
"Asosiysi, jamoamga pand berib qo‘ymadim" yoxud Gruziyaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri O‘zbekiston chempionatidagi debyuti haqida nimalarni aytdi?
Xabaringiz bor, “Andijon” klubi chempionatni juda yoqimli tarzdagi g‘alaba bilan boshladi. Safarda “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda yagona gol evaziga qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdilar.
Mazkur uchrashuvda andijonliklar safida bir qator yangi o‘yinchilar debyutini o‘tkazdilar. Jumladan, gruziyalik yarim himoyachi Nodari Kavtaradze ham to‘p surdi. Aytish lozimki, ushbu legioner ilk o‘yini bo‘lishiga qaramay, o‘zidan ancha iliq taassurot qoldirdi.
O‘z qanotida raqib o‘yinchilarini shoshirib qo‘yganiga ham guvoh bo‘ldik. Natijada Kavtardazega bir qator savollar bilan murojaat qilishimizga to‘g‘ri keldi.
- Bu muhim g‘alaba ayniqsa, chempionat startida qo‘lga kiritilgani buning ahamiyatini ancha oshiradi. Boz ustiga o‘zbek chempionatida debyutingizni o‘tkazdingiz. Ayting-chi, ayni damda dilingizdan nimalar kechmoqda?
- Birinchi navbatda “Andijon” jamoasining barcha muxlislarini ushbu g‘alaba bilan tabriklayman. Bilishimcha, bu tarixiy yutuq. Bevosita o‘yinga kelsak, biz bu raqibga qarshi to‘p surishga tayyor edik. “Nasaf”ning qanday o‘ynashi haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish bilan birga murabbiyning barcha ko‘rsatmalarini bajardik. Yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanib gol urdik. O‘zbekiston chempionatidagi debyutimga kelsak, asosiysi, ijobiy natijaga erishib, uchrashuvni yutdik. Chempionatingiz juda yaxshi. Mezbon “Nasaf” ham ko‘pchilik ta’kidlaganidek kuchli klub ekan. Ammo yana qaytaraman: biz barcha ko‘rsatmalarni bajarib haqli ravishda qimmatli uch ochkoga ega bo‘ldik.
- O‘yindagi bir qancha vaziyatlarga to‘xtalsak. Unda kurash, his-hayajon, o‘ziga yarasha asabiylik...Bu narsalar haqida nima deya olasiz?
- Albatta, bo‘lib o‘tgan o‘yin haqida ancha gapirish mumkin. Ko‘pchilik ta’kidlab o‘tganidek, “Nasaf” juda ham tajovuzkor jamoa ekan. Biz murabbiyning ko‘rsatmalarini amalga oshirish asnosida unga bizni maydonning o‘z qismimizda yopib qo‘yish imkonini bermadik. Shu boisdan ham mezbonlar asabiylashgan holda to‘p surishdi. Bunday paytlarda hayajon va ehtiroslar vujudga kelishi aniq. Shu sababli ham raqib tomonidan ba’zi vaqtlarda qitmirona, bizni ruhiy muvozanatdan chiqaradigan xatti-harakatlar kuzatildi. O‘z navbatida biz “Andijon” futbolchilari ham shuning evaziga ancha asabiylashishimizga to‘g‘ri keldi. Eng asosiysi, debyut uchrashuvimda jamoaga pand berib qo‘ymadim. Bu mening yangi klub safidagi birinchi o‘yinim edi. Bunisi unchalik muhim emas. Biz Qarshiga haqiqiy o‘yin namoyish etish maqsadida tashrif buyurgandik. Futbol - ehtiroslarga boy o‘yin. Buning isbotini ham ko‘rdik.
- Yagona golni Sardor Abdunabiev kiritdi. Uning urgan goliga qanday ta’rif berasiz?
- Raqib darvozasiga urilgan gol juda chiroyli chiqdi. Hamma Sardorni bu goli uchun qutladi va minnatdorlik bildirdi. U juda o‘tkir burchakdan zarba berib, darvozani aniq nishonga ola bildi. Mashg‘ulotlar chog‘ida ham u mana shunday nuqtalardan zarba berish ustida ishlaydi. Biz buni bilardik. O‘yindagi yagona goli yana qaytaraman: juda ham chiroyli chiqdi.
