
"Anfa" stadionida kriket bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati o‘tkazildi
Xabaringiz bor, joriy yilning 18-25 iyun kunlari Qibray tumanidagi "ANFA" xalqaro kriket stadionida kriket federatsiyasi tomonidan T20 formatdagi birinchi mavsum O‘zbekiston ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kriket federatsiyasining yillik-taqvim rejasidan o‘rin olgan mazkur ochiq chempionatda Toshkentning "ANFA", "Indian cricket Tashkent Club", "Tashkent super kings", "Tashkent super stars", Qashqadaryo viloyatining "Barlos"hamda Farg‘onaning "Fergana Rangers"dan iborat oltita jamoasi o‘zaro bellashishdi.
18 iyun kuni start olgan chempionat 25 iyun kuni yakuniga etdi. Raqib jamoalarini ortda qoldirgan Toshkentning "Tashkent super stars" hamda Farg‘onaning "Fergana Rangers" jamoalari finalgacha etib keldi. Hal qiluvchi final bosqichida esa ikkita bo‘lim natijasiga ko‘ra, 187:128 hisobi bilan "Tashkent super stars"ni mag‘lubiyatga uchratgan vodiyning "Fergana Rangers" jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Chempionatining taqdirlash marosimida O‘zbekiston kriket federatsiyasi bosh kotibi Fazliddin Ibodullaev ishtirok etib, musobaqa bosh homiysi "HAFNA" brendi tomonidan birinchi o‘rin uchun ajratilgan 25 000 000 so‘m pul mukofoti va kubokni "Fergana Rangers" jamoasiga tantanali tarzda topshirdi.
Shu tariqa kriket bo‘yicha T20 formatdagi O‘zbekiston ochiq chempionatining birinchi mavsum bellashuvlari yakunlandi.
Ta’kidlash joiz, ushbu ochiq chempionat milliy terma jamoaga saralash vazifasini ham o‘tab berdi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi
Fikrlar