Angliya grandiga sakkizta klub kutayotgan yulduzdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi

  • 02.01.2026 16:46
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Germaniya milliy terma jamoasi va “Bavariya” klubining tajribali yarim himoyachisi  Leon Goretska faoliyatini Angliya Premier-ligasida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

30 yoshli futbolchining myunxenliklar bilan tuzgan shartnomasi yarim yildan keyin yakunlanadi, bu esa unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda.

Jurnalist Ekrem Konurning ma’lum qilishicha, Goretskaning vakillari Angliya Premier-ligasida peshqadamlik qilayotgan “Arsenal” klubi mutasaddilariga aloqaga chiqqan.

Goretskaga Angliyaning “Tottenxem” va “Manchester Yunayted” kabi qudratli klublari ham da’vogarlik qilayotgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.

Bundan tashqari, germaniyalik yarim himoyachini Italiyanning “Yuventus”, “Napoli”, Ispaniyaning “Atletiko”, Turkiyaning “Galatasaroy” va “Fenerbahche” kabi klublari ham o‘z safiga chorlamoqda.

Transferlar bo‘yicha ekspertlar Goretskaning “Arsenal”ga ko‘chib o‘tishi yanvar oyida yuz berishini istisno etmagan bo‘lsa-da, ammo bu transfer yozda amalga oshishining ehtimoli yuqoriroq, deb baholanmoqda.

Transfermarkt portaliga ko‘ra, nemis futbolchisining bozor qiymati 15 million evroni tashkil qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!