
"Aslida bu yil O‘zbekistonga qaytish rejamda yo‘q edi" yoxud Gruziyadagi legionerimiz endi Superligada o‘ynaydi
Gruziya chempionatida to‘p surayotgan yagona legionerimiz Murod To‘ychiboev klubini o‘zgartiryapti.
Mavsum boshida Kutaisining “Torpedo” klubiga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz u erda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi va doimiy ravishda jamoasining asosiy tarkibidan joy olib keldi.
Shunga qaramay, iqtidorli himoyachi boshqa jamoada to‘p surishga qaror qildi. U endi o‘zimizning Superligaga qaytyapti.
Gruziyadagi faoliyati qanday kechdi?
- Gruziyaga kelishim bir tomondan menga juda yaxshi bo‘ldi. Bu orqali statistikamni bir muncha yaxshilab oldim. Baribir Evropa futboli boshqacha ekan. Har jihatdan, o‘yin tomonlama, ichki muhit, futbolga bo‘lgan e’tibor borasida hammasi yuqori darajada. Bu erga kelganimdan meni juda yaxshi kutib olishgan. Mashg‘ulotlar va o‘yinlar orqali o‘zimni ham yaxshi tomondan ko‘rsatishga harakat qildim. Shuning evaziga murabbiylar va futbolchilar bilan ham yaxshi til topishib ketdim. Bu erdagi insonlarga, jamoadoshlarim va murabbiylarga katta rahmat aytaman. Menga Gruziya davlati va “Torpedo” klubi yoqdi. Taassurotlarim ko‘p, hammasini aytsam gap tugamaydi. Men uchun yarim yil zo‘r o‘tdi.
Qanday qiyinchiliklarga duch keldi?
- To‘g‘ri, Gruziyaga borgan ilk paytimda ozgina qiynalganman. Qaysi tomonlama? U erda bir o‘zim edim. Xonada ham yolg‘iz bo‘lgandim, sherigim bo‘lmasdi. Keyinchalik jamoaga moslashdim, futbolchilar bilan yaxshi chiqishib ketdim. Natijada jamoadoshlarim tez-tez xonamga kelishardi va meni zeriktirmasdilar. Klubdagi yigitlarni ko‘ngli ochiq, yaxshi futbolchilar. Bosh murabbiy bilan ham munosabatim juda yaxshi. Aynan u ko‘proq meni qo‘llab-quvvatlardi. Gruziyani odamlari mehmondo‘st, sira yomon ko‘z bilan qaramaydi. Keyinchalik yonimga oilam keldi. Shunday qilib, hammasiga tez moslashib ketdim. Ortiqcha qiyinchilik ko‘rmadim deb o‘ylayman.
Nega Tailandga ketmadi?
- Ha, xizmatimga Tailanddan taklif bo‘ldi. Agentim menga aloqaga chiqib, o‘sha erni klubidan chorlov bo‘layotganini aytdi va nima deysan, borasanmi, deb so‘radi. Albatta, Tailand varianti bo‘yicha fikrim ijobiy edi. Chunki ajoyib mamlakat, to‘lovlari ham yaxshi. Ammo keyin o‘ylab qarasam, meni taklif qilayotgan jamoa ikkinchi ligada qatnashardi. Men esa Superligasida o‘ynashni xohlagandim. Ikkinchi ligasiga borgim kelmadi. Shu bois bu taklifni bekor qildik. Evropa chempionatlarining birida asosiy ligasida o‘ynab turib, Osiyoning ikkinchi ligasiga borib to‘p surish noto‘g‘ri deb o‘yladim. Shu bois bu borada tanlagan qarorim to‘g‘ri bo‘ldi deb o‘ylayman.
O‘zbekistondan tushgan takliflar haqida
- “Torpedo” klubi bilan hali kelishuvimiz bor. Bir yilga shartnoma tuzganman. Xudoga shukr, bu erda yomon bo‘lmadim. Yangi do‘stlar orttirdim. Tajribamni oshirdim. Baribir qachondir O‘zbekistondan taklif tushsa, o‘zimizga qaytib o‘ynashni dilimga tugib qo‘ygandim. O‘zbekiston Superligasida oxirgi marta adashmasam uch yil oldin o‘ynadim, shekilli. Menga o‘zimizdan takliflar bo‘lib turibdi. Xabaringiz bor, “Andijon” aloqaga chiqdi. Bu tomondan esa “Surxon”. Futbolchini qaysi taklif qoniqtirsa, o‘sha erga borishni istaydi. Xudo xohlasa, “Surxon” jamoasi bilan kelishuvga erishdik. Ota-onamni yonida, vatanimda yana bir bor o‘zimni ko‘rsatish niyatim bor. “Surxon”ni tanlaganim noto‘g‘ri qaror deb o‘ylamayman.
