Anvar G‘ofurov: Rahbarlar mashina sovg‘a qilishlariga va’da berishdi

  • 03.12.2019 19:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Bunyodkor» klubi mavsumning oxirgi turida Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubini qabul qildi. Aynan ushbu bellashuv natijasi yakunda qaysidir klubga kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasi uchun yo‘llanmani taqdim etishi aniq edi. Shu sababli ushbu bahsga qiziqish yuqori bo‘ldi. O‘yin ham shunga yarasha jangovor va gollarga boy tarzda o‘tdi. Yakunda qayd etilgan 2:2 hisobi «Bunyodkor»ni Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga olib chiqdi. Shu sababli jamoa etakchilaridan biri Anvar G‘ofurov bilan suhbatlashdik.

- Chempionatning oxirgi turdagi eng muhim o‘yini sifatida «Bunyodkor» hamda «So‘g‘diyona» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga e’tibor yuqori edi. Shunga yarasha bellashuv jangovor durang bilan tugadi. Avvalo uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Bu o‘yindagi javobgarlik va mas’uliyat juda katta edi. Bu biz uchun jiddiy ahamiyatga ega edi. Birinchi bo‘limda hech kimning tavakkal qilgisi kelmadi. To‘g‘risi, bizga durang ham qulay bo‘lganligi uchun oldinga ko‘p ham berilmasdan, raqib qarshi hujumdan foydalanib qolmasligini istab o‘yinni asta-sekin olib bordik. Bir so‘z bilan aytganda, tavakkal qilishimiz kerak emasdi. Gol urganimizdan keyin o‘yinimiz «ochilgandek» bo‘ldi. Hisob 2:0 ga etganidan keyin raqib jamoada bosim umuman qolmadi. Chunki ularning endi yo‘qotadigan hech narsasi qolmagandi. Shu bois faqat hujumga tashlanishdi. Baxtga qarshi «So‘g‘diyona» futbolchilari darhol javob golini kiritishdi. Bu ular uchun omadli gol bo‘ldi va bundan ruhlanib ketishdi. Shundan so‘ng bizga yanada qiyinroq bo‘ldi. Uchrashuvning oxirlarida esa bizda ham yana imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin bizga g‘alabadan ko‘ra durang natijani saqlab qolish muhimroq bo‘lib ko‘rindi. Chunki hisob tenglashgach darvozamizdan boshqa gol o‘tkazib yubormasligimiz kerak edi. Muxlislar qaysi jamoaga ishqibozlik qilishganidan qat’iy nazar o‘yindagi qaynoq muhitni oxirgi daqiqalargacha saqlab turishdi. Juda hayajonli o‘yin bo‘ldi.

- «Bunyodkor» 2:0 hisobida oldinga chiqib olganidan so‘ng jamoangizning g‘alabasiga endi ko‘pchilik shubha qilmagandi. Lekin «So‘g‘diyona» qisqa fursatlar ichida vaziyatni o‘zgartira oldi. Aytmoqchimanki, ikkita to‘p farqi bilan oldinga chiqib olganinglar jamoani bo‘shashtirib yuborganmidi?

- Balki shundaydir. Aytyapman-ku, «So‘g‘diyona» jamoasiga endi hech nimaning ahamiyati qolmagandi. Ular yutqazayotgandi va orqaga yo‘l qolmagandi. Shu bois ular butun e’tiborini hujumga qaratishdi. Bu orqali raqib a’zolari tavakkalona o‘yin ko‘rsatishdi. Bu esa ular uchun o‘z natijasini berdi. Hisob 2:1 bo‘lganidan so‘ng jizzaxliklar o‘yinini yanada kuchaytirishdi va bundan ruhlanishdi.

- O‘yindan oldingi turnir jadvali shuni ko‘rsatib turgandiki, «Bunyodkor»ni durang ham qanoatlantirardi. «So‘g‘diyona»ga esa faqat g‘alaba zarur edi. «Bunyodkor» esa shu kuni aynan durang uchun o‘ynagandek ko‘rindi…

- Yo‘q, bunday emas. Biz faqat g‘alaba uchun kurashgandik. Lekin o‘yinning ahamiyati ikkala jamoa uchun shu qadar katta ediki, buni faqat maydonda o‘ynagan futbolchilar yaxshi his qilishadi. O‘yin davomida esa arzimagan zarba ham gol bilan yakunlanishi hech gap emas. Chunki bunga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz, necha marta oxirgi daqiqalarda arzimagan zarba gol bilan tugaganligini ko‘rganmiz. Bu – futbol va unda kutilmagan natijalar bo‘lishi tabiiy. Biz bunday katta bosim ostida durang uchun o‘ynadik deb o‘ylamayman. Albatta, qayd etilgan natija jamoamiz uchun ijobiy bo‘ldi. Lekin uchrashuv durang bilan tugaydi deb kim kafolat berardi?

- Bunyodkor» endi kelasi yilning yanvar oyida Osiyo Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etadi. Bizni qiziqtirgani shuki, kelasi mavsumda ham jamoadagi faoliyatingizni davom ettirish niyatingiz bormi yoki tugatasizmi?

- Bu yil bemalol o‘ynadim. Chunki kuchim borligini his qilib turdim. Yaqin orada shifokorlarning qabulida bo‘laman va sog‘ligimni tekshirtiraman. Shundan so‘ng yakuniy xulosaga kelaman. Agar tekshiruvlar ijobiy bo‘lsa, faoliyatimni yana davom ettirish niyatim bor. Mabodo, sog‘ligimda qandaydir muammolar bo‘lsa, unda tugatishimga to‘g‘ri keladi.

- Bu borada Vadim Abramov bilan gaplashmadingizmi?

- Hali gaplashganim yo‘q. Hammasi shifokorlar nazoratidan o‘tganimdan keyin aniq bo‘ladi. Hamma odam yaxshi tushunadi, sog‘lik baribir birinchi o‘rinda turadi.

- «Bunyodkor»ning Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqqani uchun yaxshigina bonuslar berilishi haqida eshitdik…

- Ha, bizga qo‘lga kiritilgan uchinchi o‘rin hamda Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun rahbariyat mashina berishlarini va’da berishgan. «So‘g‘diyona»ga qarshi uchrashuvdan keyin ham bizga mashina berishlari haqida aytishdi. Biz Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqqanimizdan juda xursandmiz. Bungacha murabbiylarimiz OChLga eng oson yo‘l - Kubok orqali ekanligini aytgandi. Chunki bunga jamoamizning imkoniyati etardi. Ammo OKMKga yutqazib qo‘yganimizdan so‘ng bor e’tiborimizni chempionatga qaratgandik. Aksiga olib mavsum davomida bizdan omad yuz o‘girgan o‘yinlar ham bo‘ldi.

- Ayniqsa, Abramov terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lganidan keyin «Bunyodkor» ketma-ket yutqazdi…

- Ha, shunday bo‘ldi. Ammo Vadim Karlenovichning terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lgani jamoamizga ta’sir ko‘rsatdi deb o‘ylamayman. Shunchaki omad bizdan yuz o‘giravergandi. Xudoga shukr, mavsumni yaxshi holatda tugatib oldik. O‘ylashimcha, dekabrning oxirlarida jamoamiz uchun bo‘ladigan taqdirlash marosimida aytilgan bonuslar bajarilsa kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!