- Agar adashmasam, bundan ikki yil muqaddam Gruziyada mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan ekansiz...
- Ha, rost. O‘shanda men “Dinamo” Tbilisi safida mamlakat chempioniga aylangandim. Gazeta nashri meni mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida topgandi. Bu mening “Dinamo”dagi ikkinchi mavsumimda yuz bergan.
- O‘zbekiston va Gruziya chempionatlari haqida qanday fikr bildirgan bo‘lardingiz?
- Gruziyada O‘zbekistonga nisbatan ko‘proq texnik futbolga urg‘u beriladi. To‘p asosan erlatib o‘ynaladi. O‘yinlar chog‘ida kurash juda qizg‘in kechadi. Jumladan, ikkinchi qavatda ham ancha shiddatli kurashlar yuzaga keladi. Albatta, Gruziya chempionati o‘zi xos. Ammo O‘zbekiston chempionati ham sodda, oson deya olmayman. Men bunga “Nasaf”ga qarshi o‘yindagi ishtirokim orqali bemalol O‘zbekiston chempionatining saviyasi ancha baland deya javob bergan bo‘lardim. Stadionlar yaxshi holatda, ayniqsa, muxlislaringizga gap bo‘lishi mumkin emas. Meni ayniqsa, “Andijon” klubimiz ishqibozlarining jamoani zo‘r berib qo‘llashlari hayratga soldi. Biz ularni xursand qilish uchun maydonga tushamiz. Istardimki, uy o‘yinlarimizni o‘tkazadigan stadion ham tezroq ishga tushsin va muxlislar bilan to‘lsin.
- “Nasaf”ga qarshi o‘yinning ertasiga bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning tug‘ilgan kuni edi. Debyutingiz oldidan bu haqida bilarmidingiz? Boz ustiga jiddiy raqib ustidan qozonilgan g‘alaba uning tug‘ilgan kuniga juda yaxshi sovg‘a bo‘ldi...
- Rostini aytsam, ko‘pchiligimiz bosh murabbiyning tug‘ilgan kuni o‘yin ertasi kuni bo‘lishini bilmasdik. Gapingiz rost, ushbu g‘alaba uning tug‘ilgan kuni uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Unga fursatdan foydalangan holda sihat-salomatlik va keyingi ishlarida ham omad yor bo‘lishini tilab qolaman.
- Yangi jamoangizda moslashish jarayonini qanday o‘tkazyapsiz yoki moslashib bo‘ldingizmi?
- Matbuotga bergan intervyuimda bu erdagi yigitlar meni juda yaxshi kutib olishgani haqida alohida aytib o‘tganman. Aytishim kerakki, yangi klubga moslashib olishim uchun menga ko‘p vaqt kerak bo‘lgani yo‘q. Buning uchun barcha murabbiylar shtabi vakillari va jamoadoshlarimdan minnatdor bo‘lmog‘im kerak. Umuman aytganda, bu erga tezroq moslashishimda rahbariyatning, jamoadagi ishlayotgan boshqa xodimlarning ham hissalari o‘ziga yarasha bo‘ldi, deyishim kerak. Ayniqsa, biz legionerlar uchun bu juda muhim. O‘z navbatida legionerlar klub uchun boshqalardan ko‘ra ko‘proq ter to‘kib o‘ynashlariga to‘g‘ri kelishini his qilib turishadi.
- “Andijon” muxlislariga qanday gaplaringiz bor?
- “Andijon” ishqibozlariga tilaklarim shundan iboratki, ular safarda o‘ynagan paytlarimizda ham bizni yolg‘izlatib qo‘yishmadi. Umid qilamanki, uy o‘yinlarida ular stadionni to‘ldirib o‘tiradilar. O‘z navbatida biz nafaqat uy, balki safar uchrashuvlarida ham imkon qadar ijobiy natijalarga erishgan holda ularni xursand qilish uchun maydonga tushaveramiz. Hammalari sog‘-salomat bo‘lishsin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar