"Aslida penaltini boshqasi tepishi kerak edi". 11 metrdan gol urolmagan Ubaydullaev bosh murabbiyni ranjitdi...mi?

  • 10 sentabr, 2022, 13:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsum boshidan beri qiyin damlarni o‘tkazib kelayotgan Farg‘onaning “Neftchi” klubi ilk bor ketma-ket ikkita o‘yinda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. 17-turda “Qizilqum” 2:1 hisobida taslim etildi. 18-turda esa safarda “Bunyodkor”ni ham yana shu hisobda engdi. Yana bir gap: “Neftchi” bu yil ilk bor mehmonda uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Tecno

Yangi bosh murabbiy Vitaliy Levchenkoning uslubi asta-sekin o‘z samarasini berishni boshlagandek. Yaqinda klub rahbariyati jamoa a’zolari bilan yana tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazgani yodimizda. Bu ham qaysidir ma’noda jamoaga yaxshi tomondan ta’siri sezilmoqda. Orada “Neftchi” ketma-ket uch marta durang ham o‘ynadi. Hozircha Levchenko “Neftchi” boshqaruvi ostida 4 ta uchrashuvda qatnashdi. Natijalar shunday: 2 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat.

“Bunyodkor”ga qarshi o‘yin shuni ko‘rsatdiki, “Neftchi” o‘yinida nimadir bor. Har holda jamoa 1:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan chiqib keta oldi va yakunda 2 ta gol urdi. Turdan-turga jamoa o‘yini o‘zgarib bormoqda. Oldingidek shijoatsizlik ko‘rinmayapti. Agar “Bunyodkor”ga qarshi o‘yini tahlil qilinsa, himoyadan hujumga o‘tishda tezkorlik ko‘zga tashlandi va kombinatsiyalar ham yaxshi shakllanyapti. Bunda Lutfulla To‘raev asosiy rolda.

shaxzod_1

Ammo “Bunyodkor” bilan bahsda “Neftchi” ruhiy tomondan “sinib” qolishi ham hech gap emasdi. Gap shundaki, “Qaldirg‘ochlar” uchrashuvni yaxshi boshlashdi va legioner o‘yinchisi Pobulich hisobni ochdi. O‘yinning kulminatsion nuqtasi birinchi bo‘lim oxirlarida yuz berdi. 45+2-daqiqada “Bunyodkor” darvozasi tomon penalti belgilandi. “Neftchi” hujumchisi Shahzod Ubaydullaev bu ishni bajardi. Ammo gol urolmadi. Bundan Vitaliy Levchenko juda darg‘azab bo‘ldi. Lekin Ubaydullaevning baxtiga jamoadoshlari oxirigacha kurashishgani evaziga bo‘limning oxirgi soniyalarida gol urib hisobni tenglashtirishdi. Bosh murabbiyning e’tirozidan so‘ng tanaffusdan keyin Shaxzodni o‘yindan olsa kerak deb o‘ylagandik va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda Mirzohid G‘ofurovning ajoyib goli evaziga “Neftchi” g‘alabani ilib ketdi.

Sal qolsa, Ubaydullaevning penaltidan foydalana olmagani jamoaga ta’sir qilishi mumkin edi, ammo farg‘onaliklar vaziyat bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. Shahzod Superligada 3 ta va Kubokda 1 ta gol urdi. Superligadagi gollarini u asosan penaltidan urgan. Bundan tashqari, amalga oshirilmagan penaltilar ham bor. Abror Ismoilov bilan Sirojiddin Qo‘ziev xam 11 metrlik jarimadan gol ura olishmagan. Bu holat Ubaydullaevda ikki marta yuz berdi. Bundan avval 15-turda “Neftchi”ning “Paxtakor”ga qarshi o‘yinida ham Shahzod penaltidan foydalana olmagandi. Demak, u ketma-ket ikkinchi marta penaltidan gol ura olmadi. Yuqorida bejizga to‘xtalmadik, hujumchi “Bunyodkor”ga penaltidan gol ura olmagach, shundan keyin birinchi bo‘limdan so‘ng almashtirib yuborildi.

levchenko_1

“Neftchi” ustozi Levchenko bilan o‘yindan keyin aynan penalti masalasida gaplashdik. O‘sha 11 metrlik jarimadan gol ura olmagach, murabbiyning e’tirozga berilishi va tanaffus vaqtida uni almashtirib yuborishi bizda ayrim taxminlarni keltirib chiqardi. Natijada bu masalada murabbiyning fikrlarini bilishga qiziqdik.   

“Aslida penaltini boshqa o‘yinchi tepishi kerak edi. Lekin men uni boshqa sabab bilan zaxiraga oldim. Chunki menga oldingi chiziqda tajovuzkor va pressing kerak. Afsuski, biz boshida mana shu jihatlarda oqsadik. Shu sababdan ham Ubaydullaevni almashtirdim.

O‘yin oson kechgani yo‘q. 11 metrli jarima to‘pidan foydalana olmaganimizdan keyin ham o‘yin nazoratimizni qo‘limizga oldik va o‘yinni o‘zimiz xohlagan darajada tashkil qila oldik”, - deydi Levchenko.

“Neftchi”da endi aftidan penaltini amalga oshirish uchun boshqa o‘yinchiga imkoniyat beriladi. Bunga qadar Ubaydullaevdan tashqari Abror Ismoilov bilan Sirojiddin Qo‘ziev ham penaltidan foydalana olmagandi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, endilikda Lutfulla To‘raev penaltilarni o‘zi amalga oshiradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!