
“Andijon”ning Toshkentdagi yig‘ini yakunlandi
Yangi mavsumga puxta hozirlik ko‘rayotgan "Andijon"ning Toshkentda o‘tkazgan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘z yakuniga etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlash kerakki, “burgutlar” poytaxtda o‘quv-mashg‘ulotlar bilan birga bir qator nazorat uchrashuvlarida ham maydonga tushdi. Eldor Sakaev boshqaruvidagi “Andijon”ning navbatdagi bosqich yig‘ini endi klub qarorgohida kechadi. Rejaga ko‘ra, jamoa a’zolari 18 fevral kuni tushlikdan so‘ng Andijonda yig‘iladi va mashg‘ulotlar Bo‘ston dahasidagi, “Andijon” futbol klubi qoshidagi “Viloyat bolalar va o‘smirlar futbol maktabi”ning maydonida o‘tkaziladi.
Tarkibdagi so‘nggi o‘zgarishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, kecha “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazilgan sinov-nazorat bahsidan so‘ng, murabbiylar Husan Olimjonov bilan xayrlashishga qaror qildi. “Mash’al” jamoasidan taklif etilgan iqtidorli posbon endilikda o‘ziga yangi jamoa topishi mumkin. Shuningdek himoyachi Avaz Agaliev ham Farg‘onaning “Neftchi” klubidan tushgan taklifni qabul qilgan ko‘rinadi.
“Andijon” tarkibiga hujumchi Davron Isoqov kelib qo‘shilganini ma’lum qilamiz. O‘tgan mavsum Quvasoyning “Tsementchi” jamoasi tarkibida to‘purarlik mahoratini ko‘rsatgan Isoqov katta extimol bilan joriy yil “Andijon” sharafini himoya qiladi.
Fikrlar