Asabiy "Navbahor", "qora tulpor" "Sug‘diyona" va suv ostidagi "ajdar!" Kimda yarim finalga chiqish imkoniyati yaxshiroq?

  • 26 avgust, 2022, 23:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha O‘zPFL O‘zbekiston kubogiga qur’a tashlash marosimini o‘tkazdi. Unga ko‘ra, 8 jamoa chorak finaldagi raqiblari kim ekanligini bilib oldi. SPORTS.uz bizni oldinda kutayotgan o‘yinlarda qaysi klublar favorit ekanligini taxmin qilib ko‘radi. Xo‘sh, sizningcha qaysi jamoa yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqinroq turibdi?

"Nasaf" - "Lokomotiv"

"Ajdarlar" biroz relsdan chiqqan vagonlarni to‘xtatishga qodir

G‘alaba qozonish imkoniyati: "Nasaf" - "Lokomotiv" - 70:30.

Berdiyev23

Ushbu uchrashuv kartinasi Denis Korostichenkoning iste’fosidan so‘ng keskin o‘zgarib ketishi aniq. Bizga ma’lum bo‘lishicha, o‘zimizning "Klopp" jamoa postini topshirishni istamagan. Hatto, o‘zini ishda qolishi uchun kubok bahsida "Bunyodkor" ustidan g‘alaba qozonishga va’da ham bergan. Rahbariyat omadli yurishga qaramay, yakunda Korostichenkoni ortga qaytarib, Server Jeparovni jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Moliyaviy qiyinchilikni sezayotgan "temiryo‘lchilar" Korostichenkoga qaraganda bir necha barobar ko‘proq maosh so‘ragan Server varianti tanlangani biroz tushunarsiz.

Ro‘ziqul Berdiev jamoasi esa boy berilgan ochkolarni o‘rnini g‘alabalar bilan to‘ldirishni boshlab yuborgan. So‘nggi o‘yinlarda "Nasaf" deyarli to‘xtatib bo‘lmas kuchga aylanib borayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Qarshida bo‘ladigan bahsning qadri juda baland. Kubokdagi g‘alaba kelasi mavsumda OChL yo‘llanmasini taqdim etadi. Shunday ekan, nafaqat Superliga, balki kubok o‘yinlarida ham "Nasaf" bor kuchini ishga solishiga shubha yo‘q.

"Loko" yangi murabbiy qo‘l ostida qanday to‘p tepishi noma’lum. Ammo hozirda "Nasaf" O‘zbekistonning eng kuchli jamoaviy o‘yiniga ega klubi bo‘lib turibdi. Ijrochilar borasida ham "temiryo‘lchilar"da ustunlik yo‘q. Shunday ekan, katta ehtimol bilan yarim finalning ilk ishtirokchisi Qarshi klubi bo‘ladi.

"Andijon" - AGMK

"Burgutlar"ning tishi "konchilar"ga o‘tmasa kerak

G‘alaba qozonish imkoniyati: 40 : 60

qosimov22

Kumikov boshqaruvidagi "Andijon" joriy mavsumni juda yuqori tempda o‘tkazmoqda. Pro-ligada uzoq ta’qibdan so‘ng "Turon" mag‘lub etildi. Kubokda bu ish yana takrorlandi. Endi esa klub yarim final yo‘llanmasiga ega chiqish imkoniyatiga ega. Lekin chorak finaldagi raqib juda xavfli.

Mirjalol Qosimov allaqachon printsipial raqibga aylanib ulgurgan "Metallurg"ni engib, haqli ravishda kuchlilar qatoridan o‘rin egalladi. Mavsum boshida olmaliqliklar asosiy frontdagi pozitsiyasini boy berib qo‘yganini ko‘rdik. Superligadagi ketma-ket yo‘qotilgan ochkolar "konchilar"ning chempionlik poygasidan tushib qolishini ta’minladi. Mirjalol Qo‘shoqovich mavsumni qutqarib qolish uchun oldindagi 3 ta o‘yinda g‘alaba qozonish kifoya bo‘lishini yaxshi sezib turibdi.

"Andijon" aslida bu o‘yinda yaqqol autsayder. Biroq bahs o‘z maydonida o‘tayotgani qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi. Hozir, "burgutlar" AGMKni taslim etish darajasida kuchli emas, ammo stadiondagi atmosfera "mo‘jiza" yaratmaydi, deb hech kim kafolat ham bera olmaydi.

