezildi. Shunga yarasha “Burgutlar” ham munosib o‘yin taklif qilishdi.
“Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ikkala bo‘limda ikki xil tarkibni sinovdan o‘tkazdi. Qolaversa, rejalashtirilayotgan o‘yin uslubini amalda ko‘zdan kechirish ham murabbiylar uchun muhim sanaladi.
Umuman olganda, birinchi uchrashuv uchun maydonda yaxshi o‘yin kechdi. Masalan, ikkala bo‘limda ham darvozabonlar – Eldor Adhamov va Valijon Rahimov o‘z seyvlarini namoyish etdilar. Shu bilan birga “Andijon”da ham gol urish uchun imkoniyatlar yaratildi.
Aytaylik, bir vaziyatda raqib o‘yinchisining xatosidan keyin to‘p darvozaga kirib ketayotgan mahalda “LKS Lodz”ning 20 yoshli eng qimmat futbolchisi, darvozabon Aleksander Vobek arang to‘pni chiziq ustidan qaytarib yubordi. Yana bir holatda esa burchakdan uzatilgan to‘pni Abdurahmon Komilov boshi bilan darvozaga yo‘lladi, ammo posbon vaziyatni bartaraf qildi. Qanotlardan hamda markazdan yorib kirib keskin hujumlar sodir etish borasida “Andijon” o‘zini ko‘rsatish harakatida bo‘ldi va buni ko‘p holatlarda uddaladi ham.
Xullas, ilk bellashuvda darvozalar daxlsiz qoldi – 0:0. Navbatdagi o‘yin 29 yanvar kuni Ukrainaning “Vorskla” jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.
“Andijon” – “LKS Lodz” (Polsha) – 0:0.
25 yanvar. Antaliya. “Side Ataturk” maydoni.
Hakamlar: Salix Benli, Murat Ozbunar, Eren Aryujal.
"Andijon" jamoasining boshlang‘ich tarkibi: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Miomir Jurichkovich, Usmonali Ismonaliev, Oleg Zoteev, Mirzad Mexanovich, Ilhom Abdug‘aniev, Muhammadkarim Toirov, Farhod Sohibjonov, Bektemir Abdumannonov, Islam Mashukov.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Valijon Rahimov, Abubakir Ashurov, Iskandar Shoyqulov, Abubakir Rejabboev, Abdulvohid G‘ulomov, Shoxjahon Yorqinboev, Abdurahmon Komilov, Damir Temirov, Rustam Turdimurodov, Shaxrom Samiev.
“LKS Lodz” tarkibi: Aleksander Vobek, Arasa Andreu, Dankovski Kamil, Gulen Levent, Glovaski Piort, Kupchak Mateus, Mokriki Mixal, Ishanjik Aleksander, Sitek Maksimilian, Viech Lukas, Zajak Jendrey.
Fikrlar