AQSh yangi Braziliyami? MLSdan chiqqan 10 ta yulduz bilan tanishing!

  • 9 dekabr, 2021, 09:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqin o‘tmishda MLS, deganda, hayolimizga birinchi bo‘lib Lendon Donovan kelgan. Endilikda, u Amerika Qo‘shma Shtatlarida tobora yangi yulduzlar bilan jahon futbolini zabt etishda davom etmoqda. Biz "Transfermarkt" nashri bergan ma’lumotlarga suyangan holda, AQSh futbolidagi eng qimmat 10 ta futbolchi bilan tanishtirib o‘tamiz.

Rikardo Pepi - 8 million evro

18 yoshli "Dallas" hujumchisi o‘tgan mavsumni juda yaxshi o‘tkazdi. Kelib chiqishi meksikalik bo‘lgan futbolchi 31 o‘yinda 13 gol va 2 assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Uni MLSdagi eng kelajagi porloq futbolchilardan biri sifatida ko‘rsatish mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Rikardoga "Manchester Yunayted" jiddiy qiziqib qolgan.

Deril Deyk - 10 million evro

"Orlando" klubi hujumchisi jismonan juda baquvvat. Bo‘yining balandligi 187 sm bo‘lgan forvard 100 kg tosh bosadi. Yaqinda u "Barnsli" jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Qishda, ijra asosida o‘z kuchini Chempionshipda sinab ko‘rishi mumkin.

Brenden Aaronson - 10 million evro

So‘nggi paytlarda AQSh futbolida malaka oshirish maqsadida Evropaga ko‘chib o‘tayotgan futbolchilar soni keskin ortib bormoqda. Brenden ham shular jumlasidan. Qahramonimiz "Filadelfiya" klubini "Zaltsburg"ga almashtirgani bejiz emas. Aaronson APL klublaridan birida to‘p surishni orzu qilmoqda. 21 yoshli yarim himoyachida buning uchun barcha imkoniyat mavjud.

Timoti Vea - 12 million evro

U afsonaviy Jorj Veaning o‘g‘li. "Nyu-York" shahrida tug‘ilganiga qaramay, uning yoshligi PSJ klubi akademiyasida o‘tgan. Avvaliga, poytaxt klubi unga ishonch bildirmadi. Natijada, Vea "Lill"ga o‘tib ketdi. O‘tgan mavusmda esa, aynan "Lill" bilan Liga 1 oltin medallariga ega chiqdi.

Yunus Musa - 15 million evro

Vinger AQShda tug‘ilgan. Keyin oilasi bilan Italiyaga ko‘chib o‘tdi. Bir fursat Angliyada ham istiqomat qilgan. Unda Gana, Italiya, Angliya va AQSh yoshlar terma jamoasida to‘p surish borasida takliflar mavjud edi. Yakunda okeanorti vakillari foydasiga qaror qabul qildi. Hozirda, 19 yoshli futbolchi "Valensiya" sharafini munosib himoya qilmoqda.

Tayler Adams - 20 million evro

Tinib-tinchimas tayanch yarim himoyachisi allaqachon "RB Leyptsig"ning asosiy figuralaridan biriga aylanib bo‘ldi. "Nyu-York" akademiyasidan Germaniyaga ko‘chib o‘tgach, faoliyatida keskin o‘sish kuzatildi. Hozirda, u nafaqat markaz, balki qanot himoyasida ham bemalol to‘p surishi mumkin. Chinakam universal. Bunday futbolchilar murabbiylar uchun maydonda taktik yurishlarni amalga oshirishda qo‘l kelishi aniq.

Ueston MakKenni - 20 million evro

Maydonda bir necha vazifani bemalol amalga oshirishga qodir futbolchi hozir "Yuventus"da o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. U "Shalke" safida skautlar e’tiborini qozondi. Afsuski, ko‘plab takliflar bo‘lishiga qaramay "keksa senora" variantini tanladi. Turin superklubidagi vaziyat esa, uning karerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Serjino Dest - 30 million evro

"Barselona" a’zosi ham endigina 21 yoshda. Kelib chiqishi niderlandiyalik bo‘lishiga qaramay, Dest tanlovni o‘zi ulg‘aygan yurt foydasi uchun ishlatdi. "Ayaks" akademiyasida tarbiyalangan bo‘lishiga qaramay, AQSh terma jamoasini tanlagani e’tiborga molik. Hozir qahramonimiz La Ligadagi eng kuchli o‘ng qanot himoyachilaridan biri sanaladi.

Jovanni Reyna - 42 million evro

"Borussiya" Dortmund klubi so‘nggi yillarda iqtidorli futbolchilarni etkazib berish borasida sayyoramizning eng kuchli klubiga aylanib bo‘ldi. "Nyu-York" akademiyasidan 2019 yilda kelgan Reyna hozir jamoasining etakchi futbolchilaridan biri. U dortmundliklar hujumlari rang-barangligi uchun javob beradi. Bugungi kunda kreativ pleymeykerlar qay darajada qadrlanishini inobatga olsak, Jovanni tez orada yanada kuchli klublardan biri bilan shartnoma imzolashi aniq.

Kristian Pulishich - 50 million evro

U "Chelsi"da har doim ham asosiy tarkibda maydonga tushmasa-da, AQShdagi eng mashhur fubolchi sanaladi. "Aristokratlar" safida EChLda zafar quchgan futbolchi Eden Azarning o‘rnini egallashi taxmin qilingan edi. Hozircha, Kristian o‘z imkoniyatlarini 100 foiz ko‘rsatib berdi, deb bo‘lmaydi. Qahramonimiz endigina 23 yoshga qadam qo‘ydi. Unda o‘zini to‘liq namoyish etish uchun etarlicha vaqt mavjud.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!