
Angliyalik futbol eksperti: "Kechagi bahsda Husanovga rahmim keldi!"
Angliya Premer-ligasining 21-tur doirasida "Manchester Siti" o‘z uyida "Chelsi"ni qabul qilib, 3:1 hisobida zafar quchdi. Mazkur bellashuvda hamyurtimiz Abduqodir Husanov debyut o‘yinida ishtirok etib, APLda harakat qilgan birinchi o‘zbek futbolchisi bo‘ldi. Dastlabki to‘rt daqiqada milliy terma jamoamiz a’zosi golga sabab bo‘lgan qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va keyingi vaziyatda sariq kartochka bilan jazolandi.
Uchrashuvdan so‘ng "Sky Sports", "Daily Mail" nashrlarining eksperti va "Liverpul"ning sobiq futbolchisi Djeymi Rednapp 20 yoshli himoyachimiz haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"O‘yindan oldin Gvardiola bilan gaplashib, Marmushga qaraganda, uni asosiy tarkibga qo‘yib yuborish tavakkal ekanligini aytgandim. Bunday bellashuvda markaziy himoyachi uchun bosim bo‘lishini hisobga olsak, debyut ancha qiyin bo‘lishi aniq edi.
Abduqodir endigina 20 yoshda, u Angliyaga yaqinda kelgan. Bundan tashqari, jamoa himoyada ishonchsiz o‘ynayotgan edi. O‘tgan mavsumda klubga qo‘shilish ancha oson bo‘lardi. Hozir esa bunday emas. Menimcha, Pep uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangga tashlab xato qildi. Ehtimol, ispaniyalik mutaxassis xato qilganini tan oladi.
To‘g‘ri, birinchi xatolardan so‘ng Husanov keyinchalik yaxshilandi. Biroq, umumiy jihatda bu uning uchun og‘ir kun bo‘ldi. Umid qilamanki, bu o‘zbekistonlik futbolchining uzoq muddatli istiqboliga zarar etkazmaydi. Shu bilan birga, u saboq oladi va kuchliroq bo‘lib qaytadi. Afsuski, dastlabki 15-20 daqiqa Abduqodirda juda qiyin kechdi. Shu sababli, biroz unga rahmim keldi” - dedi angliyalik sobiq yarim himoyachi.
Fikrlar