
Asror Aliqulov: "Ko‘proq to‘psiz o‘ynadik, raqib kuchlimi, himoyalanishni ham bilishimiz kerak"
“Mash’al” klubi bu turda Termizda nominal mezbon sifatida maydon egalari hisoblangan “Surxon”ga qarshi bahs olib bordi va unda hisob ochilmadi – 0:0. Bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov savollarga javob qaytardi.
- “Surxon” Superliga startini og‘irroq boshladi. Keyinchalik yaxshi natijalarga erishishga kirishdi. Yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. To‘p bilan eng ko‘p muomala qiladigan jamoalardan biri deyish mumkin. Jamoada to‘p nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Biz ham shunga yarasha tayyorlandik. Uchrashuvni yaxshi boshladik. Asta-sekin to‘p nazoratini “Surxon”ga berib qo‘ydik. Futbolchilarimizni “Surxon” tomonidan bo‘ladigan bosimga ham tayyorlagandik. Bu o‘yinda yarimta imkoniyat bo‘lishi mumkin edi va shunday ham bo‘ldi. Afsuski, gol ura olmadik. “Surxon” ham, biz ham yutib ketishimiz mumkin edi. Ko‘proq to‘psiz o‘ynadik. Bugungi mehnat uchun yigitlarga rahmat.
- Ikkinchi bo‘limdagi o‘zgarishlar bo‘yicha. Futbolchilar etarli darajada o‘zgartirilmadi. Bunga nima sabab edi?
- Bu birinchi navbatda o‘zimizni imkoniyatimizdan kelib chiqib. Ikkinchi sabab esa, “Surxon” futbolchilarining imkoniyatlari. Pozitsion o‘yin ko‘rsatmoqchi edik. Kim kimga qarshi o‘ynay oladi? Shuni ham hisobga oldik. Qiyin holatda edik. Shunga zaxiradan o‘yinchi tushirishimiz ham cho‘zildi. Har tomonlama o‘ylab, bu uchrashuvga mos keladigan futbolchilarni tushirdik.
- Sizni O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi ajoyib faoliyatingiz orqali ham yaxshi eslashadi. Har bir murabbiy o‘zi o‘ynagan pozitsiyaga ham e’tibor qaratadi. “Mash’al”ning o‘yinlarini kuzatadigan bo‘lsak, himoyada zaifliklar kuzatilmoqda. “Surxon”dagi ijrochilarning etishmasligi hisobiga gol urilmadi.
- “Surxon”da ijrochilar bor. Raqibning hujumlariga qarab himoyalanishga harakat qildik. Shuning uchun kam vaziyatlar bo‘ldi. Futbolchilarimiz “Surxon”ning qisqa paslari va tezkorlik bilan jarima maydoni ichiga kirishlariga tayyor edi. Saviyaga keladigan bo‘lsak, futbolchilarni kechroq yig‘dik. Juda ko‘p markaziy himoyachilarni almashtirdik. Bu tomonlama ham ishlayapmiz. Ulardan yaxshi va ishonchli o‘yin ko‘rsatishlarini kutamiz.
- Jamoaning maqsadlari qanday?
- Bu yangi jamoa. Tarkibda yangi o‘yinchilar ko‘p. Birinchi yilgi maqsad o‘z o‘rnini topish. Superligada o‘rnimizni saqlab qolishimiz kerak. Davralar oralig‘ida selektsiya ishlarini olib boramiz. Vazifani uddalay olsak, kelasi yili bizga ancha osonroq bo‘ladi.
- “Mash’al” o‘tgan turda “Sho‘rtan”ni mag‘lub etdi. Bugun ham jamoangiz qaysidir ma’noda o‘sha uslubda o‘ynadi. “Mash’al” ikkinchi raqamli bo‘lib o‘ynab, qarshi hujumlarda jazolayapti. Bu Asror Aliqulovning strategiyasimi yoki...
- Birinchi navbatda raqibga qaraymiz. Hujumkor o‘ynamoqchimiz, sizda yarim himoyada tezkor, tez fikrlaydigan o‘yinchilar kerak. Chunki qarama-qarshilikni hisobga olishimiz kerak. Bugun ham o‘yin startidan himoyaga yotmadik. To‘pni nazorat qilishga harakat qildik. O‘ylaymanki, dastlabki 10 daqiqada jamoa yaxshi ko‘rindi. Keyin to‘p nazoratini berib qo‘ydik va himoyalanishga majbur bo‘ldik. O‘yin startidan o‘z imkoniyatimizni ko‘ramiz. O‘yin davomida qanday ketishini kuzatamiz. Raqib kuchlimi, himoyalanishni ham bilishimiz kerak. Raqib ustunlik qilgani uchun ko‘p kuchimizni himoyaga qaratdik.
- “Mash’al” himoyalandi va qarshi hujumda o‘ynadi. Nima sababdan ikkinchi bo‘limda tezkor o‘yinchilar maydonga tushirilib, o‘yinga yangilik kiritilmadi?
- Tezkor futbolchilar-a? Bu bizda ham muammo. Texnik qobiliyati, tezkor futbolchilar kerak bo‘ladi. Yakka kurashlarda ham ustun bo‘lishi lozim. Qarshi hujumda o‘ynash uchun sizga tezkor futbolchilar zarur. Shuning uchun biz bor imkoniyatimizdan foydalanib futbol o‘ynadik.
Fikrlar