
Asror Aliqulov: "Futbolchilarimiz bunday o‘yinlarga tayyor emas"
Superliganing 15-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – OKMK (0:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov savollarga javob qaytardi.
- OKMK oxirgi turlarda g‘alaba qozona olmayotgandi. Ammo o‘yin darajasi bo‘yicha yaxshi futbol ko‘rsatyapti. Qisqa paslar, qanotlardan... Afsuski, o‘yinni yomon boshladik. Standartdan gol o‘tkazdik. So‘ng vaziyatni o‘nglashga harakat qildik. Keyin uyg‘ondik. Ikkinchi bo‘limda futbolchilar borini berishdi. Yaxshi hujumlar qildik, OKMK yaxshi himoyalandi. Aytish mumkinki, golga tortadigan vaziyatlar kam bo‘ldi. Oxirida mag‘lubiyatdan qutulib qolishimiz mumkin edi. Qaerdadir sovuqqonlik va mahorat etishmadi. Baribir o‘yin uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Ikkinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadik, bosim qildik. Afsuski, g‘alaba qozona olmadik.
- 5 ta himoyachi bilan o‘ynasanglarda OKMK standartdan gol urdi. Yozgi tanaffusda yaxshi himoyachilar olish rejasi bormi?
- Hamma vaqt selektsiya, yaxshi himoyachi zarur. Superligaga aynan yaxshi himoyachi, o‘yinni boshqara oladigani kerak. Ikkinchi qavatda o‘ynay oladigan, hujum boshlay oladigan va qarshi hujumga tayyor himoyachi zarur. Superliga talabi shunaqa. Biz ham shu tomonlama ishlayapmiz, ularni uyg‘otishga harakat qilyapmiz. O‘yindan oldin ko‘rsatmalar berishda kimlar o‘ynashini ismlarigacha aytganmiz. Bilmadim, qandaydir soniyalarda xushyorlikni yo‘qotdik va gol o‘tkazdik. OKMKdek raqibga qarshi bahsda ustunlik qilib, vaziyat yaratish oson emas. 5 himoyachi bilan o‘ynasak ham gol o‘tkazib yubordik.
- Murtazoev ko‘rinmadi. Hujumda qandaydir o‘zgarishlar qilish mumkinmidi?
- Zaxirada o‘tirgan hujumchi o‘yinni kuchaytira olmasligini bilardik. Bu saviyada OKMK himoyachilariga qarshi mahoratli futbolchi kerak. Xumoyunni oxirigacha ushlab turdik, qandaydir vaziyat yaratishi mumkin deb. Himoyaga yordam beradigan yaxshi saviyali yarim himoyachilar ham kerak. Ustunlik qilish uchun bizga saviya etishmagan bo‘lishi ham mumkin. Futbolchilarimiz bunday o‘yinlarga tayyor emas. Faqat Humoyunni emas, hammani ayblasak to‘g‘ri bo‘ladi.
- To‘xtaboev kam o‘yinlarda maydonga tushib ko‘p gol o‘tkazib yubordi. Yangi posbon taklif qilish rejangiz bormi?
- Rejamiz bo‘yicha darvozabon olishimiz kerak edi. Bir darvozabonni qo‘yib yuborib, uchinchisini olish taklifini berdik. Biroq rahbariyat unga ham imkoniyat berishga qaror qildi. Doston o‘yiniga kelsak, baribir unda “Mash’al”gacha Superligadagi o‘yinlari soni kam. Unga bir xillik etishmayapti. Yaxshiroq o‘yin ko‘rsatsa keyingi uchrashuvda yana ishonch bildirsak, o‘zini yo‘qotib qo‘yyapti. Ruhiyat tomonlama Superliga bosimini ko‘tara olmayapti.
- Ikkinchi taym boshida Salifuni maydonga tushirdingiz. Birinchi paslari bilan o‘zgarish qila oldi. Qanot o‘yinchilarini birga-bir vaziyatlarga chiqardi. Uni uchrashuv boshidan tushirishni o‘ylab ko‘rganmidingiz? Jismoniy holatida muammo bormi? Nega boshidan imkoniyat bermayapsiz?
- Taktik tomonlama himoyalanayotgan paytimizda unda muammolar bor. To‘p bizda bo‘lganida unda to‘p nazorati yaxshi. Ikkinchi bo‘limda tushirganimiz, Sherzod Fayziev sariq kartochka olgandi va yana olishi mumkin edi. OKMK futbolchilari ancha tezkor. Salifuga tezkorlik etishmaydi. Imkon boricha yoshroq va bo‘shliqlari yopadigan o‘yinchilarni tushirib, qaysidir vaqtdan keyin kuchaytirish maqsadida ayrim yigitlarni zaxirada olib qolgandik.
Fikrlar