
Andrey Miklyaev: Aytganingiz kelsin
“So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvdan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Miklyaev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
– “So‘g‘diyona”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun jangovar o‘yin bo‘ldi, biroq afsuski, ochko ishlab ololmadik. Mag‘lubiyatga loyiq emasdik, deb hisoblayman. Bugun bizning kunimiz emas ekan. Omad ochiqchasiga bizdan yuz o‘girdi. Birinchi bo‘limda ikki standartdan gol qo‘yib yubordik. 2:0 hisobi mehmon jamoa uchun juda katta zarba. Safarda 0:2ni yo‘qqa chiqarish juda qiyin.
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, ikkinchi bo‘limda sezilarli darajada qo‘shib bordik. Ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik, foydalanganimizda mag‘lubiyat emas, durang, balki g‘alaba bilan uyga qaytishimiz ham mumkin edi. Yigitlarni yondira oldik, ular gol urish uchun qattiq harakat qilishdi. Futbolda vaziyatlardan foydalana olmaslik holatlari ko‘p bo‘ladi, bu shunday o‘yin. Chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘alabaga erisha olmaganimiz achinarli.
– Birinchi taymda ham ikkinchi bo‘limdagi kabi o‘yin ko‘rsatishning iloji bo‘lmadimi?
– Ha, iloji bor edi. Biroq futbol shunday o‘yin, tushunyapsizmi, gollar turli xil ko‘rinishga ega. Birinchi golda jarima maydonchasi ichida ko‘plab futbolchilar to‘planib turishgandi. Darvozabon esa to‘pni ko‘rmay qoldi. Jarima zarbasi ajoyib tarzda amalga oshirildi. Aytganimdek, 0:2 hisobidan chiqib ketish juda qiyin. “So‘g‘diyona” himoyaga tizilib oldi va yaxshi himoyalandi, qarshi hujumda o‘ynashga harakat qildi. Shu boisdan ularning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish qiyin kechdi. Yigitlar bunga intilishdi, vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Lekin foydalana olishmadi. Shu o‘rinda raqiblar posbonini e’tirof etib o‘tish o‘rinli. Juda ko‘p vaziyatlarda jamoani qutqardi.
– Ikkinchi davradagi o‘yinlarni inobatga olgan holda bugungi o‘yin natijasini omadsizlik deya olasizmi?
– Birinchidan, ayni damda jamoani tiklash davri ketmoqda. Tarkibda yosh futbolchilar ko‘p. Biz yoshlar orqali jamoa o‘yinini tezlashtirishga harakat qilyapmiz.
– “Loko” ikkinchi davrani ajoyib boshladi. Mavsum yakuniga qadar jamoani turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda ko‘rishimiz mumkinmi?
– Aytganingiz kelsin. Biz harakat qilyapmiz, jamoa har bir o‘yinga g‘alaba qozonish kayfiyati bilan tushmoqda. Bu yilda barchasi qiyin o‘tyapti, pandemiya, jarohatlar… Jamoalarning tayyorgarlik jarayoni har xil o‘tmoqda. Mavsumni iloji boricha yuqori o‘rinlarda tugatishga harakat qilamiz.
Fikrlar