Andrey Miklyaev: Krizoning o‘yini bizni qoniqtirmayapti
Bugun Oliy Ligada 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Gollarga boy tarzda kechgan o‘yinda “Lokomotiv” “Obod”ni 7:0 hisobida taslim etdi.
O‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida “temiryo‘lchilar” ustozi Andrey Miklyaev quyidagicha fikr bildirib o‘tdi:
- O‘yin biz kutgandek ko‘rinish oldi. Tezkor gol kiritganimiz ham yakunda o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkaza oldi. To‘g‘ri, xatolar ham bo‘lganini ta’kidlash kerak. Lekin natija va kiritilgan chiroyli gollar buni “yuvib” ketdi, deya olaman.
Chempionlar Ligasida ham shunday o‘ynashimiz mumkinmi? Bilasizmi, har qanday jamoa ham raqib imkon berganicha o‘ynaydi. OChLda esa raqiblar himoyasi bugungichalik darajada o‘yin namoyish etmaydi.
Bugun tarkibda bir nechta o‘zgarish va yangiliklarni amalga oshirdik. Yigitlar ko‘rsatmalarni yomon bajarishmadi. Ma’mur Ikromovga ham imkon berildi. U ham uchrashuvni yaxshi o‘tkazdi.
Oldingi chizig‘imiz yaxshi o‘ynamoqda. Marat Bikmaev ham Abduxoliqov ketgach oldinda ancha erkinroq o‘ynay boshladi. Natijada esa u mana deyarli har o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol etmoqda.
Nore Krizo haqida gapiradigan bo‘lsam, u bizni qoniqtirayotgani yo‘q. Ushbu futbolchi maydonga tushganda ham kam yugurmoqda. Qolaversa, u mashg‘ulotlarda ham o‘z ustida imkon qadar ko‘proq ishlab, “qo‘shayotgani” yo‘q. Aslida legioner mahalliy o‘yinchilardan bir kalla ustun o‘ynashi lozim. Krizo esa biz kutgandek o‘ynayotgani yo‘q, - deydi mutaxassis.



Fikrlar