Arne Slot “Liverpul”ning alamli mag‘lubiyatiga kim aybdor ekanini aytdi
Angliyaning amaldagi chempioni “Liverpul” to‘qqizinchi turda “Brentford” mehmoni bo‘lib, kutilmaganda raqibga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Arne Slot shogirdlari Premer-ligada qatorasiga to‘rtinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
Uchrashuvdan keyin liverpulliklar bosh murabbiyi o‘yin borasida fikr bildirib, hakamning qarorlari natijaga ta’sir o‘tkazganini iddao qildi.
- Bu Liverpulga kelganimdan beri eng og‘riqli mag‘lubiyatlardan biri bo‘ldi. Beshinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin 20-25 daqiqa haqiqan zo‘r o‘ynadik. Florian Virtsda gol urish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Bunaqa vaziyatlar gol urib, o‘yinga qaytib olish va futbolchilarning energiyasini oshirishga xizmat qilishi kerak.
30-daqiqadan keyin raqib yana tashabbusni o‘z qo‘liga oldi.
Uchrashuvning eng muhim vaziyati ular ikkinchi golini urishdan oldin yuzaga keldi. O‘sha pallada Kodi Gakpo raqib jarima maydonchasiga kirganida unga qo‘pollik bo‘ldi. Mana shu holat va bizning davrozaga belgilangan penaltini ko‘rib chiqilsa, dunyodagi har qanday hakam Kodi ishtirokidagi epizod uchun nuqtani ko‘rsatgan bo‘lardi.
Omadsizligimiz shundaki, hakam avval-boshdan biz tomon penalti bermoqchi emas, u jarima zarbasi belgilamoqchi bo‘ldi. Biroq VAR fol jarima maydonchasi ichkarisida bo‘ldi va penalti berilishi shart, deb baholadi.
Aslida biz bugun o‘ynagandek bo‘sh harakat qilsang, bunaqa muvaffaqiyatsizlar kelib chiqaveradi, - dedi Arne Slot.



Fikrlar