Asror Aliqulov: "Kubok kerak emas, degan fikr bo‘lmagan"

  • 15 aprel, 23:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi ilk o‘yinda “Mash’al” uyida “Sho‘rtan” bilan 0:0 hisobida durang qayd etdi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov qatnashdi.

Tecno

- Birinchi navbatda bu derbi. Ikkinchidan, o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishda rotatsiya qildik. Yosh futbolchilarni jalb qildik. Uchrashuv boshidan o‘yin nazoratini qo‘lga oldik, yaxshiroq ko‘rindik. Afsuski, qizil kartochkadan keyin maydonda 10 kishi qoldik. Shundan keyin ko‘p himoyalandik. Hujumlar uyushtirishga harakat qildik. Ammo uchrashuvning 80 daqiqasini bir futbolchi kam bo‘lib o‘tkazdik. Kamchiligimizni hisobga olganda, bir ochkoni yomon natija deb o‘ylamayman. Yigitlarga bugungi mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiraman.

- Deyarli asosiy tarkibdan foydalanmadingiz. Bu jamoani guruhdan 100 foiz chiqa olishiga ishonganingizmi yoki klubga Kubok bahslari kerak emasmi?

- Hamma vaqt kerak. Jamoadagi har bir futbolchini taklif qilganmiz va shartnomalar tuzganmiz. Barcha o‘yinchi jamoa sharafini himoya qilishi kerak. Kimlar maydonga tushsa ham har doim g‘alaba uchun harakat qilamiz. Bugun g‘alaba qozonish maqsadi qo‘yilgandi. Bizda rotatsiyalar bo‘ldi, “Sho‘rtan”da ham ayrim pozitsiyalarda rotatsiyalar yuz berdi. Biz tomondan hech qanaqa Kubok kerak emas, degan fikr bo‘lmagan.

- Guruhda “Sho‘rtan”ni hisobga olmaganda nisbatan kuchsizroq jamoalar tushib qoldi. “Olimpik” bilan “Ishtixon” bor. Ushbu o‘yinda esa kutilmaganda “Olimpik” “Ishtixon”ga yutqazib qo‘ydi. Ko‘rinib turibdiki, “Sho‘rtan” ham, “Mash’al” ham nisbatan ikkinchi tarkib bilan maydonga tushishdi. Lekin “Olimpik”ning mag‘lubiyatidan so‘ng sizda qandaydir xavotirli holatlar vujudga kelmayaptimi?

- O‘yin davomida hisobni bilganimiz yo‘q. Sizdan bildik. “Ishtixon”ni bilmaymiz, notanish jamoa. Hisobdan chiqarib bo‘lmaydi. Futbolda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Har bir jamoaga hurmat bilan qarash lozim. Tan olish kerak, boshqa guruhlarga qaraganda, bizniki ancha oson guruh. Ayrim guruhlarda esa Superliga grandlari o‘rin olishgan. Har bir uchrashuv oson kechmaydi. Keyingi o‘yinlarga ham munosib tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Maydonga tushirgan yosh futbolchilardan ko‘nglingiz to‘ldimi? Ulardan biri esa qizil kartochka oldi...

- Tayyorgarlik davomida ularga ancha e’tibor qaratdik. To‘p yo‘qotilgandan keyin uzun pas oshirildi. Yosh futbolchimizda ozgina kamchiliklar sezilib qoldi. Biz hujumda edik, to‘p yo‘qotdik, bitta pas bilan u ham pozitsiyasini yo‘qotdi. Raqib hujumchisini qochirdi, oxirgi fol. Qolgan futbolchilarga kelsak, 11 ga 11 o‘ynaganda barchasiga baho berish mumkin bo‘lardi. 10 kishi bo‘lib qolganimizdan so‘ng yigitlarimiz ko‘proq mehnat qilishdi, ko‘proq yugurishdi. Bo‘sh zonalarni yopishdi. Hech kimga e’tirozimiz yo‘q. Imkoniyat darajasida harakat qildik, deb o‘ylayman.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!