"Navbahor" - "Paxtakor"

"Titanlar to‘qnashuvi"

Imkoniyatlar: 50:50

SHatskih

Mana buni haqiqiy triller desa bo‘ladi. Avvaliga Superliga doirasida bo‘lib o‘tadigan "Navbahor" - "Paxtakor" to‘qnashuvi "yil o‘yini" deb atalgan edi. Kubokdagi uchrashuvni "titanlar jangi" deb nomlaymiz. Har xolda, ancha yillardan beri bunday printsipial raqiblar manfaati o‘zaro o‘yinda to‘qnash kelmagan edi.

Bu bahs favoritini aniq hech kim ayta olmasa kerak. Barchasi ikki jamoaning qay darajada o‘z o‘yinini raqibga o‘tkazishiga bog‘liq. Vadim Abramov aytganidek, istalgan raqib siz taqdim etgan o‘yindan kelib chiqib futbol ko‘rsatadi. "Navbahor" o‘zining kuchli pressing va pragmatik futbolini o‘rtaga tashlasa, "Paxtakor" klass evaziga butun o‘yinni "kontrol" qilishga urinadi. O‘yindan tashqari omillarning barchasi "Navbahor" foydasiga ishlashi aniq. 25 mingdan ortiq muxlis "sherlar"ga yaxshigina bosim o‘tkazishi turgan gap.

Kubokdagi o‘yinning borishi bir necha kun avval bo‘lib o‘tgan Superliga doirasidagi bahs natijasi qanday bo‘lishi bilan chambarchas bog‘liq. Agar "Navbahor" "yil o‘yinida" g‘olib chiqsa, "titanlar to‘qnashuvi"da ancha xotirjamroq harakat qilishi, bemalol o‘zi uchun qulay bo‘lgan 2-raqamda to‘p tepishi mumkin. Agar "sherlar" liga doirasidagi o‘yinda zafar quchsa, ikkinchi o‘yinda raqibni o‘z uslubiga zid tarzda harakat qilishga majbur qilishi mumkin.

"So‘g‘diyona" - "Qizilqum"

Juda ahil kollektiv biroz tarqoq yulduzlarga qarshi

G‘alaba qozonish imkoniyati: 55:45

Sugdiyona2

"Bo‘rilar" hozir shunchaki super formada. Jamoa chempionatda ham, OFK kubogida ham ancha dadil odimlamoqda. O‘zi ishtirok etayotgan musobaqalarning uchalasida ham "qora tulpor" maqomida ishtirok etayotgan Baqoev shogirdlariga qur’a ancha omadli keldi. Birinchi navbatda chorak final uchrashuvi Jizzaxda bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, "Paxtakor", "Nasaf", "Navbahor" singari raqiblarni chetlab o‘tib, "Qizilqum" bilan to‘qnash kelish imkoniyati paydo bo‘ldi.

"So‘g‘diyona" va "Qizilqum" mavsumni bir xil tempda boshlaganiga qaramay, hozirga kelib ikkisi turlicha ko‘rinishda. "Bo‘rilar" ancha jipslashgan vaziyatda kurash olib borayotgan bo‘lsa, "Qizilqum"da ichki nizolar bor ekanligi haqidagi mish-mishlarni eshitib turibmiz. Agar ruhiy holatdan kelib chiqib fikrlasak, yuqorida qayd etilgan ikki aspekt sababli imkoniyat "So‘g‘diyona"da yaxshiroq.

Nikola Lazarevich jamoasini o‘yinga yaxshi tayyorlay olsa, "oltin izlovchilar" Jizzaxda "jang" taklif qilishi hech gap emas. Umuman olganda, nomlar borasidagi boshqa o‘yinlardan orqada qolsa-da, chorak finaldagi eng tomoshabop uchrashuv aynan shunisi bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Qani ko‘raylikchi, "So‘g‘diyona" kubokdagi g‘alabaga qay darajada tayyor? Yoki "Qizilqum" o‘zi haqidagi barcha mish-mishlarga ketma-ket g‘alabalar bilan chek qo‘yadimi? Voqealar rivojini SPORTS.uz da kuzating!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
● 10 ●
27/08/2022 06:56
Яхши макола чикибди. Хар бир жамоага унинг имкониятидан келиб чикиб алохида ёндошув, алохида таъриф, алохида ургу берилган. Муаллифга алохида рахмат.
Жабборов Ахмаджон
02/09/2022 18:28
Насафни устунлиги ўйинчилари ёшлигида. Қизилқуммни муамоси яҳши ўйнамаслигида. Навбаҳорни ўйинида ҳакамга инсоф берсин. Андижонни муамоси фақат ғалаба қилиш. Бизни муамойимиз ҳаяжонламай ўйини кўриш.