
"Andijon"ning Polsha klubiga qarshi keskin ruhda o‘tgan o‘yinida 5 ta gol urildi
Xabar berganimizdek, “Andijon” klubi bugun Antaliya yig‘ini davomidagi yana bir o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.
Polshaning “Vishista Krakov” jamoasiga qarshi bellashuv keskin va gollarga boy tarzda o‘tdi. O‘yin esa kutilmaganda raqibning tezkor gollari bilan boshlandi. Bellashuv boshida polshaliklar hisobni ochishdi va 6-daqiqada ikkinchi golni ham kiritdilar. Albatta, uchrashuvning bunday boshlanishini hech kim kutmagandi. “Andijon” esa bunday holatdan tushkunlikka tushib qolgani yo‘q va raqib darvozasi oldida birin-ketin xavfli hujumlarni uyushtira boshladi.
Faqat bo‘lim oxirlariga yaqin keskin hujumlaridan biri gol bilan yakunlandi. Raqib jarima maydoni ichidagi chiroyli kombinatsiya chog‘ida Farhod Sohibjonovni polshalik himoyachi yiqitdi. Qirg‘izistonlik bosh hakam ikkilanmasdan 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Buni hujumchi Rustam Turdimurodov muvaffaqiyatli bajargan holda hisobni qisqartirdi.
Oldindan rejalashtirilganidek, tanaffusdan keyin "Andijon" tarkibida o‘zgarishlar kuzatildi va bir qator futbolchilar o‘yinga qo‘shilishdi. Ikkinchi bo‘limni tajovuzkorlik bilan boshlagan "Burgutlar" 53-daqiqada raqibning yana bir kutilmagan hujumidan keyin to‘p o‘tkazib yubordi. Lekin futbolchilar bu holatga tezda reaktsiya ko‘rsatib, hisobni qisqartirishdi. Qanotdan Bektemir Abdumannonovning tezkor hujumidan so‘ng u to‘pni jarima maydoni ichiga uzatgan paytda to‘p raqib futbolchisining qo‘liga tegdi. Qirg‘izistonlik Alimardon Baynazarov ikkinchi marotaba “Vishista Krakov” darvozasi tomon penalti belgiladi. Abdumannonov 11 metrlik nuqtadan zarba berishda adashmadi.
"Andijon" a’zolari shiddat bilan o‘yinni davom ettirayotgan mahalda bosh hakam Islom Mamatkazinni raqib bilan to‘p uchun kurashda qo‘pollik ishlatdi, deya unga sariq va so‘ng qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatdi. Hakam o‘yin oldidan kimdir chetlatilsa, o‘rniga boshqa futbolchi tushishiga ruxsat yo‘qligini aytdi va natijada Xomyakov shogirdlari qolgan daqiqalarda maydonda bir futbolchi kam o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, hakam bir necha bor cho‘ntagidan sariq kartochkalarni chiqarishiga ham to‘g‘ri keldi.
Shunda ham “Burgutlar”da golli imkoniyatlar bo‘ldi. Rossiyalik hujumchi Islam Mashukov 2-3 marotaba xavfli zarbalar yo‘lladi. Gohida darvozabon gollardan saqlagan bo‘lsa, gohida omad yuz o‘girdi.
O‘yin davomida yomg‘ir yog‘ib turdi. Shunga qaramay, futbolchilar bo‘sh kelishgani yo‘q va keskin qarshilik ko‘rsatishdi. Bir futbolchi kam bo‘lib qolganda ham yigitlarning shiddati kamaymadi. Lekin raqib o‘yinchilari bir muncha qo‘pol o‘yin namoyish qilishgani bilan ham yodda qoldi. Nima bo‘lganda ham “Andijon” futbolchilari maydonda mardonavor kurashdilar.
“Andijon” navbatdagi uchrashuvini 20 fevral kuni Chexiyaning “Zbroyovka Brno” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” – Vishista Krakov” (Polsha) – 2:3 (1:2)
18 fevral. Antaliya. “Kaya” sport majmuasi.
Bosh hakam: Alimardon Baynazarov
Yordamchi hakamlar: Azamat Sadibakasov, Barsbek Djunshbaev
Zaxira hakami: Beksultan Parpibaev
“Andijon”: Mohir Komilov, Miomir Jurichkovich, Islom Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Usmonali Ismonaliev, Farhod Sohibjonov, Doniyor Abdumannopov, Shoxjahon Yorqinboev, Altin Kreziu, Ilhom Abdug‘aniev, Rustam Turdimurodov.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Valijon Rahimov, Abdurahmon Komilov, Iskandar Shoyqulov, Oleg Zoteev, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Abubakir Ashurov, Bektemir Abdumannonov, Islam Mashukov.
“Vishista Krakov”: Antoni Mikulko, Bartoz Brzek, Daniel Mikolaevski, Mixal Pazdan, Daniel Sandoval, Manuel Torres, Tomas Svedrovski, David Pakulski, Roman Goku, Lisandro Semedo, Chuma.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushganlar: Oskar Mielkars, Konrad Kasolik, David Kiedrovich, Karol Danielek, Mixal Trabka, Yakub Volosik, Yakub Pesek, Mixal Feliks.
Gollar: Chuma, 2 – 0:1. Semedo, 6 – 0:2. Rustam Turdimurodov, 36-pen. – 1:2. Roman Goku, 53 – 1:3. Bektemir Abdumannonov, 56-pen. – 2:3.
Fikrlar