
Anvar Turapov “Shahzoda”dan maslaxat olganmidi?
Yaqindagina yurtdoshimiz Anvar Turapov Tailandning Pattaya shahrida filippinlik Roberto Gonsalesni mag‘lubiyatga uchratib, WBC Asia kamarini qo‘lga kiritgan edi. Biz ushbu charmqo‘lqop ustasi bilan bog‘lanib, suxbat qurdik. Quyida, ushbu intervyuni e’tiboringizga xavola etamiz.
Sports.uz ma’lumotnomasi
Anvar Turapov 1994 yil 7 mart kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, G‘azalkent shahrida tavallud topgan. Birinchi murabbiyi: Alisher Jaloliddinov, Chirchiq Olimpiya zahiralari kolleji hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universtitetini tamomlagan. Chapaqay, havaskor boksda 2013 yil Filippinda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati sovrindori bo‘lgan. Murabbiylari: To‘lqin Qlichev, Rustam Saidov, Farrux Qlichev. Profi boksda esa, Ilgar Aliev.
Professional boksda 5 ta jang o‘tkazib, ularning 4 tasida g‘alaba qozongan va bir mag‘lubiyat.
- Ma’lumki, Anvar kamar uchun jangda mag‘lubiyatga uchratgan Roberto Gonsalesni yana bir hamyurtimiz “Shahzoda”, Janob jigarchi” nomi bilan mashhur Ravshan Umurzaqov ham nokautga uchratgandi...
Qiziq, ikki hamyurtimiz bitta raqibni bir xil usulda jigarga yo‘llagan zarba evaziga nokautga uchratdi. Tasodifmi bu yoki qahramonimiz Ravshan Umurzaqovdan maslaxat olganmidi?
- Ravshanbek Umurzaqovdan maslahat olmadim. Lekin ular o‘rtasidagi jangni kuzatdim va o‘zim uchun xulosa chiqarib oldim. Chapaqay bokschi ekanligim uchun Robertoni qorin qismiga ko‘proq zarba berishga qaror qildim va bu o‘z samarasini berdi. Endi, ikkalamizning bir xil uslubda g‘alaba qozonishimizni tasodifga yo‘yishimiz ham mumkin.
- Bir yil avval qo‘lidan jiddiy jarohat olgan bokschi, endi WBC Asia kamari soxibi. Bunga qanday erishdi ekana?
- Xabaringiz bor, o‘tgan yili poytaxtimizda 5 may kuni katta professional boks oqshomi bo‘lib o‘tgandi. Aynan o‘sha kechada ringa ko‘tarilishim kerak bo‘lgandi. Ushbu janga tayyorgarlik jarayonida qo‘limni ikki joyidan sindirib olgandim. Mazkur jarohat tufayli 6 oy mobaynida boksdan tashqarida bo‘ldim. Lekin ko‘nglimni cho‘ktirmay kelajakka yaxshi niyat bilan boqdim va o‘z ustimda jiddiy ishladim. Murabbiylarim, do‘stlarim yaqindan yordam berdi. Natijada kamtarona bo‘lsada ushbu natijani qayd eta oldim. Avvalo, hammasi yaratganning inoyati. Qolgani esa insonni o‘ziga bog‘liq.
- Mutaxassislar tomonidan havaskor boksda kelajagi porloq deya e’tirof etilgan iste’dodning ushbu yo‘nalishdagi omadsizligiga nima deysiz?
- Yurtimizda talantlar istalgancha topiladi. Barchasining kelajagi o‘z qo‘lida deb o‘ylayman. Havaskorda 64-69 kg vazn toifasida ringa ko‘tarilganman. Bu vazn toifasida raqobat juda kuchli bo‘lgan. Yuqori natijalar qayd eta olmaganimga faqatgina o‘zimni ayblayman. Chunki, o‘z ustimda yanada jiddiyroq ishlaganimda extimol yuqori darajaga ko‘tarila olardim. Havaskordagi oxirgi ijobiy natijam 2017 yilda O‘zbekiston chempionatida Bobousmon Boturovga imkoniyatni boy berib uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganim bo‘lgan.
- O‘zbek professional boks yulduzlari Qudratullo Abduqaxxorov va Azizbek Abdug‘ofurovlar bilan birgalikda mashg‘ulot olib boradigan Anvar Turopovga ularning ba’zi bir jihatlari juda yoqar emish?
- Aziz aka va Qudratullo professional boksda juda katta tajribaga egalar. Ular menga tayyor kitob desam ham bo‘ladi. To‘g‘risi, ularning sabriga qoyil qolaman. Qolaversa, juda og‘ir-bosiq, kamtarinligi ham taxsinga loyiq.
- Professional boksdagi ilk qadami mag‘lubiyat bilan boshlanishiga qaysi hamyurtimiz sababchi bo‘lgandi?
- Profi boksdagi birinchi jangimda Eldor Saidovga imkoniyatni boy berib qo‘yganman. Vaxolanki, havaskor boksda bir necha marta uni mag‘lubiyatga uchrata olgandim. Ushbu muvaffaqiyatsizlikni sababi, shunchaki mening professional yo‘nalishdagi tajribasizligim bo‘lgan. Eldor esa, bu borada yaxshigina tajriba to‘plab ulgurgan edi. Aslida, mag‘lubiyatni xech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. O‘sha kuni men yaxshi harakat qila olmaganman. Raqibim esa, bundan foydalanib qolgan.
- Qahramonimiz Qudratullo Abduqaxxorov, Shohjaxon Ergashev, Shahram G‘iyosovlar orasidagi eng kuchlisini tanlashda qiynaldi shekilli ochiq javobdan qochib qoldi... :)
- Ular orasida birortasini bir-biridan kuchli deya ajrata olmayman. Shuni ayta olamanki, ular o‘z uslubiga ega. Reytingda ham yuqori o‘rinda. Umuman olganda jahon profi boksida ham o‘z o‘rniga egaligini ayta olaman.
- Yuqoridagi uch bahodirlarni kuchli tomonlari borasida esa qisqacha fikr...
- Ularning kuchli tarafi ulkan tajriba va o‘z ustida qattiq mexnat qilishlarida deb o‘ylayman.
- Turapovning mashg‘ulotlar jarayonida necha km yugurishi sizlarga ham qiziq bo‘lsa kerak?
- Mashg‘ulotlar jarayonida odatda, 10 km masofaga yuguramiz.
- Havaskor boksdagi eng noqulay raqibi kim bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
- Said Ahmad “Jimjitlik” romanidan parcha. Afsuski shunday javob.
Qahramonimizga blits savollar bilan ham murojaat qildik. Ya’ni ushbu savollarda bokschilardan birini tanlash kerak bo‘lardi. Nazarimda, unga o‘ziga xos charmqo‘lqop ustalari yoqar ekan.
- Menni Pakyao yoki Floyd Meyvezer?
- Pakyao.
- Oskar Dela Xoya yoki Nasim Xamit?
- Oskar Dela Xoya.
- Arturo Gatti yoki Antonio Barrera?
- Gatti.
- Kostya Tszyu yoki Rikki Xatton?
- Kostya Tszyu.
Gennadiy Golovkin yoki Saul alvares?
- GGG.
- Roy Jons yoki Antonio Tarver?
- Roy Jons.
- Vladimir Klichko yoki Lennoks Lyuis?
- Klichko
Ahmadbek EShMATOV suxbatlashdi.
Fikrlar