
“Arsenal” “Barselona” yarim himoyachisini nishonga oldi
Londonning “Arsenal” klubi “Barselona” yarim himoyachisi hisoblangan Frenki de Yong uchun kurashga kirdi.
Xabaringiz bor, kataloniyaliklar niderlandiyalik futbolchining jarohatga moyilligi sabab, qishki transferlar oynasida takliflarni ko‘rib chiqmoqchi edi. Biroq, jamoa bosh murabbiyi Xans-Diter Flik o‘yinchiga ishonch bag‘ishlab, klubda olib qolishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, klub mutasaddilari navbatdagi transferlar oynasida Frenkini qo‘yib yuborishi mumkin.
“Daily Mirror” nashrining yozishicha, hozirda Mikel Arteta boshchiligidagi “kanonirlar” futbolchi atrofidagi vaziyatni o‘rganmoqda. Garchi klub yozda hujum chizig‘ini kuchaytirishni o‘ylayotgan bo‘lsa ham, Tomas Partiga o‘rinbosar izlashni boshlab yuborgan. Manbaga ko‘ra, “to‘pchilar” uchun de Yong eng yaxshi variant sifatida ko‘rilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 27 yoshli havbek joriy mavsum “ko‘k-anorranglilar” safida 25 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 45 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar