APL. Ronalduning goli "Manchester Yunayted"ga 3 ochko taqdim etdi
Angliya Premer ligasi 10-turi doirasidagi "Everton" - "Manchester Yunayted" uchrashuvi yakuniga etdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda "qizil iblislar" 2:1 hisobida zafar quchdi.
O‘yindagi hisob maydon egalari tomonidan ochildi. 5-daqiqada Aleks Ivobi uzoq masofadan gol urib, jamoasini oldinga olib chiqdi - 1:0.
Oradan 10 daqiqa o‘tib, MYu hisobni tenglashtirdi. "Everton"ning maydon markazida yo‘l qo‘ygan xatosidan Ten Xag shogirdalari unumli foydalandi va tablodagi natijani 1:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. 29-daqiqada Antoni Marsyal jarohat olib, maydonni erta tark etdi. Uning o‘rniga Krishtianu Ronaldu tushdi va MYuga g‘alaba keltiruvchi to‘pni kiritdi. Hujumchi Kazemironing ajoyib uzatmasidan keyin Pikford darvozasini ishg‘ol hamda jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yinning qolgan daqiqalari ham qiziqarli o‘tdi, biroq darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi.
Mazkur g‘alabadan keyin "Manchester Yunayted" 15 ochko bilan 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. "Everton" esa 12-pog‘onaga tushib ketdi.
Fikrlar