Superligamiz xususida
- To‘g‘ri, Gruziyada o‘ynadim, ammo bu hali etarli deb hisoblamayman. Kelajakda bundan ham kuchliroq chempionatlarda to‘p surish niyatim bor. Albatta, O‘zbekiston chempionatida to‘p surishni istayapman. Har xolda o‘z vataningizda, yaqinlaringiz yonida bo‘lasiz. O‘zimizni chempionatimiz ham yaxshi, yomon emas. Uch yil chetda yurdim. Baribir ota-ona va yaqinlaringizni sog‘inasiz. Hayot tarzini o‘zgartirib, yarim yil bo‘ladimi yoki bir yilmi, o‘zimizni chempionatda to‘p surishni xohladim. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Nega “Surxon”ni tanladi?
- Aslini olganda, bu yil O‘zbekistonga qaytish rejamda yo‘q edi. Bu narsa to‘satdan bo‘lib qoldi. Birinchi bo‘lib menga “Andijon” jamoasi aloqaga chiqdi. To‘g‘risi, ular bilan bir to‘xtamga kela olmadik. “Surxon” jamoasi ham menga aloqaga chiqdi. O‘ylab qarasam, bu klubni vaziyati “Andijon”nikiga qaraganda yaxshiroq. Shu sababli “Surxon”ni tanladim. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi va jamoaning g‘alabalariga hissamni qo‘shmoqchiman.
“Torpedo”dan ketishi qiyin kechmadimi?
- Gruziya klubi bilan shartnoma imzolayotganimda kelishuv bo‘lgan. Agar ikkinchi davrada menga yaxshiroq variant chiqsa, ketishimga qarshilik ko‘rsatmaysizlar, degan og‘zaki kelishuvimiz bor edi. Rahbarlar va murabbiy bilan shunday kelishganmiz. Yuqorida aytdim, bosh murabbiy bilan munosabatim juda yaxshi. Shu bois “Torpedo”dan ketayotganim qiyin bo‘lmadi. To‘g‘ri, klubdagilar meni qolishimni istadi, jamoa uchun kerakli futbolchiligimni aytdilar. Jamoamning barcha o‘yinlarida ishtirok etib kelayotgandim. Shuning uchun ketishimni istamagandilar. Ammo hayot shunaqa. Hali hammasi oldinda.
Oylik maoshlar o‘rtasida farq kattami?
- Oylik maoshlarga kelsak, “Torpedo”ga qaraganda,” Surxon” klubi menga ko‘proq to‘laydigan bo‘ldi. Lekin men Termiz jamoasiga birinchi navbatda pul uchun kelayotganim yo‘q. Aksincha, yuqorida aytganimdek, ota-onamni yonida bo‘lgim keldi. Gruziyada maoshlar har xil. Futbolchilarga ish haqlarini ko‘p va oz to‘laydigan klublar bor. Bizning jamoa – “Torpedo” bu borada o‘rtamiyona edi. Kutaisida qancha oylik maosh olganim sir bo‘la qolsin. Ammo sharoitlar yaxshi edi, men ulardan roziman.
Unga Gruziyadan yana taklif bo‘ldimi?
- Ha, albatta menga Gruziyadan taklif bo‘ldi. “Telavi” degan klubi qiziqish bildirdi. Ammo menga O‘zbekiston ma’qul. Bu hozircha, keyinchalik yana Gruziyaga qaytib futbol o‘ynash niyatim bor.
Yangi klubiga qachon qo‘shiladi?
- Toshkentga 23 iyul kuni qaytaman. Klubga kelsak, “Surxon”ning maqsadi katta. Avvalambor jamoani Superligada saqlab qolish asosiy vazifa hisoblanadi. Chunki “Surxon”ning to‘plagan ochkosi u qadar ko‘p emas. Hamma o‘yinda bor kuchim bilan o‘ynab, jamoamga foydam tegishini xohlayman.
Fikrlar